Odra daryosida misli ko‘rilmagan ekologik fojia ro‘y berdi

Sharqiy Yevropadagi eng yirik daryolardan biri Odrada ekologik fojia ro‘y berdi. Germaniya, Polsha va Chexiya bo‘ylab oqib o‘tuvchining daryodan yuz minglab o‘lik baliq topilgan. Ushbu holat sabab Germaniya va Polsha o‘rtasida dahanaki tortishuv ham kuzatilmoqda.
Dastlab Odraning Polsha hududidan oqib o‘tgan qismida baliqlarning ommaviy nobud bo‘lishi kuzatilgan. Polsha atrof-muhitni muhofaza qilish idoralari holat yuzasidan tekshiruv boshlagan. Prokuratura esa ehtimoliy ekologik jinoyat bo‘yicha ish ochgan. Bu orada daryoning Germaniya hududidagi qismlarida ham o‘lik baliqlar topilgan.
So‘nggi ma’lumotlarga qaraganda, daryodan 200 tonna jonsiz baliq yig‘ib olingan. Rasmiy Varshava ham, Berlin ham bu holatni misli ko‘rilmagan ekologik fojia deb atamoqda.
«Bu joylarda 40 yildan beri baliq ovlayman, lekin bunday holatga ilk bor guvoh bo‘lib turibman. Odra daryosidagi sanoqsiz o‘lik baliqlarni ko‘rib tanamga titroq kirdi», – deydi Helmut Zan ismli baliqchi.
Har ikki tomon ham baliqlarning nobud bo‘lishida bir-birini ayblamoqda. Dastlabki laboratoriya tekshiruvlari daryo suvida simob yo‘qligi, ammo sho‘rlanish ko‘rsatkichi oshib, kislorod miqdori tushib ketganini ko‘rsatgan. Biroq hozircha baliqlar aynan nimadan halok bo‘lgan degan savolga uzil-kesil javob berish imkonsiz.
Polsha bosh vaziri Mateush Moravetskiy baliqlarning nobud bo‘lishini ekologik jinoyat deb malakalagan.
«Daryoga ongli ravishda ko‘p miqdorda kimyoviy chiqindilar tashlangan bo‘lishi mumkin. Biz aybdorlarni topib jazolamaguncha tinchimaymiz», – degan polyak hukumati rahbari.
Polsha politsiyasi Odra daryosining zaharlanishiga doir qimmatli axborot uchun 1 mln zlotiy (210 ming yevro) mukofot va’da qilgan.
Germaniyaning Brandenburg federal yeri qishloq xo‘jaligi va atrof-muhit vaziri Aksel Fogel baliqlarning ommaviy o‘limiga turli omillar, jumladan, suv sathining pasayishi va qurg‘oqchilik sabab bo‘lganini ham istisno etmagan.
Soha mutassislariga ko‘ra, ushbu ekologik fojia nafaqat baliqchilik, balki turizmga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Ayni paytda daryoda cho‘milish va baliq ovlash man etilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter