Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Kengash — kuchli, hokim — hisobdor bo‘ladi

Kengash — kuchli, hokim — hisobdor bo‘ladi

Foto: Xabar.uz

O‘zbekistonda islohotlar shiddati oshib, davlat va jamiyat boshqaruvi o‘zgarmoqda. Lekin aholi bu jarayonlarda qay darajada ishtirok etmoqda? Uning ovozi eshitilyaptimi? Uning vakili — mahalliy deputat jarayonlarga ta’sir ko‘rsata olyaptimi?

Mahalliy Kengashlarning roli avval ham muhim edi. Lekin biz uning chinakam faol kuchga aylanishini istardik. “O‘zbekiston Respublikasida mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari faoliyatini 2030 yilga qadar rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Prezident Farmoni shunday zaruratdan kelib chiqib qabul qilindi.

Unga ko‘ra, mahalliy Kengashlar — huquqiy va siyosiy ta’sir kuchi bor, tashabbus ko‘rsata oladigan, nazorat qiladigan, masalani hal eta oladigan tuzilmaga aylanadi.

Vakolatlar kengayadi, mas’uliyat ham...

So‘nggi yillarda mahalliy Kengashlarning jamiyatdagi o‘rni va ta’sirini oshirishga qaratilgan qator ishlar amalga oshirildi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada mahalliy Kengash raisi va hokim lavozimlarining ajratilishi huquqiy jihatdan mustahkamlandi. Endi esa “Kuchli Kengash – hisobdor va tashabbuskor hokim” tamoyili asosida amaliy ishlarga o‘tilmoqda.

Prezident Farmoni bilan tasdiqlangan Konsepsiyaning yo‘l xaritasida  7 ta yo‘nalish va 53 ta aniq chora-tadbir belgilangan. Ularning ba’zilariga to‘xtalamiz:

  • budjet loyihasini ishlab chiqishda mahalliy budjet xarajatlarining muayyan qismini mahalliy Kengash deputatlarining bevosita tashabbusi asosida shakllantirish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi;
  • Yoshlar parlamenti tajribasidan kelib chiqib, jamoatchilik asosida mahalliy Kengashlar qoshida Yoshlar guruhlari tashkil etiladi;
  • elektron murojaatlar orqali tashabbus ko‘tarish – endilikda kamida ming nafar tashabbuskor fuqarolar tuman (shahar) Kengashiga, kamida 5 ming nafar tashabbuskor fuqarolar viloyat va Toshkent shahar Kengashi muhokamasiga masala kiritishi mumkin bo‘ladi.

Bularning barchasi xalq bilan Kengash o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqani ta’minlaydi.

Yana bir muhim jihati: mahalliy Kengashlarning tashabbuskor va ta’sirchan qaror qabul qiluvchi organga aylanishidir. Masalan, yo‘lda harakat tezligini; ishsizlar va ijtimoiy himoyaga muhtojlarga minimal ish o‘rinlari miqdorini belgilash; davlat mulkidan foydalanishda ijara to‘lovining eng kam stavkalarini o‘rnatish – shu kabi masalalarga endi mahalliy Kengashlar mas’ul bo‘ladi.

Kengashdagi institutsional o‘zgarishlar

Konsepsiya mahalliy Kengashlar tarkibini boyitishga ham yo‘l ochadi. Yoshlar guruhlari, jamoatchilik asosidagi maslahat guruhlari tashkil etiladi. Bular Kengash qarorlarini qabul qilishda keng fikr almashinuvini ta’minlaydi. Shuningdek, Kengash kotibiyatlari mustaqil moliyaviy hisob-kitob tizimiga o‘tadi.

“Kengash soati” instituti orqali deputatlar hamda jamoatchilik vakillari ishtirokida hokimlarning ayrim muhim ijtimoiy masalalar yuzasidan axborotlari eshitiladi.

E-Kengash elektron platformasi

Islohotlar jarayonida raqamli imkoniyatlar ham inobatga olinmoqda. “E-Kengash” elektron platformasi orqali hujjatlar xavfsizligi, qarorlarning tezkor ishlab chiqilishi va shaffofligi ta’minlanadi. Bunda blokcheyn, biometrik identifikatsiya, sun’iy intellekt kabi zamonaviy texnologiyalardan foydalanish ko‘zda tutilgan.

Shu tarzda mahalliy Kengashlar faoliyati tubdan yangilanmoqda. Bu jarayonda eng asosiy mezon – xalq manfaati, uning ovozi va ishtiroki bo‘ladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring