O‘zbekistonda 1,5 ming nafardan ortiq mansadbor shaxs korrupsiyada ayblanmoqda

O‘zbekistonda pora olish, berish va olish-berishda vositachilik qilish 13 foizga kamaygan.
O‘zbekistonda 2017-yilning birinchi yarim yili davomida korrupsiyaga aloqadorlikda gumon qilingan 1566 nafar mansabdor shaxsga nisbatan 1130 ta jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Bunday raqamlar korrupsiyaga qarshi kurashish respublika idoralararo komissiyasi tomonidan tayyorlangan tahliliy hisobotida qayd etilgan, deyiladi «Sputnik» xabarida.
Sud organlariga 1442 nafar mansabdor shaxsga nisbatan 954 ta jinoyat ishlari yuborilgan. Ushbu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 23 foizga, qo‘zg‘atilgan jinoiy ishlar soni esa 22 foizga kamaygan. Shuningdek, korrupsiya jinoyatlari natijasida yetkazilgan zararning 77 foizi undirib olingan.
Korrupsiyaga aloqador bo‘lgan jinoyatlarning tahlili shuni ko‘rsatdiki, bu turdagi barcha jinoyatlar soni kamaygan. Jumladan, Jinoyat kodeksining 207-moddasi mansabga sovuqqonlik bilan qarash — 39 foizga, 209-moddasi mansab soxtakorligi — 38 foizga, 167-moddasi o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish — 37 foizga, 205-moddasi hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish — 35 foizga, 206-moddasi hokimiyat yoki mansab vakolatidan chetga chiqish — 31 foizga, 210-212-moddalari pora olish, berish va olish-berishda vositachilik qilish — 13 foizga kamaygan.
Hozirgi kunda O‘zbekistonda qonun loyihasi ishlab chiqilmoqda. Unga ko‘ra mansabdor shaxslarga majburiy tartibda har yili mol-mulki to‘g‘risida deklaratsiya, daromad va xarajatlar haqida ma’lumotlar, shuningdek, oila a’zolari — ota-onalari, turmush o‘rtog‘i, farzandlari daromadlari va xarajatlari haqida ma’lumotlar taqdim etish majburiyatini yuklatish nazarda tutilgan.
Agarda davlat xizmatchisi o‘z daromadlari va mol-mulki, shuningdek, oila a’zolariga tegishli daromad va mol-mulklari haqida noto‘g‘ri ma’lumot taqdim etgan hollarda, ushbu mansabdor shaxs ishdan bo‘shatiladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter