Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Koronavirus «liguriyalik maxluq»ni narigi dunyoga ravona qildi

Koronavirus «liguriyalik maxluq»ni narigi dunyoga ravona qildi

Foto: «Corriere della Sera»

17 marotaba qotillikka qo‘l urgani uchun 13 ta umrbod qamoq jazosini o‘tayotgan Italiya tarixidagi eng shafqatsiz jinoyatchilardan biri Paduya qamoqxonasi shifoxonasida koronavirusdan vafot etdi. Bu haqda «Corriere della Sera» yozmoqda.

Donato Bilanchi 69 yoshda edi, umrining so‘nggi 22 yili panjara ortida o‘tdi, shunga qaramay, buxgalterlik ishini o‘rgandi, hatto madaniy turizmni rejalashtirish va boshqarish sohasida ilmiy darajali ham bo‘ldi.

Ammo jurnalistlar «Liguriya maxluqi»ni aslo ko‘zdan qochirishmagandi: 15 ta qotillikda tergovchilar biron-bir mantiqni topisha olmagan.

Qotilning o‘zi iqror bo‘lishicha, ilk qurboni — eng yaqin do‘sti edi. Aytishicha, do‘st bo‘la turib unga xiyonat qilgan. Bilanchining qimor o‘yinlariga suyagi yo‘qligini bila turib, 1997-yilning yozida maxfiy kazinoga olib borgan. Boshlanishiga omadi chopganidan sarmast Donato oxirida bor pulini qimorxonada «tashlab chiqishga» majbur bo‘lgan. Va bu yerga kelishni kanda qilmay qo‘ygan... Kunlarning birida do‘stining kazino odamlaridan biri bilan suhbati qulog‘iga chalinib qoladi — bilsaki, u qimorxonaga yangi mijozlarni jalb etish evaziga haqini olib yurarkan...

14-oktyabr kechasi Bilanchi o‘sha tanishini bo‘g‘ib o‘ldiradi, oradan 10 kun o‘tib esa kazino menejeri va uning xotinini to‘pponchada otib tashlaydi (keyingi qotilliklarida ham shu qurolini ishlatgan).

Keyinchalik, tergov davomida, iqror bo‘lishicha, nima uchun odamlarni o‘ldirayotganini o‘zi ham yaxshi anglab yetmagan. Buni keyingi qotilliklar «ssenariysi»dan ham ilg‘ash qiyinmas: qo‘shqotillikdan so‘ng uch kun o‘tib, o‘zi tanimaydigan er-xotinga qo‘l ko‘taradi, shu tariqa yetti oy davomida tasodifan duch kelgan odamlar uning qurbonlariga aylanaveradi. Ayrim ayollarni poyezdlarning hojatxonalarida otib tashlagan...

Savdoyi qotil Liguriyadan tashqari Pemontni ham dahshatga solib kelgan. Jinoyatchining iziga tushishda u mashinasini noto‘g‘ri to‘xtatgani uchun yozilgan jarimalar ish bergan — qotil navbatdagi «ishini» amalga oshirgan joyi yaqinida mashinasini qoldirib ketavergan. Bilanchi bir uyning kiraverishida tashlab ketgan sigaret qoldig‘idan olingan DNK tahlili uning qo‘lga olinishida ashyoviy dalil bo‘lgandi.

1998-yilning 6-may kuni gazetalar Bilanchi 17 ta qotillikni bo‘yniga olgani haqida yozganida butun Italiya qalqib tushgandi.

2000-yilning aprelida Donato Bilanchiga sud hukm o‘qidi: 13 ta umrbod qamoq jazosi. Aftidan, shuncha qilmishiga qaramay, Bilanchi «tuzalishi»ga qattiq ishongan. Buxgalterlikni o‘rganib, madaniy turizm sohasida ilmiy darajali ham bo‘lgan. Uning rejalariga koronavirus so‘nggi nuqtani qo‘ydi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring