Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Anomal issiqda «Tez yordam»ga qariyb 250 mingta chaqiruv bo‘lgan – SSV

Anomal issiqda «Tez yordam»ga qariyb 250 mingta chaqiruv bo‘lgan – SSV

Joriy yilning 2-5 iyul kunlari O‘zbekiston hududiga janubdan juda issiq ob-havo oqimlari kirib kelishi natijasida shu kunlari mamlakatda anomal issiq kuzatildi.

Respublika tez tibbiy yordam markazi direktori Abduvoitjon G‘ofurovning ma’lum qilishicha, anomal issiq kuzatilgan davrda respublika bo‘yicha tez tibbiy yordam xizmatiga jami 247 ming 459 ta chaqiriq kelib tushdi. Ularning 172 ming 676 tasini shoshilinch ko‘rsatma, 65 ming 163 tasini esa surunkali kasalliklar bilan bog‘liq murojaatlar tashkil etdi.

Ta’kidlanishicha, tegishli mas’ul tashkilotlar tomonidan ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlar orqali fuqarolarga anomal issiq havo sharoitida ehtiyot choralarini ko‘rish to‘g‘risida berilgan tavsiyalar tufayli chaqiriqlar soni undan oldingi hafta (24-29 iyun)ga nisbatan 1,2 foizga kamaygan.

«Odatda, yoz faslida yurtimizda mintaqamizga xos bo‘lgan quruq issiq kuzatiladi. Ayniqsa, so‘nggi kunlarda dunyoning ko‘plab mamlakatlarida bo‘lgani kabi O‘zbekistonda ham yuqori harorat saqlanib qolmoqda.

Albatta, bunday paytda, eng avvalo, surunkali kasalligi bo‘lgan, dispanser nazoratida turuvchi bemorlar, yosh bolalar, homilador ayollar va keksalar salomatligiga alohida e’tibor talab etiladi.

Shu bois, ular sog‘ligini tibbiy nazoratga olish, zarurat bo‘lganda shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish lozim. Ayniqsa, issiq havoda surunkali xastaliklar xuruj qilishini e’tiborga olsak, «Tez yordam» xizmati xodimlari zimmasiga katta mas’uliyat yuklanadi», – deydi A.G‘ofurov.

Shu o‘rinda vazirlik zarurat bo‘lmasa, aholidan jazirama payti tashqariga chiqmaslikni, tez-tez suyuqlik ichish, imkon qadar yog‘li, dudlangan taomlar tanovul qilmaslik, aksincha, ko‘proq meva va sabzavotlar iste’mol qilishni tavsiya etmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring