Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Mahoratli kompozitordan yangi ijodiy tuhfa  

Mahoratli kompozitordan yangi ijodiy tuhfa   

Iste’dodli bastakor, so‘nggi yillarda faol ijodiy izlanishlari bilan yaqqol ko‘zga tashlanayotgan, Zulfiya mukofotining ilk sovrindorlaridan biri Oydin Abdullayevaning «Bir ishq bo‘lsa» nomli qo‘shiq va romanslari to‘plami nashrdan chiqdi.

Televideniye va ijtimoiy tarmoqlar orqali ko‘plab simfonik orkestrlar uchun yozgan asarlarini tomosha qilib, kompozitorning chinakam ixlosmandiga aylangan bo‘lsak, ko‘zni quvontiradigan va bejirim dizaynda ishlangan yangi kitobini ko‘rib, yutug‘idan chin qalbdan quvondik.

Professor Oydin Abdullayeva tom ma’noda sermahsul ijodkor, musiqiy xazinasi 200 dan ortiq yakkaxon qo‘shiq, romans, qator teleseriallar va musiqali dramalar, pesa konsertlar va boshqa bastakorlik namunalaridan iborat.

Mazkur nashr turli vokal ovozlari uchun yaratilgan 25 ga yaqin sara qo‘shiq va romanslarni o‘z ichiga qamrab olgan. Ishq-muhabbat, vafo, sadoqat, vatan, inson hayotiga doim hamroh bo‘luvchi turfa mavzular o‘rin olgan.

Zero, bastakor uchun she’riyat va musiqaning sintezida nozik uyg‘unlikni topa olish eng asosiy masaladir. Ko‘pincha bunda yaxlitlik va bir butunlikka putur yetadi va kutilgan natijaga erishish qiyin bo‘ladi.

Oydin Abdullayevning yaratuvchanlik zakosi bilan yozilgan ohanglar inson va tabiat uyg‘unligini, ruh va jon muvozanatini to‘kis va mukammal tarzda yangraydi. U she’rning musiqiyligini, ifodaning ravon va samimiyligini yaxshi tushunadi, matnlarni sinchkov tanlaydi, ijtimoiy jarayonlarda yoniq tarzda urib turgan qalb nolalari va go‘zal tuyg‘ulari orqali batafsil ifodalaydi.

Romanslaridagi vokal partiyalarining mazmundorligi qanchalik yorqin bo‘lsa, fortepiano jo‘rligidagi ifodaviyligi ham shu qadar kuchli tasvirlanadi, fortepiano partiyalari obrazga tavsif berishda kuchli omilga aylanadi.

O. Abdullayeva ijodida she’riyatni xasos anglash, yuksak falsafiy-estetik bayon, qalb garmoniyasi, musiqiy buyoqlarning yorqinligi, ohangning yangicha shakllari, imkoniyatlarning sayqallashib borishi ustuvor unsurlar bo‘lib kelmoqda.

Bu qo‘shiqlar ovoz diapozoni turlicha bo‘lgan xonandalar uchun mo‘ljallangan bo‘lib, teran va betakror, go‘zal lirik ijrosi bilan badiiyatning dilbarligi, nafosati, go‘zal xayoliy dunyosi, shoir tafakkuridagi yashirin va serjilva xarakterlarni yorqin ifodalab beradi. Bastakor qo‘shiqlarida milliy an’analarimizning eng yaxshi yutuqlari, o‘zbekning tiynati mujassam bo‘yoqlar yaqqol bo‘rtib turgani bilan ahamiyatlidir.

Kuylardagi yangi fantaziyalar, shijoat va jo‘shqinlikning izchil o‘sib borishi, beg‘ubor tuyg‘uning turli qirralarini mukammal ochib berish singari sifatlarning barchasi original tarzda va muallifning ezgu maqsadiga hamohangdir.

Kitobning «QO‘SHIQLAR» qismida taniqli shoira Farida Afro‘zning «Bir ishq bo‘lsa..» she’ri ishq-muhabbatning yuksak pardalariga intilayotgan ayolning iztirob kengliklarini teran tarzda notaga tushiradi. Qolaversa, G‘afur G‘ulomning «Vatanim», Mahmud Toirning «Vatan», Abdurahmon Jo‘raning «Yo‘qlab tur» va «Ey, gul...», Iqbol Mirzoning «Oila» va «Mening yurtim», Ibroyim Yusupovning «Qoraqalpoq eliga bag‘ishlov» kabi she’rlariga yozilgan kuylar oltin tuproqli va gulzor yurtimiz ta’rifi, oppoq umidlar go‘shasi, erk-hurlik va ozodlik sari intilish, shuningdek, ayolning boqiy latofati, hijron azoblari, sog‘inch tuyg‘ularining yangicha tarannumi so‘nggi yillarda professional mahorati tobora yuksalayotgan muallifning yorqin musiqiy tiliga-uslubiga aylanadi.

Tarixning eng og‘riqli va fojiaviy davri — urush yillari haqida dard chekib yozgan Muhiddin Omonning «Kabutar» she’riga yozilgan musiqa o‘zining nafaqat tantanavorligi, muhtashamligi, shu bilan birga, jangohlarda bebaho umrini fido qilgan ota-bobolarimizning o‘lmas xotirani yodga soluvchi ta’sirchan sokin sadolari bilan, to‘lqinlantirishi bilan tinchlik istovchi har bir kishini chuqur o‘yga toldiradi.   

O.Abdullayeva alohida e’tibor bilan yondashib, Munira Muhammadiyorovaning «Ustoz», «Tez yordam», «Ko‘rgim kelar» hamda Munavvara Tillaboyevaning «Baxt qo‘shig‘i», «Daraxtlar qo‘shig‘i», «Ona zaminim», «Dugonajon» she’rlariga bastalagan qo‘shiqlar ham to‘plamdan joy olgan.

Nashrning «ROMANSLAR» qismida esa butun turkiy dunyoga mashhur shoirlar Faxriddin Maydanli, Ilhomjon Ismoiliy, Zulfiya, Gulchehra Nurullayeva, shuningdek, Konstantin Simonov kabi betakror qalam sohiblarining ajoyib she’rlariga murojaat qilinadi.

Muhabbatga mudom oshufta, tasavvur dunyosi jahon musiqa san’atining eng sara yutuqlaridan ma’naviy oziqlanib, kuch olayotgan, insonning murakkab ichki emotsional olami, kechinmalarini tugal ifoda etishga muvaffaqiyatli intilayotgan kurashuvchan shaxsni namoyon etadi.

Hayot mazmunini, qismatini musiqa bilan bevosita bog‘lagan Oydin Abdullayeva bugungi kunda ijtimoiy faollikni susaytirayotgani yo‘q. Oliy Majlis Qonunchilik palatasining tegishli qo‘mitasi raisi o‘rinbosari sifatida madaniy meros himoyasi, san’at, ta’lim, intellektual mulk va mualliflik huquqlari rivoji, ijtimoiy-ma’rifiy taraqqiyotimiz, xotin-qizlar huquq va manfaatlarini himoya qilish borasida sidqidildan jon kuydirib kelmoqda.

Albatta serqirra va mushohadali ijodkor, salohiyatli musiqashunos, kompozitorlikda o‘z yo‘lida maktab yaratayotgan, musiqiy-intellektual mulkimizga yaxshi ulush qo‘shayotgan Oydin Abdullayevaning eng sara ijodiy namunalari guldastasi deyish mumkin.

Mazkur yangi kitob yurtimizdagi musiqa oliygohlari, sohaga ixtisoslashgan boshqa ta’lim dargohlari, akademik va estrada xonandaligi bilan qiziquvchilar qo‘liga qancha ko‘p yetib borsa, shuncha foydali bo‘ladi. 

Laziz Rahmatov,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring