«Milliy Tiklanish» va Ekologik partiya saylovlardagi ishtirokini qo‘llab-quvvatlovchi imzo varaqalarini taqdim etdi

8-sentyabr kuni Markaziy saylov komissiyasida O‘zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi va O‘zbekiston Ekologik partiyasi tegishli hujjatlar va saylovchilarning siyosiy partiyani saylovlardagi ishtirokini qo‘llab-quvvatlovchi imzo varaqalarini taqdim etdi.
Siyosiy partiyalarning vakolatli vakillari Markaziy saylov komissiyasi tomonidan ro‘yxatga olinganganligi haqidagi guvohnomalarni olganidan so‘ng, saylovchilarning imzosini to‘plashga kirishgan edilar.
Siyosiy partiya O‘zbekiston Prezidentligiga ko‘rsatilgan nomzodni qo‘llab-quvvatlab, jami saylovchilarning umumiy sonidan kamida bir foizining imzosini (taxminan 212 ming imzo) to‘plashi kerak.
Joriy yilgi saylovlar «Saylov kodeksi»ga binoan o‘tkazilmoqda. Kodeksning 64-moddasiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlar ko‘rsatish tartibi belgilangan bo‘lib, Siyosiy partiyaning rahbari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodni ro‘yxatga olishni iltimos qilib Markaziy saylov komissiyasiga ariza bilan murojaat etadi. Arizaga quyidagilar ilova qilinadi:
- siyosiy partiya yuqori organining O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod ko‘rsatish to‘g‘risidagi qarori;
- siyosiy partiya yuqori organi majlisining O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod ko‘rsatish to‘g‘risidagi bayonnomasi, unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodning familiyasi, ismi, otasining ismi, tug‘ilgan sanasi, kasbi, lavozimi (mashg‘ulotining turi), ish va yashash joyi, partiyaviyligi ko‘rsatiladi;
- O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodning o‘z nomzodi ovozga qo‘yilishiga rozi ekanligi to‘g‘risidagi arizasi;
- O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga ko‘rsatilgan nomzodni qo‘llab-quvvatlovchi imzo varaqalari.
Siyosiy partiya tomonidan taqdim etilgan imzo varaqalarida O‘zbekiston Respublikasi jami saylovchilari umumiy sonining kamida bir foizining imzosi bo‘lishi kerak.
Bunda siyosiy partiya bitta ma’muriy-hududiy tuzilmada (Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyat, Toshkent shahri) imzolar umumiy sonining ko‘pi bilan sakkiz foizini to‘plashi mumkin.
Saylovchilarning imzosini to‘plash ish, xizmat, o‘qish, yashash joyida, saylovoldi tadbirlarida, shuningdek tashviqot yuritish va imzo to‘plash qonun bilan taqiqlanmagan boshqa joylarda amalga oshiriladi. Imzo to‘playotgan shaxs tomonidan saylovchilarni majburlash va o‘ziga og‘dirib olishning har qanday shakli qonunda belgilangan javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter