«Otamni qo‘limda ko‘tarib ko‘chaga olib chiqardim...»

Navoiy viloyatining Konimex tumanida ilk marotaba O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri o‘rinbosarining sayyor qabuli tashkil etildi. Sayyor qabulda 200 dan ortiq aholi ishtirok etdi. Fuqarolar uchrashuv davomida tibbiy xizmatdan foydalanish, yo‘l qurilishi, suv chiqarish, bandlik hamda ichki ishlar organlariga taalluqli bo‘lgan boshqa bir qator masalalar bilan murojaat qilishdi.
«Mening otam 3 yildan buyon to‘shakka mixlanib yotib qolgandi. Sharoitimiz kelishmagani uchun u kishiga nogironlik aravachasi olib berolmaganmiz. Bundan oldin bir necha marta mutasaddi tashkilotlarga nogironlik aravachasi so‘rab murojaat qilgan edim. Lekin mening so‘rovim e’tibordan chetda qolgani uchun otamni yelkalab tashqariga olib chiqardik,-deydi fuqaro Narzulla Boymurodov alam bilan. Bugun yuqoridan kelgan vazir o‘rinbosarining sayyor qabuliga kelib murojaat qilgan kunimning o‘zidayoq uyimizga nogironlik aravachasi keltirib berildi».
Taajjub, bu savob ishni tumandagi mutasaddilar qilsa bo‘lmasmidi? Agar vazir o‘rinbosari kelmaganida, bu muammo yana necha yil muammoligicha qolarmidi?
Shuningdek, sayyor qabul jarayonida yozib olingan murojaatlar asosida 6 nafar fuqaroga nogironlik aravachasi, 4 nafar imkoniyati cheklangan shaxslarga maxsus qo‘ltiqtayoqlar, 2 nafar fuqaroga eshitish apparati olib berildi. Shuningdek, 50 nafar murojaatchining tibbiy xizmat, ishsizlik, nafaqa olish, ishni qayta tiklash masalalari o‘z joyida ijobiy yechib berildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter