Milliy gvardiyani xususiy kompaniyalar oziq-ovqat bilan ta’minlaydi

Bu Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 16-maydagi «O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi harbiy xizmatchilarining ovqatlanishini tashkil etish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 366-son qarorida nazarda tutilgan, deb xabar bermoqda «Norma».
Nashrning qayd etishicha, mamlakatimizda harbiy xizmatchilarning ovqatlanishini autsorsing shartlarida tashkil etish jarayoni boshlangan, bunda ushbu maqsadlar uchun umumiy ovqatlanish korxonalari (autsorserlar) shartnomaviy asosda jalb etiladi. Birinchi navbatda, mazkur tizim SChR batalonlari, harbiy ta’lim va davolash muassasalarida joriy etiladi.
Endi jamoatchilik tartibi va mamlakatimiz xavfsizligi muhofazasi uchun mas’ul bo‘lgan Milliy gvardiya bo‘linmalari shaxsiy tarkibining ovqatlanishini tashkil etish uchun ham xususiy kompaniyalar xizmatlaridan foydalaniladi. Mazkur mexanizm bosqichma-bosqich, davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshiriladi.
Autsorser xizmatlariga haq to‘lash Milliy gvardiya tomonidan belgilanadi. Bunda 20 foizgacha ustama haq hisobga olingan holda shartnoma tuzilishi sanasida oziq-ovqat mahsulotlarining amaldagi o‘rtacha bozor narxlari bo‘yicha 1 ovqatlanuvchiga tegishli kontingent uchun ovqatlanishning tasdiqlangan normasidan kelib chiqiladi. Shartnoma bo‘yicha narxlar, qoidaga ko‘ra, ko‘pi bilan bir oyda 1 martda qayta ko‘rib chiqiladi.
Milliy gvardiya bo‘linmalarining so‘rovi bo‘yicha oziq-ovqatlarga amaldagi o‘rtacha bozor narxlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni viloyat hokimliklari muntazam taqdim etadilar. Autsorserning ijara, kommunal to‘lovlar bo‘yicha xarajatlarini qoplash, shartnomalar tuzishga talabgorlarni tanlab olish tartibi Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilarining ovqatlanishini tashkil etish tartibi kabi amalga oshiriladi.
Ovqat tayyorlash va mahsulotlar sifatini muntazam ravishda nazorat qilish zarurat bo‘lganda vazirliklar va idoralarning mutaxassislari jalb etilgan holda Milliy gvardiyaning tegishli bo‘linmalari tomonidan amalga oshiriladi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 2018-yil 21-maydan kuchga kirdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter