Karantinda nonga, bozorga yoki boshqa ish yuzasidan chiqqan odamga qanday hujjatlar kerak bo‘lishi aytildi

AOKA shtabida Ichki ishlar vazirligi Axborot xizmati rahbari Shohrux G‘iyosov ishtirokida brifing bo‘lib o‘tdi. Brifingda muhim savol va murojaatlar yuzasidan javob qaytarildi.
— Karantin davrida nonga, bozorga, oziq-ovqat olishga ko‘chaga chiqyapmiz. Shunda ichki ishlar organlari xodimlari bir necha marotaba pasportimni so‘rashdi, men pasport olib yurishim shartmi?
— Ichki ishlar organlariga boshqa idoralar bilan hamkorlikda fuqarolarning karantin qoidalariga rioya etishlarini nazorat qilish, tartib buzganlarga nisbatan keskin chora ko‘rish vazifasi yuklatilgan.
Agar Siz karantin davrida ko‘chaga chiqsangiz, bilingki, har bir ichki ishlar organi yoki Milliy gvardiya xodimi Sizni to‘xtatib, ko‘chaga chiqish maqsadingizni so‘raydilar. Bunda albatta shaxsingizga aniqlik kiritish zarur. Agar yoningizda shaxsingizni tasdiqlovchi hujjat bo‘lmasa, Sizni Ichki ishlar organiga olib borib, shaxsingizni aniqlashtirishga zarurat tug‘ilishi mumkin.
Shuning uchun, hayotiy zarurat tug‘ilganida ko‘chaga chiqsangiz pasportingiz yoningizda bo‘lishi ShART! Agar Siz ishga ketayotgan bo‘lsangiz, qo‘shimcha, ishxona guvohnomasi va Siz ishga jalb etilganingiz xaqidagi rahbar tasdiqlagan ma’lumotnoma qo‘lingizda bo‘lishi shart. Ko‘chada bemaqsad yurganingiz aniqlansa, Sizga nisbatan jarima qo‘llaniladi.
— Mahallaga kirishda pogonli shaxslar har qanaqa «dostavka» (yetkazish xizmati) kirishini TAQIQLAMOQDA. Odamlar arkaga (maxallaga kirish) buyurtmalarini olish uchun to‘da bo‘lib borishadi. Nega pogonli xodimlar buyurtmani uygacha yetkazib berishga ruxsat berishmaydi?
— Haqiqatan, hozirgi vaqtda avtotransport harakatlanishini nazorat qilish maqsadida muayyan turar-joylarga kirish taqiqlangan. Avtotransport harakatlanishi mumkin bo‘lgan yo‘llar ichki ishlar va Milliy gvardiya xodimlari tomonidan nazoratga olingan. Afsuski, vaziyat taqozosiga ko‘ra, pogonli xodimlar turar-joylarga begona avtotransportlarni KIRITA OLIShMAYDI, hatto yetkazish xizmatini ham. Bu notanish odamlar bilan nazoratsiz aloqalarni kamaytirish yoki cheklash zarurati hisoblanadi.
Iltimos, bu zaruratga tushunish bilan yondashishingizni so‘raymiz.
— Men xorij universitetiga hujjat topshiryapman, «qizil pasport» kerak. Nima qilsam bo‘ladi?
— Chet elga o‘qishga hujjatni onlayn topshirayotgan bo‘lsangiz kerak. Afsuski, xozirda xorijga chiqish pasportini olishning ILOJI YO‘Q. Karantin cheklovlari tugatilganidan so‘ng, Siz hududiy migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘linmasiga murojaat qilib, o‘rnatilgan tartibda xorijga chiqish pasportini olishingiz mumkin.
FAKT: Bugungi kunda karantin qoidalarini buzganlar — 55 403 nafar shaxs. Ularning aksariyati yoshlar, ya’ni 18-30 yoshdagi fuqarolarni tashkil etadi. Qoidabuzarlarning 90 foizidan ko‘pi — tibbiy niqob taqmagan fuqarolar.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter