Norin tibbiyot birlashmasi boshlig‘i pora olayotganida qo‘lga tushdi

2017 yil 3 iyuldan 2018 yilning mart oyiga qadar Norin tuman tibbiyot birlashmasi boshlig‘i lavozimida faoliyat yuritgan T. Muxtorov (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) ishga joylashtirib qo‘yish evaziga 300 AQSh dollari talab qilib, ushbu pulni pora sifatida olayotgan vaqtda departament xodimlari tomonidan qo‘lga olindi.
Tibbiyot kollejini tamomlagan Sh. Burhonova 2017 yil dekabr oyida T. Muxtorovga Norin tuman tibbiyot birlashmasiga ishga qabul qilishni so‘rab murojaat qiladi. T. Muxtorov bo‘sh ish o‘rni yo‘qligini, agar bo‘sh ish o‘rni chiqib qolsa, xabar berishini bildirib, hujjatlarini tashlab ketishini aytadi.
Sh. Burhonova tibbiyot birlashmasidan chiqib ketayotib, shu yerda ishlovchi qo‘shnisi A. Sultonovani ko‘rib qoladi va unga qanday maqsadda kelganini aytadi. Shunda A. Sultonova unga kutib turishini tayinlab, o‘zi T. Muxtorovning oldiga kirib ketadi.
Shundan so‘ng Sh. Burhonova Tibbiyot birlashmasining «Tug‘ruqqacha tayyorlash bo‘limi»da 2018 yil mart oyiga qadar ish o‘rganib yuradi. Bu orada u yana qo‘shnisiga murojaat qilib, rahbar bilan gaplashishni iltimos qiladi. O‘z navbatida, T. Muxtorov A. Sultonovaga «Tug‘ruqqacha tayyorlash bo‘limi»ga ishga kiritish uchun — 300 AQSh dollari, boshqa bo‘limlarga esa, 200 dollarlik xarajati bor ekanini shipshiydi.
T. Muxtorovning bunday xatti-harakatidan norozi bo‘lgan A. Sultonova 2018 yil 10 mart kuni Iqtisodiy jinoyatchilikka qarshi kurash departamenti Namangan viloyat boshqarmasiga ariza bilan murojaat etib, Norin tuman tibbiyot birlashmasi boshlig‘i T. Muxtorov ishga qabul qilish evaziga 300 AQSh dollari talab qilayotgani haqida ma’lum qiladi.
Shundan so‘ng arizani tekshirib ko‘rish maqsadida tezkor tadbir tashkil qilinadi. A. Sultonovaga xolislar ishtirokida kimyoviy ishlov berilgan 300 AQSh dollari beriladi va tibbiyot birlashmasi rahbariga olib borishi kerakligi tushuntiriladi.
A. Sultonova qo‘l telefonidan T. Muxtorovga qo‘ng‘iroq qilib, Sh. Burhonovaning ota-onasidan aytilgan pulni olgani va Namangan shahrida joylashgan «Do‘stlik» buyum bozoriga kelsa, shu mablag‘ni berishini aytadi. T. Muxtorov tuman hokimligida yig‘ilishda ekanini bildirib, A.Sultonovaga ishxonaga kelishni tayinlaydi.
Shunday qilib, joriy yilning 10 martida T. Muxtorov o‘zining xizmat xonasida A. Sultonovadan 300 AQSh dollarini tamagirlik yo‘li bilan pora sifatida olayotgan vaqtda departament xodimlari tomonidan qo‘lga olindi.
Surishtiruv va tergov jarayonida T. Muxtorov Jinoyat kodeksining 210-moddasi 2-qismi «v» bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topildi va unga nisbatan tegishli tartibda jazo tayinladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter