Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Lutfullo Tursunov

Har bir mashaqqat ortida imkoniyat yotadi.

Kompyuter sinfiga kiritilmagan talabalar, «toshbaqa» internet, biz tasavvur qila olmagan kelajak — o‘rta avlod hikoyasi

Kompyuter sinfiga kiritilmagan talabalar, «toshbaqa» internet, biz tasavvur qila olmagan kelajak — o‘rta avlod hikoyasi

Foto: Xabar.uz

So‘nggi yetti yil ichida aholi daromadi va to‘lov qobiliyati 2 karra o‘sdi. Daromad yaxshi bo‘lsa, servislarga talab ham ortib boraveradi. Ayniqsa, IT xizmatlarga ehtiyojning yuqoriligi sohada «katta sakrash»ni yuzaga keltirdi.

Bir necha yil avval telefon va kompyuter nimaligini bilmagan insonlarning farzandlari bugun dunyoning eng yirik «ayti» kompaniyalarida ishlashyapti, internetdan foydalanishni bilmagan avlodning uka-singillari bugun  IT sohasida startaplar qilib, millionlab dollar ishlab topishyapti.

Ha, bu soha katta va o‘rta avlod ko‘z o‘ngida butunlay o‘zgarib ketdi. Biz hatto tasavvur qila olmagan yangilanishlar bugun yoshlar uchun odatiy holga aylangan.

Kompyuter sinfiga kiritilmagan talabalar

Uzoq emas, bir necha yil avval hammasi hozirdagidek odatiy hol emasdi. 1990 yillarning oxirlari – 2000 yillarning boshlarida Toshkent shahridagi universitetda tahsil olarkanmiz, fakultetdagi kompyuter sinfiga umuman kiritilmaganmiz. Afsuski, davlat universitetida kompyuterlarga shaxsiy mulkdek qaralardi. Hamma OTMlarda ham bunday bo‘lmagandir, lekin aksarida bu sinf ko‘rgazma uchun yoki ayrim shaxslarning ehtiyoji uchungina xizmat qilardi.

Ilg‘or va o‘ziga to‘q talabalar soatiga pul to‘lab, internet klublarda kompyuterdan foydalanishni o‘rganishardi. Sanoqli xonadonlarda bu texnika bo‘lardi.

O‘sha vaqtlarda mobil telefon apparatlari ham juda qimmat, mobil aloqaning esa soniyasi pul turardi.

Dial-up internet

O‘qishni tugatib, ishga kirgan vaqtimizda tahririyatda dial-up modemida ishlaydigan  internetdan foydalanilardi. Tasavvur qiling: bu qurilmada internet ko‘pi bilan 30 kbit/s tezlikda ishlar, unga ham ulanib olish juda bir mashaqqat edi. 1 megabitlik fotoni yuklash uchun uzoq kutilar, ba’zida yuklab olishga internet tezligining kuchi yetmasdi.

Xorij xabarlari orqali qaysidir mamlakatda internetda video ko‘rish mumkinligi, kinofilmni bir necha daqiqa ichida yuklab olish mumkinligini o‘qisak, bizga ertakdek tuyulardi.

Bugun hatto ko‘plab qishloqlarda ham smart-televizorlarimiz tezkor internetga ulangan, hech qanday limitlarsiz istalgancha videolar ko‘rsa bo‘ladi. Odamlar ijtimoiy tarmoqlar orqali hamma xabarlardan xabardor bo‘lib turishadi. Yoshlar instagram yuritadi, vaynlar oladi, internetda do‘stlar orttiradi, til o‘rganadi. Texnologiyaga chuqurroq yondashganlari esa dasturchilik kasbini-da egallaydi.

Avval oddiy gaz iste’moliga to‘lov qilish uchun tashkilotning eshigi tagida soatlab kutilardi. Elektr, suv, soliq to‘lovlari uchun ham shunday. Orada to‘lov qilishni so‘rab kelib, aholini «kiydirib» ketadiganlar qancha edi. «Prava»ni yangilash, pasport olish, pasportni propiskaga qo‘yishdagi asabbuzarliklarni, aytmasa ham bo‘ladi. Har bir ish uchun mahalladan «spravka» kerak edi. Bugun bunday ovoragarchiliklardan asar ham yo‘q.

Uzoq kuttirmagan natijalar

Raqamli kelajak bizdan uzoqda emas, u allaqachon biz bilan. Uni oddiy hayotimizda ham his qilamiz: smartfondagi aqlli xizmatlardan tortib, bir necha tugmani bosish bilan amalga oshadigan elektron davlat xizmatlarigacha...

Bundan bir necha yil avval raqamlashtirish g‘oyasi biroz mavhum tuyulardi. Ammo 2020 yili «Raqamli O‘zbekiston-2030» dasturi ishga tushirilganidan so‘ng, jarayon faol o‘zgarishlar bosqichiga o‘tdi. Maqsad — faqatgina texnologiyalarni modernizatsiya qilish emas, balki ulardan har bir inson foydalanishi uchun imkon yaratish: internet tezligini oshirish, raqamli yechimlarni iqtisodiyotga integratsiya qilish va insonlar hayotini yengillashtirish.

Natijalar o‘zini uzoq kuttirmadi. Mamlakat xalqaro reytinglarda o‘z o‘rnini tobora mustahkamlamoqda. BMTning Elektron hukumatni rivojlantirish indeksida (EGDI) O‘zbekiston 193ta mamlakat orasida 63-o‘ringa ko‘tarildi.

Raqamlashtirish davlat xizmatlari sohasini tubdan o‘zgartirdi. Bugungi kunda ko‘plab xizmatlar onlaynga ko‘chirilgan, bu esa odamlarning vaqt sarfini qisqartirib, qog‘ozbozlikni yo‘qqa chiqarmoqda. Davlat xizmatlaridan foydalanish endi bir necha daqiqa vaqtni olmoqda, bu esa jarayonni ancha qulay qiladi. Yoshi katta insonlar uchun raqamli texnologiyalarni o‘zlashtirish oson emas. Shuning uchun yagona portal xizmatlaridan foydalanish bo‘yicha doimiy o‘quv-mashg‘ulotlari o‘tkazib kelinadi. Bu hatto nafaqaxo‘rlarga ham uydan chiqmasdan kommunal to‘lovlarni amalga oshirish va kerakli ma’lumotnomalarni olish imkonini yaratmoqda.

Qo‘lida gadjet bilan tug‘ilganlar

Lotus Software asoschisi Mitch Kaporning bir gapi bor: «Axborot texnologiyalari faqat mashinalarni tezkor qilish uchun emas, insonni kuchli qilish uchun kerak».

Ha, texnologiyalar bizni kuchli qilmoqda. Avval kunlab amalga oshirgan yumushlarimizni hozir bir necha daqiqada bajaryapmiz. Yoshlarimiz bu borada bizdan ham kuchli. Chunki ular — «qo‘lida gadjetlar bilan tug‘ilgan» Z avlod vakillaridir.

O‘zbekiston joriy yil IT sohasi eksportini 1 milliard dollarga yetkazishni maqsad qilgan. Bunda asosiy kuch, albatta, yoshlardir. Hozirda dunyoning yirik IT kompaniyalarida ishlayotgan yuzlab yoshlarimiz bor. O‘zbekistonda shunday yoshlar bilan birgalikda startap loyihalarini amalga oshirish ko‘zda tutilmoqda.

Umuman, davlat rahbari tomonidan 2025 yilda IT xizmatlari hajmini 30 foizga o‘stirib, 80 trillion so‘mdan oshirish vazifasi topshirilgan.

«Bir million dasturchi» loyihasiga qo‘shimcha 300 ming yoshlar jalb etiladi. «Coursera» platformasida 3 mingdan ortiq kurslarda sun’iy intellekt yordamida yoshlar uchun o‘zbek tilida ta’lim olish imkoniyati yo‘lga qo‘yiladi.

Birlashgan Arab Amirliklari bilan O‘zbekistonda «Bir million sun’iy intellekt foydalanuvchilari» loyihasini amalga oshirishga kelishilgan.

O‘tgan yili 25 ming nafar qizlar IT bo‘yicha bepul o‘qitildi. Bu yil dasturchi qizlar soni 2 barobar oshirilishi reja qilingan. Ming nafar iqtidorli qizlar IT oromgohlarida xalqaro olimpiadalarga tayyorlanadi.

Marra — mamlakatni mintaqaviy IT-habga aylantirish

«O‘zbekiston — 2030» strategiyasiga ko‘ra, raqamli texnologiyalarni rivojlantirgan holda mamlakatni mintaqaviy «IT-NUB»ga aylantirish ustida jadal ishlar olib borilmoqda. Buning uchun barcha aholi punktlarini internet bilan to‘liq qamrab olish va uning tezligini 10 barobar oshirish, xalqaro internetga ulanish tezligini 5000 Gbit/s ga yetkazish, optik tolali aloqa liniyalari va keng polosali ma’lumot uzatish tarmoqlarining qamrovini 100 foizga yetkazish ko‘zlangan.

IT xizmatlar va dasturiy mahsulotlar eksporti hajmini 5 milliard dollarga chiqarish reja qilingan. Ushbu sa’y-harakatlar orqali BMTning Elektron hukumat reytingida top-30 talikka kirish kutilmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘z murojaatlarida raqamlashtirishning qanchalik muhimligini doimo ta’kidlab keladi. Bu davlatimizning tanlangan yo‘lga sodiqligini ko‘rsatadi. Raqamli transformatsiya – shunchaki jozibador so‘z yoki shior emas, balki O‘zbekistonning kelajagini belgilaydigan strategik ustuvor yo‘nalishdir. Ko‘zlangan rejalarga qaraganda, mamlakat bu yo‘nalishda harakatni to‘xtatish niyatida emas. Harakat bor joyda esa natija ham bo‘ladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring