Karantin sabab ishdan bo‘shagan kishi ishsizlik nafaqasi olsa bo‘ladimi?

Savol: Men karantin sababli ishdan bo‘shashga majbur bo‘ldim. Ya’ni, ish beruvchi bilan kelisha olmadim. Ishsizlik nafaqasi olsam bo‘ladimi? Ishsizlik nafaqasini olish uchun qayerga murojaat qilishim kerak?
Savolga Adliya vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi boshlig‘i Sevara O‘rinboyeva javob berdi:
O‘zbekiston Respublikasi Mexnat kodeksiga muvofiq, ishdan mahrum bo‘lgan, birinchi marta ish qidirayotgan, shuningdek uzoq (bir yildan ortiq) tanaffusdan keyin mehnat faoliyatini qayta boshlashni istagan va ishsiz deb e’tirof etilgan shaxslarga:
- ishsizlik nafaqasi to‘lash;
- qaramog‘idagilarni hisobga olgan holda moddiy yordam berish;
- kasb o‘rganish, malaka oshirish yoki qayta tayyorlash davrida stipendiya to‘lanishi hamda shu davrni mehnat stajiga qo‘shish;
- haq to‘lanadigan jamoat ishlarida qatnashish imkoniyati ta’minlanadi.
Shuningdek, ishsizlik nafaqasi ishsiz deb e’tirof etilgan shaxsga u ish qidirayotgan shaxs sifatida mahalliy mehnat organida ro‘yxatdan o‘tgan kundan e’tiboran tayinlanadi. Qaramog‘ida uchtagacha kishi bo‘lgan, o‘ttiz besh yoshga to‘lmagan ishsiz erkakka ishsizlik nafaqasi u haq to‘lanadigan jamoat ishlarida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan tartibda ishtirok etgan taqdirda tayinlanadi. Ishsiz shaxsning nafaqa olish huquqi u ish qidirayotgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tgan paytdan boshlab kechi bilan o‘n birinchi kundan e’tiboran kuchga kiradi.
Amaldagi qonunchilikka ko‘ra ishsizlik nafaqasi ko‘pi bilan:
- ishdan va ish haqidan (mehnat daromadidan) mahrum bo‘lgan yoki uzoq (bir yildan ortiq) tanaffusdan keyin mehnat faoliyatini qayta boshlashga harakat qilayotgan shaxsga o‘n ikki oylik davr mobaynida yigirma olti kalendar hafta;
- ilgari ishlamagan va birinchi marta ish qidirayotgan shaxsga esa o‘n uch kalendar hafta mobaynida to‘lanadi.
Shunga ko‘ra hududiy bandlik va mehnat munosabatlari bo‘yicha organga murojaat qilishingiz lozim.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter