Inson huquqlari himoyachilari yana bong urdi

Isroil G‘azo sektori aholisi, xususan, bolalarni atayin och qoldirmoqda, ya’ni ochlikdan qurol sifatida foydalanmoqda. Defence for Children International va Doctors Against Genocide tashkilotlari tomonidan e’lon qilingan “Butun avlodlarning och qoldirilishi” hisobotida shunday xulosa ilgari surilgan.
Ko‘p yillardan buyon qamal sharoitida yashayotgan G‘azo sektori 2023 yil 7 oktyabr kuni urush boshlanganidan buyon oziq-ovqat, suv va dori-darmondan mahrum etilgan. Xalqaro insonparvarlik ko‘magi kiritilishiga esa Isroil armiyasi to‘sqinlik qilmoqda.
Hisobotda qayd etilishicha, oziq-ovqat taqchilligidan, ayniqsa, chaqaloqlar va surunkali xastaliklarga chalingan bolalar qattiq aziyat chekmoqda.
“Bolalar bo‘tqalari yo‘q, oziq-ovqat narxi qimmatlab ketgan, shifoxonalar vayron etilgan yoki qamalda. Ochlikdan azob chekayotgan bolalarni qutqarib qolish imkonsiz”, deyiladi tadqiqotda.
Inson huquqlari tashkilotlari xalqaro hamjamiyatni G‘azo sektoridagi gumanitar halokatga e’tibor qaratishga chaqirgan.
Avvalroq Amnesty International Isroilning G‘azo sektoridagi harakatlarini Falastin xalqiga nisbatan genotsid deb baholagan edi.
2024 yil iyun oyida esa BMT Isroilni bolalar huquqlarini poymol etuvchi va ularga zarar yetkazuvchi davlatlar ro‘yxatiga kiritdi. BMT bosh kotibining bolalar va qurolli ziddiyatlar masalalari bo‘yicha maxsus vakili Virjiniya Gamba tomonidan tuzilgan hisobotda G‘azo sektorida bolalarni o‘ldirish, o‘g‘irlash, kaltaklash, shuningdek, maktab va shifoxonalarga hujum haqida so‘z boradi.
Joriy yil may oyida Buyuk Britaniya, Fransiya va Kanada yetakchilari ham Isroilning G‘azo sektoridagi gumanitar vaziyat bilan bog‘liq harakatlarini keskin qoraladi va yahudiy davlati hukumatidan harbiy harakatlarni to‘xtatish hamda insonparvarlik ko‘magi o‘tkazishga ruxsat berishni talab qildi.
“Biz Isroilning G‘azo sektorida harbiy amaliyotni kengaytirish rejasiga qat’iy ravishda qarshimiz. G‘azodagi insoniy uqubatlar darajasi toqat qilib bo‘lmas holga chiqdi. Isroil kuni kecha G‘azoga minimal miqdorda oziq-ovqat kirishiga ruxsat berishi haqida bayonot berdi, bu mutlaqo yetarli emas. Biz Isroil hukumatini G‘azo sektorida harbiy amaliyotni to‘xtatish va insonparvarlik ko‘magi olib kirishga zudlik bilan ruxsat berishga chaqiramiz”, – deyiladi qo‘shma bayonotda.
Fransiya prezidenti Emmanuel Makron ham G‘azo sektoridagi gumanitar inqiroz “chidab bo‘lmas darajaga yetgani”ni ta’kidladi.
Falastin tomoni tarqatgan ma’lumotlarga qaraganda, 2023 yil 7 oktyabrdan buyon G‘azoda 56647 nafar falastinlik halok bo‘ldi. Jumladan, so‘nggi sutka mobaynida Isroil hujumlari oqibatida 116 kishi bevaqt hayotdan ko‘z yumgan.
Isroilning “Haaretz” gazetasi yaqinda e’lon qilgan maqolada esa harbiy harakatlar oqibatida qariyb 100 ming nafar (G‘azo sektori aholisining 4 foizi) falastinlik halok bo‘lgani qayd etilgan.
Buyuk Britaniyada joylashgan “Save the Children” tashkiloti hisob-kitobiga ko‘ra, urushning 9 oyi mobaynida dahshatli qirg‘in oqibatida 21 mingga yaqin falastinlik bola dom-daraksiz yo‘qolgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter