Metroda yurgan masofaga qarab haq to‘lash tizimi joriy etiladi
Endi yo‘lovchilar metroda bosib o‘tgan masofasiga qarab pul to‘laydi. Toshkent metropolitenida yo‘lkira haqini to‘lashning yangicha tizimi joriy etiladi.
Bu haqda Prezidentning «Toshkent metropoliteni faoliyatining samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida» (PQ-191. 15.05.2026-y.) qarori qabul qilindi.
Yo‘lkira haqini to‘lashning yangicha tizimida quyidagi majburiy tamoyillar aks etadi:
- masofaga qarab to‘lash (yo‘lovchi bosib o‘tgan masofasi yoki bekatlar soniga qarab haq to‘laydi);
- aholi toifalariga imtiyozlar berish (muayyan qatlamlar uchun alohida yengilliklar ko‘zda tutiladi);
- abonementlar tizimini joriy etish (yo‘lovchilarga qulaylik yaratish maqsadida kunlik, haftalik va oylik abonementlar yo‘lga qo‘yiladi).
Shuningdek, qarorga ko‘ra:
— Transport vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, «Toshkent metropoliteni» AJ va Toshkent shahar hokimligiga xorijiy tajriba asosida metropolitenda yo‘lkira haqini to‘lashning mutlaqo yangi tizimini joriy etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish vazifasi yuklatildi.
— Yangi tizimni 2027-yil 1-yanvardan boshlab amaliyotga tatbiq etish nazarda tutilgan bo‘lib, tegishli takliflar olti oy muddatda «Toshkent metropoliteni» AJ kuzatuv kengashi bilan kelishilgan holda Vazirlar Mahkamasiga kiritilishi belgilandi.
Avvalroq metro bekatlari oldida avtoturargohlar tashkil etilishi xabar berilgandi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter