«Jurnalistlarga qarshi jinoyatlar jazosiz qolmasligi lozim» — Yevropa ittifoqi
Dunyo mamlakatlari hukumatlari jurnalistlarni munosib himoya qila olmayapti, bu boradagi huquqbuzarliklarni fosh qilishda sustkashlik qilmoqda, gohida esa rasmiylarning o‘zi ommaviy axborot vositalari xodimlariga qarshi jinoyatlar sodir etmoqda.
Bu haqda Yevropa ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Federika Mogerini tomonidan 2-noyabr – Xalqaro jurnalistlarga qarshi jinoyatlarning jazosiz qolishiga barham berish kuni munosabati bilan berilgan bayonotda so‘z boradi.
Qayd etilishicha, jurnalistlarga qarshi jinoyatlarning jazosiz qolishi qo‘rquv, ishonchsizlik va xavotir uyg‘otib, demokratik qadriyatlarga ham tahdid tug‘dirmoqda.
«Demokratiyaning mazmun-mohiyati fikrlarni turli shakllarda erkin bildirishda namoyon bo‘ladi. Faqat jadal taraqqiy etayotgan, erkin va mustaqil ommaviy axborot vositalarigina hukumat tuzilmalari, ishbilarmon doiralar, umuman, jamiyatning hisobdorligini ta’minlashga qodirdir. Ammo jurnalistlar hamda OAV xodimlari aynan ushbu asosiy huquqni ro‘yobga chiqarish yo‘lidagi kasbiy faoliyati uchun hujum, ta’qib, tazyiq va qo‘rqitishlarga nishon bo‘lmoqda», – deyiladi Yevropa ittifoqi nomidan berilgan bayonotda.
Federika Mogerini xonim, xususan, saudiyalik jurnalist Jamol Qoshiqchining o‘limi hali-hamon to‘liq tergov-taftish etilmaganini taassuf ila yodga olgan. Jurnalist Dafne Karuana Galitsiyaning Maltada – Yevropada o‘ldirilgani esa bunday jinoyatlardan biror bir mintaqa xoli emasligini ko‘rsatmoqda.
Ta’kidlanishicha, Yevropa ittifoqi jurnalistlarga qarshi jinoyatlarning jazosiz qolishini keskin qoralaydi.
«Bugun biz jurnalistlarga nisbatan jinoyatlarning jazosiz qolishi kabi holatlarga qarshi kurash hamda fikr erkinligi, shuningdek, jurnalistlar va OAV xodimlari xavfsizligini barcha vositalarni ishga solib qo‘llab-quvvatlash va muhofaza etish borasida qat’iy ekanimizni yana bir karra bildirmoqchimiz», – deyiladi bayonotda.
Yevropa ittifoqi inson huquqlarini himoya qiluvchi nodavlat tashkilotlar orqali jurnalistlarga huquqiy ko‘mak ko‘rsatib kelmoqda. Qolaversa, Byurssel Matbuot erkinligi va OAV bo‘yicha Yevropa markazi hamda uning «OAV plyuralizmi monitoringi» loyihasini moliyalashtirmoqda. Bundan tashqari, jurnalist, bloger hamda OAV xodimlarini himoya qilish bo‘yicha ko‘plab tashabbus va loyihalar ham qo‘llab-quvvatlanmoqda.
Yevropa ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili o‘z bayonotida so‘z va fikr erkinligi tantanasi yo‘lida jonini fido qilgan insonlarni chuqur ehtirom ila yodga olgan.
BMT ma’lumotlariga qaraganda, so‘nggi 12 yilda jamoatchilikka haqiqatni yetkazgani uchun 1010 nafar jurnalist o‘ldirilgan. Xavotirli jihati shundaki, 10 tadan 9 ta holatda aybdorlar jazosiz qolgan.
Xalqaro jurnalistlar federatsiyasi hisob-kitoblariga ko‘ra esa, birgina 2018-yilda 94 nafar jurnalist va OAV xodimi joniga qasd qilingan. Yuzlab jurnalistlar qonunga zid ravishda qamoqqa tashlangan.
BMT Bosh assambleyasi 2013-yilda 68/163-sonli rezolyusiya asosida 2-noyabr sanasini Xalqaro jurnalistlarga qarshi jinoyatlarning jazosiz qolishiga barham berish kuni deb e’lon qilgan. Mazkur sana tanlangani bejiz emas. 2013-yilning 2-noyabrida fransiyalik ikki jurnalist Malida o‘ldirilgan edi. BMT o‘z rezolyusiyasida dunyo mamlakatlarini jurnalist va OAV xodimlariga qarshi jinoyatlarning oldini olish bo‘yicha qat’iy choralar ko‘rish, aybdorlarni qonuniy jazolashga chaqirgan.
S.Salim
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter