Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Isroil va HAMAS ziddiyati bo‘yicha uch ssenariy

Isroil va HAMAS ziddiyati bo‘yicha uch ssenariy

G‘azoning Jabaliya shahri Isroil bombardimonidan so‘ng.

Foto: AFP/Getty Images

Isroil hamda HAMAS harakati o‘rtasida yuzaga kelgan navbatdagi qurolli ziddiyat G‘azo mintaqasidagi bir necha million aholini tang vaziyatga solib qo‘ydi. Ayni paytda Isroil harbiylari G‘azo hududiga qo‘shin kiritishga hozirlik ko‘ryapti. Harbiy harakatlarga Livandagi «Hizbulloh» harakati va Suriyadagi guruhlar ham qo‘shilishi ehtimoli mavjud. Vaziyat shu taxlit qaltislashishda davom etsa, mintaqadagi urush butun dunyoda aks sado berishi hech gap emas.

Bloomberg nashri ushbu ixtilofning dunyo iqtisodiyotiga ta’siri borasida uch ssenariyni tahlil qilib chiqdi.

Birinchi ssenariy. Harbiy harakatlar G‘azo hududi bilan cheklanadi.

Yaqin Sharq butun dunyoga energetika resurslari yetkazuvchi hamda muhim dengiz yo‘llarini nazorat qiluvchi mintaqa sanaladi. Bu yerdagi notinchlik jahon iqtisodiyoti hamda energetika bozoriga ta’sir etmay qolmaydi. Agar qurolli ziddiyat Falastin hududidan tashqariga chiqmasa, ixtilofning jahon iqtisodiyotiga salbiy ta’siri u qadar kuchli bo‘lmaydi. Birinchidan, AQSh bilan kelishuv doirasida Eron bu yil neft qazish olish hajmini kuniga 700 ming barrelga oshirdi. Qolaversa, qora oltin bozorida tanqislik sezila boshlagan taqdirda Saudiya Arabistoni, BAA kabi davlatlar ishlab chiqarishni oshirishi mumkin. Shunga ko‘ra, AQSh moliya vaziri Janet Yellen ziddiyatning hozirgi bosqichida iqtisodiyot uchun jiddiy oqibatlar ko‘rinmayotganini bildirgan.

Ammo ziddiyat G‘azo bilan cheklangan taqdirda ham, agar arab davlatlari Isroilning harbiy harakatlariga norozilik sifatida energetika resurslari ishlab chiqarish hajmini kamaytirsa, narx-navo oshishi mumkin. 1973 yildagi Arab–Isroil urushi ortidan joriy etilgan neft embargosi dunyo iqtisodiyotiga kuchli zarba bergani ma’lum.

Ikkinchi ssenariy. Ziddiyatga Livandagi «Hizbulloh» harakati va Suriyadagi guruhlar qo‘shiladi.

Tehron qo‘llab-quvvatlashi aytiladigan guruhlarning jangovar harakatlarga qo‘shilishi amalda Eron va Isroil o‘rtasida proksi urush yuzaga kelganini anglatadi. 2006 yilda Isroil va «Hizbulloh» o‘rtasida urush kechgan vaqtda neft narxi 5 dollarga qadar qimmatlagan. Agar bu gal ham «Hizbulloh» urushga qo‘shilsa, neft narxi 10 foizga oshishi mumkin. Bu esa iqtisodiy o‘sish sur’atini kamaytirib, dunyo miqyosidagi inflyasiya darajasini sezilarli oshiradi. 

Uchinchi ssenariy. Isroil va Eron bevosita jangga kirishadi.     

Tahlilchilar hozirgi vaziyatda Eron rahbariyati ham, yahudiy davlati ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri urushga kirish niyatidan yiroq ekanini aytmoqda. Ammo Eron rahbariyati Isroilning G‘azo hududidagi tinch aholi vakillariga bomba yog‘dirayotganini keskin tanqid qilib, qaltis oqibatlardan ogohlantirmoqda. Voqealar shiddatli tus olib, Eron Isroil bilan urushga kirgudek bo‘lsa, jahon iqtisodiyotiga turg‘unlikka yuz tutishi muqarrar.  Taxminlarga ko‘ra, u holda neftning bir barreli narxi 150 dollarga ko‘tariladi.  Jahonda iqtisodiy o‘sish ko‘rsatkichi 1,7 foizga kamayadi, yalpi ishlab chiqarish kamida 1 trillion dollarga pasayadi.

Financial Times gazetasi ham kovid pandemiyasi, Ukraina bosqini, AQSh va Xitoy savdo urushidan jabr ko‘rayotgan dunyo iqtisodiyoti Yaqin Sharqdagi navbatdagi beqarorlikdan yanada kuchli ziyon ko‘rishidan ogohlantirgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring