O‘zbekistonda odil sudlov biz uchun ushalmas orzumi?

Shumxabar
2011-yil 26-aprel. Namangan.
Viloyat yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasining ro‘parasida ko‘rkamgina bino qad rostlagan. Bu binoda Bosh prokuraturasi qoshidagi Soliq va valyutaga oid jinoyatlarga, jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish (SVOJJDLQK) departamentining Namangan viloyat boshqarmasi (keyingi o‘rinlarda «departament») joylashgan.
Yaqindagina ta’mirdan chiqqan, girdida jigarrang davlat gerbi osilgan bu boshqarmada ertalabdan g‘ala-g‘ovur boshlanib ketdi. Boshqarma boshlig‘i marmar zinadan tushayotib yordamchisini uchratib qoldi:
— Shef, Toshkentdan «zvonok» bo‘pti.
— Nima gap, tinchlikmi?
— Sobir akaga jinoiy ish qo‘zg‘atilganmish.
Salobati har qanday insonni hurkitadigan boshqarma boshlig‘i uncha-munchaga o‘zini yo‘qotmaydigan odam. Ammo bu xabar uni esankiratib qo‘ydi. Quloqlariga ishonmay so‘radi:
— Nima?! Batafsilroq gapir!
— Aniq bilmayman. Sizni telefonda respublikadan so‘rashayapti.
Boshqarmada bu xabar zudlik bilan tarqaldi, farroshdan tortib darvozada qo‘riqchilik qiladigan melisalargacha hammaning og‘zida shu gap. Tushlik mahali boshqarmaning oshxonasida ham qizg‘in bahs davom etdi:
— Eshitdingizmi, Sobirjon akani «vzyatka» bilan javobgar qilisharkan.
— Qaysi? Nanaylik Sobirjon akami? Og‘zim bor deb har xil gapni gapiraverarkan-da. Sobirjon aka «olmasligini» hammamiz bilamiz, 15 yildan beri mikrorayonda ikki xonali uyda o‘tiradi. Qaydan olding bu gapni?
— Xudo ursin agar, hozir «shef»ning haydovchisidan eshitdim. Bugun ertalab boshqarmada shu masalada majlis bo‘pti.
Departamentda hammaning yoqimtoyi hisoblangan, kollektiv ichida o‘zining saxovatpeshaligi bilan tanilgan Sobirjonga Toshkent shahar prokuraturasida Jinoyat kodeksining 210-moddasi bilan jinoiy ish qo‘zg‘atilgani haqidagi shumxabar sababli boshqarmada mahzun bir kayfiyat hukm sura boshladi...
Tarix
Sobirjonning bolaligi tog‘u toshlar orasida o‘tgan. Ovchilik ota meros. Qishmi-yozmi farqi yo‘q, imkon topildi deguncha otasi bilan ovga chiqishadi. Darsdan tashqari paytlarda el qatori mol-qo‘y, tovuq, kurka, g‘ozlarga qaraydi. Undan tashqari uylarida 20-30 tacha asalari yashigi bor. Oilaviy asalarichilik bilan shug‘ullanishadi.
5-sinflik paytidan otasi har yozda bir suruv qo‘y bilan toqqa yuboradigan bo‘ldi. Yoz bo‘yi qo‘y boqib, qaytishda qish uchun o‘tin g‘amlab tushardi. Shu tariqa bolalikni o‘tkazib, o‘n sakkiz yoshida hamma tengdoshlari kabi Toshkentga o‘qishga hujjat topshirishga qaror qildi.
Poytaxtga jo‘naydigan kuni otasi Abdurahim aka o‘g‘lini huzuriga chaqirdi. Zohiran juda qattiqqo‘l va jiddiy bu odam aslida qalban mehribon, lekin sakkizta farzandini chiroyli tarbiya qilish uchun doim o‘z prinsiplariga amal qilishga uringan. Hozir ham jigarini bag‘ridan uzib berayotganiga qaramay, ko‘z-yoshlarini yashirdi:
— O‘g‘lim, mana bu 100 so‘mni oling. Yo‘lkira va boshqa xarajatlaringizga ishlatasiz. O‘qishga kirib, akangiz va ikki opangizdek yuzimni yorug‘ qilsangiz, bu pul sizga mendan hadya. Mabodo o‘qishga kirolmasangiz, oila budjetiga zarar yetmasin. Sizdan keyin yana to‘rttasi bor, bilasiz, qolgan aka-opalaringiz Toshkentda. Severniy vokzalga borsangiz, Kemerovodan poyezdda ko‘mir keladi. Ko‘mir tushirib, bir-ikki so‘m topib olib kelsangiz, qaytarib joyiga qo‘yib qo‘yamiz.
Sobirjon otasining «100 so‘mga kuni qolmaganini» yaxshi biladi. Chunki u qishloqda kimsan Abdurahimboy. Abdurahim aka qishloqda ovchilar jamiyatining raisi, asalarichilarning kattasi. Qishloqda saxovatli uchta boy bo‘lsa, biri shu odam. Savdogarlik bilan ham shug‘ullanib turadi, sovet odamiga o‘xshamaydi, dunyoning ko‘p mamlakatlarini kezgan.
Lekin Sobirjon hozir otasiga nima ham desin, yoshligidan shunday katta bo‘lishgan. O‘zlariga to‘q yashagan bo‘lishlariga qaramay, otasi hech qachon isrofga yo‘l qo‘ymagan. Farzandlarga ham o‘z peshona teri bilan pul topishni o‘rgatgan.
Oradan yillar o‘tdi. Toshkent xalq xo‘jaligi institutini tamomlagach, Namanganda davlat soliq inspeksiyasiga ishga kirib, halollik, to‘g‘riso‘zlik va mehnatkashlik xislatlari bilan 27 yoshida shahar DSIga «zamnachalnik» bo‘ldi. Keyinchalik otasiga bergan va’dasi sabab egallab turgan lavozimidan kechib, yangi ochilgan Bank va moliya akademiyasida ilm oldi.
Akademiya mutaxassisligi bilan Namanganda departamentga ishga olindi, qisqa muddat ichida muvaffaqiyat pillapoyalaridan ko‘tarila boshladi. Ichki ishlar akademiyasining «Tezkor qidiruv faoliyati» kursini o‘qib, departamentning tezkor xodimiga aylandi. Iqtisodiy jinoyatlarni aniqlashdagi yuksak yutuqlari tufayli bir necha yilda prokuratura mayori bo‘ldi. Lekin avval qamalib, keyinchalik sudlanganligi olib tashlangan qarindoshining o‘tmishdagi «qilmishi» eski siyosat sabab Sobirjonni rahbarlik lavozimlaridan to‘sib qoldi.
Davlat xizmati uchun bag‘ishlagan 20 yillik faoliyatida asosan iqtisodiy jinoyatlarning oldini olish, aniqlash va davlatga yetkazilgan zararlarni undirish bilan shug‘ullandi. Lekin endi uning o‘ziga jinoiy ish ochildi. Unga u departament xodimi sifatida tekshirgan korxonada «kamomadlarni yashirish va boshqa korxonalarini tekshirmaslik uchun» o‘sha korxona rahbaridan 2000 AQSh dollarini pora sifatida olganlik aybi qo‘yildi. Toshkentdan shumxabar kelgan kunning ertasiga Sobirjondan ikki kun oldingi sana bilan «ishdan o‘z xohishiga ko‘ra bo‘shatishni so‘rab» ariza yozdirib olindi.
Besh kunlik tergov
2011-yil 28-aprel. Toshkent.
Ayblov e’lon qilingan kunning ertasigayoq tergov boshlandi. Tergovning uchinchi kuni tergovchi, Sobirjon, uni pora olganlikda ayblagan tadbirkor aka-uka Niyozovlar va o‘zini tanishtirmagan fuqaro kiyimidagi bir odam ishtirokida yuzlashtiruv bo‘lib o‘tdi. Yuzlashtiruv tugagach, fuqaro kiyimidagi odam va tergovchi ularni xonada yolg‘iz qoldirishdi. Imkoniyatdan foydalanib Sobirjon ham yorildi:
— Insofing bormi senlarning, men senlardan qachon pora olgandim? Korxonangni tekshirganimda 11 millionlik jarima solganimning alamini olayapsanlarmi? Men senlarni jinoyatlaring uchun jazoga tortgandim axir!
Aka-ukalarning ikkovi ham yerga qarab o‘tirardi. Ukasi Rustam yig‘lamsirab gap boshladi:
— Sobirjon aka, bizni kechiring. Farzandlaringizning oldida, sizning oldingizda gunohga botdik. Bir umr vijdonimiz qiynaladi. Xitoydan kelayotgan yukimiz chegarada qo‘lga tushgandi. Bizni qamoqxonada «sindirishdi». Hech narsamiz qolmadi, hamma mulkimizni davlatga yetkazilgan zararni to‘lash uchun sotdik. Lekin buyam yetmadi. Shuning uchun bizning korxonalarimizni shu kungacha tekshirgan va tergov qilgan organ xodimlarining barchasiga «pora berdik» deb ko‘rgazma bermasak, biz qamoqdan chiqmas ekanmiz. Agar shunday ko‘rgazma bersak, JKning 55-moddasi asosida bizga yengillik bo‘larkan. Bitta sizmas, yana ikki-uch kishining ustidan yozib berganmiz. Jon aka, kechiring. Boshqa choramiz qolmagandi.
— O‘zlaringni himoya qilish uchun meni qurbon qilayapsanlarmi?!
— Kechiring, aka, kechiring.
Sobirjon nima deyishni ham bilmay qoldi. Dunyo ko‘ziga qorong‘i ko‘rinib, yuragiga og‘riq kirdi...
2011-yil 29-aprel. Toshkent.
Tergovda dalillar orasidagi turli ziddiyatlar ishni yanada chigallashtirdi. Tergovchi xonasida sigaretini tutatib, jinoiy ish materiallarini ko‘zdan kechirib o‘tirganda qo‘ng‘iroq bo‘ldi:
— Bizning ish nima bo‘layapti?
— Ishlar chatoq. Rustam «myen o‘tgan yili telefon orqali gaplashib, 2000 «qog‘oz»ni bergani ishxonasiga borganman» degandi. Birinchidan bir yil oldingi narsani tasdiqlab bo‘lmayapti. Pora predmeti ham, guvohlar ham – hech narsa yo‘q. Keyin kecha MTS va xizmat xonasidagi telefonlardan o‘sha kungi qo‘ng‘iroqlar tarixini oldik. U sanada Rustam Sobir bilan telefonda gaplashmaganakan.
— Shu xolosmi? Yana nima gap?
— Sobir aybiga iqror bo‘lmayapti. Tergov ishida qayta taftish dalolatnomalari bor edi. Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan o‘tgan yili Sobir tekshirgan korxonada qayta o‘tkazilgan taftish bor-ku, o‘sha. U korxonani tekshirgan paytda aniqlangan kamchiliklar qayta taftishda tiyin-tiyinigacha to‘g‘ri chiqqandi... Arizachi esa kamomad haqidagi ko‘rsatmasini inkor qilib, «biz adashibmiz» deyapti.
— Xo‘sh, nima bo‘pti? «Aka-ukaning boshqa firmalariyam bor, o‘shalarni tekshirmaslik evaziga pora olgan» deb qo‘shib qo‘yamiz degandingiz-ku.
— To‘g‘ri, qo‘shib qo‘yganmiz. Lekin boshqa korxonalarni tekshirish Sobirning vakolatiga kirmaydi. O‘shanda ham tergovchining hujjatli tekshirish o‘tkazish haqidagi qarori bo‘lmasa, Sobir boshqa korxonalarni tekshirolmasdi-da. 210 hech qanaqasiga yopishmayapti.
— Bir yo‘lini qiling! Ish yana tergovga qaytmasin.
— Tushunib turibman, yana tergovga qaytsa, bizga qattiq gap tegadi. Risk qilolmaymiz.
Shu asnoda ish tergovchi uchun chappasiga aylana boshladi. Telefon aloqa kompaniyalari va Soliq qo‘mitasidan kelgan dalolatnomalardan tashqari, ayblovchi tomon aka-uka Niyozovlar bergan ko‘rsatmalarning bir-biriga zid chiqib qolgani ham ishni «rasvo qildi». Qo‘yilgan ayblov tuhmat ekani hujjatlarda ham o‘z isbotini topa boshladi.
Lekin negadir bu jinoyat ishi aybi isbotlanmayotgan Sobirjonning foydasiga hal bo‘ladiganga o‘xshamasdi.
2011-yil 30-aprel. Toshkent.
Sobirjon tergovchi bilan oxirgi marta suhbatlashdi:
— Aka-ukalar mendan tashqari o‘sha ishga jalb qilingan tergovchiga ham tuhmat qilgandi, uning ishi nima bo‘ldi, ikkalamizga bitta xizmat tekshiruvi o‘tkazilgandi?
— U kishini unuting. Iltimos qilishdi. Siz haqingizda hech kim iltimos qilmadi.
— Tuhmatligini bilganingiz uchun bitta iltimos bilan u tergovchini osonlikcha tergovdan chiqarib tashlagansiz. Menikiyam tuhmat-ku. O‘zingiz ko‘rib-bilib turibsiz-ku, jon uka. Men tergov xulosasidan noroziman. Aybim hech qanaqasiga isbotlangani yo‘q. G‘irt yolg‘on ko‘rsatmani deb meni juvonmarg qilib yuborasizmi? Men sudda buni ochiq-oydin aytaman. Oxirigacha boraman, aybsizligimni isbotlash qo‘limdan keladi. Men yosh bola emasman, axir. 20 yillik tajribam bor.
— Aka, qiziqsiz-a, bu «mustaqil O‘zbekiston». Shu vaqtgacha eshitganmisiz O‘zbekistonda biror odam sudda oqlanganini? Bizning aytganimiz bo‘ladi. Masalan, men tergovchiman, aslida mustaqilman, lekin men ham mustaqil emasman. Tekshirish o‘tkazganingizga bir yildan o‘tibdi, siz amnistiya aktiga to‘g‘ri kelasiz. Amnistiyaga roziman deb yozib bering.
— Men yo‘q aybni bo‘ynimga olmayman, amnistiyaga ham rozi bo‘lmayman!
Tergovchi bu javobni eshitib asabiylasha boshladi. Jahli chiqayotgani yuz-ko‘zidan bilinib turardi. Qo‘l telefoni orqali kim bilandir bog‘landi. Holatni tushuntirgach, biroz sukut saqlab u tomonni eshitdi. Go‘shakni qo‘ygach, shiftga qarab chuqur xo‘rsindi va yana Sobirjonga yuzlandi:
— Yaxshi, unda sudda amnistiyaga roziman deb yozib berasiz. Sud jarayonida aqllilik qilsangiz, ish qayta tergovga yuborilsa, boshidan tergov qilib Namanganda(departamentda)gi 10 yillik ish faoliyatingizda o‘tkazgan barcha tekshirishlaringiz bo‘yicha fuqarolarni chaqirtirib, sizga nisbatan majburiy ravishda ko‘rgazma olib qamaymiz. Ahmoqlik qilmang.
Sobirjon ishning jiddiy ekanini, bu soxta uyushtirilgan tergov ishining natijasi oldindan hal qilib bo‘linganini tushunib yetdi va endi iltimos qilishga tushdi:
— Jon uka, uchta farzandim bor, axir. Rahm qiling. Men prokuratura departamentida 10 yil ishladim, lekin vijdonimni sotmadim. Birovning haqini yemadim, davlatning, xalqning pulini himoya qildim. Farzandlarim poraxo‘rning o‘g‘li degan tamg‘ani qanday ko‘tarib yuradi? O‘g‘lim bu yil universitetga kirmoqchi. Ularning kelajagi nima bo‘ladi? Mening kelajagim nima bo‘ladi, bu modda bilan meni hech qayerga ishga olmaydi. Keyin sudda porani nima uchun olgansan desa, men nima deb javob beraman, axir pora evaziga nimadir ish qilgan bo‘lishim kerak-ku!?
Tergovchi oxirgi savolga o‘ta sovuqqonlik bilan javob qaytaradi:
— U yog‘idan xavotir olmang, biz aytib qo‘yamiz.
Sobirjon shok holatiga tushdi. Aka-uka Niyozovlarning ishi yuzasidan yana 12 kishiga jinoiy ish ochilgan, ularning ichidan yana 6 kishida aynan shu 210-modda ham bor edi. Sobirjon bu odamlarning orasida o‘zining hech kim emasligini, uzoq yillik faoliyati mana shu pardalari tushirilgan, kirganda odamning nafasi qaytadigan xonada o‘z yakuniga yetganini tushunib yetdi. Tergovchi shu kuni besh kungina davom etgan tergovni yakunlab, tergov hujjatlarining hammasi Sobirjonning foydasini aks ettirib turishiga qaramay, pora olishdek og‘ir jinoyat haqida ayblov xulosasini sudga oshirdi.
Sudlanuvchisiz o‘tgan sud
2011-yil 17-may. Namangan.
Ertaga Sobirjonning qizi 16 yoshga to‘ladi. Agar shu tergov ishi ijobiy yakun topsa, qizining tug‘ilgan kunida oilasini dam olgani olib bormoqchi edi. Lekin ertaga Toshkentda sudda qatnashishi kerak. Qamab yuborishadimi yoki ozod bo‘ladimi, bilmaydi. Tergovchining gaplariga ishonmaydi. Ammo Sobirjon hali ham umidini uzgani yo‘q. «Sudda hammasini aytib bersam, isbotlanmagan dalillarni taqdim etsam, balki sudya menga insof qilar» deb o‘yladi. Yarim tungacha qonun hujjatlarini kovlab, sudda o‘zini himoya qilishga tayyorlandi. Chunki tergov hujjatlarining barchasi uning foydasiga guvohlik berayotgan edi. Unga qo‘yilgan ayblov shu qadar asossiz ediki, u hatto advokat yollashga ham uyalgandi.
Soat millari tunning qoq yarmidan oshganda ko‘ziga yosh olib, o‘g‘liga uni xuddi oxirgi marta ko‘rib turgandek gapira boshladi:
— O‘g‘lim, ertaga nima bo‘ladi, bilmayman. Mabodo qaytmasam, men kelgunimcha onang, ukang va singlingga yaxshi qaragin, xo‘pmi? Mendan keyin oila boshlig‘i sensan, ularni xafa qilmagin, ko‘z qorachig‘ingdek asragin. Yana bir gap. Esingdan chiqarma, ertaga meni aybdor qilishsa, men qachondir oqlanishim uchun sen buyuk inson bo‘lishing kerak. Yaxshi o‘qigin, xo‘pmi, o‘g‘lim?!
2011-yil 18-may. Toshkent.
Sud qabulxonasi. Hamma davlat tashkilotlarida uchraydigan, yerga solingan qizil rangli gilam bugun Sobirjonning asabini buzdi. Yerga qaramaslikka harakat qilib, shiftga termilib o‘tirdi. Qabulxonada sud boshlanishini kutib o‘tirar ekan, sudyaning kotibi kelib unga «ariza yozib berar ekansiz» dedi. Ruchka bilan qog‘ozni ushlab, biroz o‘ylanib qoldi. Ammo tergovchining tahdidi esiga tushib seskandi.
«Hozircha amnistiyaga roziman deb yozib berib turaveray-chi, sudya tergov materiallarida hech qanday asos yo‘qligini bilsa, menga tergovchi bosim o‘tkazganini darhol sezsa kerak, sudda o‘zimdanam so‘rashi aniq, nega bo‘yningga olayapsan, asos yo‘q-ku deb, o‘shanda hammasini aytib beraman» deb xayol qildi va ariza yozib berdi. Kotib esa beparvogina:
— Rahmat, 10 kundan keyin kelarkansiz, — dedi.
Oradan 10 kun o‘tib, aka-uka va singillari bilan yana sud qabuliga keldi. Ammo kutilmaganda uning qo‘liga sud ajrimini tutqazishdi. Unda sudya, prokuror, tarjimon va sudlanuvchi ishtirokida go‘yoki sud bo‘lib o‘tgani va sudda sudlanuvchi Sobirjon Jinoyat kodeksining 210-moddasi 1-qismi bilan pora olganlikda aybdor deb topilgani va tegishli tartibda amnistiya qilingani yozilgan edi. O‘zbekiston poytaxtining qoq markazida bo‘lib o‘tgan «odil» sudda sudlanuvchining ishtirokisiz ajrim chiqarilganidan u qattiq g‘azablandi. Qog‘ozni beixtiyor g‘ijimlab kotibga qaradi.
— Hech qanday sud bo‘lmadi-ku?!
— Nega bo‘lmas ekan, ajrimi qo‘lingizda turibdi-ku. Uyingizga ketaverarkansiz, qamalmaganingizga xursand bo‘lsangiz-chi.
20 yil davlatga xizmat qilgan, davlat o‘zi o‘qitib, o‘zi pogon berib, o‘zi aziz qilgan prokuratura mayori, adliya kichik maslahatchisi Sobirjonning taqdiri shu kundan e’tiboran keskin burilishga uchradi.
Hayotning og‘ir zarbasiga uchragan Sobirjon o‘z uyiga jinoyatchi sifatida qaytdi va kuchli depressiya oqibatida shifoxonada davolandi. Yillar davomida uni hech qayerga ishga olishmadi, oila tebratish uchun qishlog‘iga borib dehqonchilik bilan shug‘ullandi. Uquvsizlik qildimi, ishi yurishmadi. Ko‘plab rahbarlarning, viloyatdagi aksar davlat tashkilotlarining eshigini taqillatib bordi. Qayerga bormasin, unga «JK-210» hamisha hamroh bo‘ldi. Oilasining moliyaviy ahvoli og‘irlashgani sayin o‘zining butun umrlik faoliyati ba’zi iymonini shaytonga sotgan pastkashlar qo‘lida o‘yinchoq bo‘lganini hech ham hazm qilolmasdi...
Umid
«JK-210» sabab uni hech qayerga ishga olishmagan, itdek quvib haydashgan bo‘lsa-da, Alloh taolodan kelgan taqdirni bo‘yniga oldi. Bu voqea uning o‘g‘li katta hayotga qadam qo‘yayotgan paytda, 2011 yil 1 avgust imtihonlaridan 3 oy avval sodir bo‘lgandi. Mana shu sinov o‘z navbatida uning o‘g‘liga ham katta dars bo‘ldi. O‘g‘li Javohir albatta yaxshi o‘qishi kerakligi, kelajakda otasining nomini oqlash oilasi sha’ni uchun o‘ta zarur ekanligini doim his qilib yurardi. Va nihoyat, hali oqlanmagan bo‘lsa-da, otasining qarshiligiga qaramay, hozir sizga ushbu maqolani yozib o‘tiribdi... Ochig‘ini aytsam oson bo‘lmayapti.
Begunoh odamlarning yillab qamoqlarda o‘tirib chiqayotganini ko‘rib, bu mavzuda birovga shikoyat qilishga ham haqli emasdek tuyulardim. Ammo otam… Otamga bu sinov qattiq ta’sir qildi. Shuningdek, otamning hikoyasi tizimdagi qator kamchiliklarni hech qanday ortiqcha izohsiz suv yuziga olib chiqa oladi deb o‘yladim va Yaratganga tavakkal qilib bu voqeani qog‘ozga tushirdim.
Shavkat Mirziyoyev prezident etib saylangach, hamma qatori men va aybsiz aybdor qilingan otamda ham umid uchqunlari uyg‘ona boshladi. Ayniqsa sudyalarning ommaviy murojaati bizni ilhomlantirib yubordi. Ularning odil sudlov haqidagi va’dalari bizni 7 yil deganda bu tergov ishi hujjatlarini qayta ochishimizga undadi. Tergov hujjatlarini taftish qilish jarayonida o‘zim ham salkam advokatga aylanib qoldim. Qo‘limizdagi tergov hujjatlari asosida bu noqonuniy sud ishida biz aniqlagan o‘nlab (!) qonunbuzarlikning hammasini 18 varaqlik shikoyat arizasiga joylab Toshkent shahar sudiga murojaat qildik. Qayta sud belgilandi.
Ammo… «Qarg‘a qarg‘aning ko‘zini cho‘qimaydi» degan gapni eshitganmisiz? Shu gapni rosa bilib aytishgan ekan. Afsuski, qarg‘a qarg‘aning ko‘zini cho‘qimadi. Oliy sudgacha shu ahvol davom etdi. Oliy sud esa «amnistiyaga o‘zingiz rozi bo‘lgan ekansiz» deb sud ajrimini o‘zgarishsiz qoldirdi. Adolat qaror topishiga umid qilishda davom etib, sud ajrimini bekor qilishga asos bo‘luvchi holatlar haqida so‘rab Prezidentning virtual qabulxonasiga murojaat qildik. Otamga nohaq e’lon qilingan ajrim bundan 7 yil avval, men tug‘ilgan 28 may kuni kuchga kirgan edi. Ne baxtki, oradan 7 yil o‘tib, men tug‘ilgan 28-may kuni virtual qabulxonadan bizga xushxabar keldi. Unda aytilishicha, sudlanuvchining ishtirokisiz o‘tgan noqonuniy sudning ajrimi darhol bekor qilinishi va sudlangan odam oqlanishi kerak ekan. Eng qizig‘i, Oliy sudgacha birorta instansiya sudi bu haqida bizga lom-mim demadi...
Ba’zi amaldorlarning qilmishlari uchun butun boshli tizimni ayblab bo‘lmaydi, buni yaxshi tushunamiz. Ammo O‘zbekiston sud tizimining barcha qatlamlarida qonun ustuvorligi o‘rnatilmas ekan, noinsof rahbarlar bundan o‘z manfaati yo‘lida foydalanishda davom etadi! O‘zbekiston Prezidentining farmoniga ko‘ra fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularga tajovuz qilish holatlari yuzasidan barcha zarur choralarni ko‘rish, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqish tartibini buzish va sansalorlikka yo‘l qo‘ymaslik belgilangan edi. 2017-yil 13-iyundagi nutqida esa Shavkat Mirziyoyev «sudlarga xalq baho berishi kerak» deb ta’kidlagandi. To‘g‘riyam-da, axir xalqning boshiga kulfat tushsa, uning huquqlari toptalsa, u dardini aytib boradigan yagona joy sud-ku!
Hozir shikoyatimiz Oliy sudning jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atida ko‘rilayapti. Otamning aytishicha, Oliy sud hay’atida otamni qabul qilgan xodimning muomala madaniyati ham sud tizimida fuqarolarga bo‘lgan munosabat ancha ijobiy tomonga o‘zgarganini ko‘rsatadi. Odamni yanada xursand qiladigani shuki, yangi siyosatning shamollari ko‘p xonadonlarga quvonch onlarini uchirib kirdi. Oxirgi oylarda ko‘plab nohaq qamalganlar oqlandi. Biz va bizni yaqindan kuzatib, bizga dalda bo‘lib turgan yuzlab yaqinlarimiz, qarindosh-urug‘larimiz ham sud tizimidagi islohotlarni, Shavkat Mirziyoyev bergan va’dalarning isbotini o‘z tanamizda his qilishni juda-juda xohlar edik. Buning uchun biz sudlarimizdan juda ko‘p narsa so‘ramaymiz... Bizning barcha huquq va erkinlikliklarimiz O‘zbekiston qonunlari bilan mustahkamlangan. Ana shu qonunlarga amal qilinsa kifoya... O‘zbekistonda qonun ustuvorligini so‘rayapmiz xolos.
Javohir Izzatullayev
P.S. Yuqorida aytilgan tergov jarayoniga oid barcha ma’lumotlarga tergov ishi materiallari guvohlik beradi. Shaxsiy daxlsizlik omilidan kelib chiqib, barcha voqea ishtirokchilarining ism-familiyalari o‘zgartirildi.
Ushbu blogpost Blogerlar chempionatining ikkinchi bosqichida ishtirok etdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter