Navoiy e’tirof etgan asar ilk bor o‘zbek tiliga tarjima qilindi

Ozarbayjon hamda turkiy xalqlarning bebaho adabiy yodgorligi sanalgan «Qo‘rqut ota kitobi» (Kitabi-Dədə Qorqud) ilk bor ona tilimizga to‘liq holda tarjima qilindi. Bu mas’uliyatli ijodiy yumushni Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon madaniyat markazi loyihasi doirasida taniqli olim hamda mutarjim, Xalqaro Mahmud Koshg‘ariy mukofoti sovrindori Boboxon Muhammad Sharif uddaladi.
Markaz direktori Samir Abbosovning qayd etishicha, ozarbayjon xalqining so‘z durdonasi sanalgan «Qo‘rqut ota kitobi»ga O‘zbekistonda ham qiziqish kuchli. Shu sabab qadimiy asarni o‘zbek tiliga o‘girishga qaror qilindi. Joriy yil davomida mazkur eposga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy anjuman tashkil etish hamda asarning o‘zbek tilidagi variantini chop etish rejalashtirilgan.
«Qo‘rqut ota kitobi» nafaqat ozarbayjon, balki barcha turkiy xalqlarning betakror san’at namunasi sanaladi. Ushbu so‘z obidasini turkiy xalqlar solnomasi, hayotiy qomusi deb atash mumkin», – deydi S.Abbosov.
«Qo‘rqut ota kitobi»ga kirgan hikoya va dostonlarning ayrimlari VII-VIII acrlarda og‘zaki ravishda yaratila boshlagan. Asosiy dostonlari IX-X asrlarda o‘g‘uzlar Sirdaryoning quyi oqimi va Orol dengizi atrofida yashagan davrda yuzaga kelgan.
Milliy ensiklopediya ma’lumotlariga qaraganda, o‘g‘uz qabilalarining saljuqiylar rahnamoligida G‘arbga siljishi natijasida ilgari yaratilgan dostonlar va rivoyatlarga yangilari qo‘shilib, Kavkaz va Kichik Osiyoda Qo‘rqut va Qozonbek haqida dostonlar turkumi vujudga keldi. Og‘zaki ravishda yaratilgan va kuylangan asarlar o‘zonlardan (baxshilar) yozib olinib, XV acr o‘rtalarida yaxlit kitobda jamlangan.
Muqaddima va 12 dostondan iborat «Qo‘rqut ota kitobi»ning bizgacha ikki qo‘lyozmasi yetib kelgan. Ular Drezden va Vatikan kutubxonalarida saqlanadi. Nodir qo‘lyozmalarni olimlar XIX asrdan boshlab izchil o‘rganib keladi.
Qo‘rqut ota ismi bilan mashhur siymo o‘z vaqtida odamlarga yaxshilik qilish, mushkullarini osonlashtirishda ko‘makdosh bo‘lgan. Hazrat Alisher Navoiy «Nasoyim ul-muhabbat» tazkirasida bunday yozadi: «Qo‘rqut ota r.a. turk ulusi orasida shuhrati andin ortig‘roqdurki, shuhratqa ehtiyoji bo‘lg‘ay. Mashhur mundoqdurki, necha o‘zidin burunqini, necha yil o‘zidin so‘nggi kelurni debdurlar. Ko‘p mav’izaomiz mag‘izliq so‘zlari aroda bor».
Qo‘rqut – yaxshilik, baraka, baxt ulashuvchi degan mazmunni ifodalaydi.
«Dostonning boshlanmasida Qo‘rqut ota o‘g‘uzlar orasidagi eng birinchi odam deb ko‘rsatilgan. Demak, Qo‘rqut ota o‘g‘uzlar uchun tarixning boshlanishi, o‘g‘uz urug‘lari undan taralganlar. Asardagi bunday dalil Qo‘rqut ota haqidagi syujetlar miloddan avvalgi asrlarda tug‘ila boshlanganini ko‘rsatadi», – deb yozadi olim Abdurashid Abdurahmonov.
Ozarboyjonning qadimiy yozma yodgorligida qahramonlik, donishmandlik, vatanparvarlik tarannum etilgan, o‘g‘uz turklarining qadriyat va an’analari aks etgan. Sobiq Ittifoq davrida «Qo‘rqut ota kitobi» taqiqlandi. 60-yillarga kelibgina asar «oqlandi».
«Qo‘rqut ota kitobi»da o‘zbek xalq og‘zaki ijodi bilan mushtarak jihatlar ham mavjud.
«Yozma manbalar orqali bizgacha yetib kelgan «Kitobi dada Qo‘rqut»ning uchinchi bo‘yi (dostoni) – «Bamsi Bayrak» syujet voqealari jihatidan «Alpomish» dostoniga yaqin turadi. Bu syujetdagi bir dostonning bir necha xalqlarda mavjudligi ularning milliy o‘ziga xosligini inkor etmaydi. Chunki bu dostonlarning qadimiy tarixiy-hayotiy asoslari bir bo‘lsa-da, ularning har biri keyingi taraqqiyotda o‘zlari mansub bo‘lgan xalqning epik an’analari doirasida rivojlandi, og‘zaki ijro va ijod sharoitlarida yashashda davom etdi», – deb yozgan edi akademik To‘ra Mirzayev.
«Qo‘rqut ota kitobi» dunyo miqyosida keng o‘rganilayotgan adabiy yodgorliklar sirasiga kiradi. Epos ko‘plab tillarga tarjima qilingan.
S.Salim
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter