«O‘zbektelekom» AKda ishlovchi xotin-qizlarga ikki muhim qonun tushuntirib berildi (foto)
2019-yil 24-oktyabr kuni «O‘zbektelekom» aksiyadorlik kompaniyasi va filiallarida faoliyat yuritayotgan xotin-qizlar va rahbar xodimlar uchun «Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida»gi hamda «Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunlarning mazmun-mohiyatini o‘rganishga bag‘ishlangan seminar o‘tkazildi.
«Telekommunikatsiya va personalni rivojlantirish markazi» filialida videokonferensiya tizimi orqali tashkil etilgan seminarda barcha viloyatlar va Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi xodimlar ishtirok etdi.
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston aholisining 49,8 foizini (16,2 mln.) xotin-qizlar tashkil etib, umumiy band bo‘lgan aholi hisobida ularning ulushi 45,8 foiz (6,2 mln.)ga yetgan.
Yuqoridagi qonunlarning mazmun-mohiyati va ahamiyati to‘g‘risida O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Mukarram Nurmatova yig‘ilganlarga ma’lumot berdi.
Ta’kidlanishicha, «Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida»gi qonun erkak va ayollarning davlat xizmati, saylov huquqi, iqtisodiy, ijtimoiy, ta’lim, sog‘liqni saqlash sohalari, mehnat munosabatlari, oilaviy munosabatlardagi teng huquqliligi va imkoniyatlarini kafolatlaydi.
Qonun loyihasini ishlab chiqishda Angliya, Germaniya, Fransiya, Ispaniya, Armaniston, Qirg‘iziston va boshqa davlatlarning tajribalari, «Ayollar huquqlari kamsitilishining barcha shakllariga barham berish to‘g‘risida»gi hamda «Bir xil qiymatga ega bo‘lgan mehnat uchun erkak va xotin-qizlarni teng rag‘batlantirish to‘g‘risida»gi konvensiyalar o‘rganilgan.
Erkaklar va ayollar uchun teng huquqlar hamda imkoniyatlarni kafolatlovchi yagona qonun mavjud bo‘lmagan.
Mukarram Nurmatova: «Mamlakatimizda o‘z haq-huquqlarini bilmaydigan yoki bilsa ham buni talab qilmaydigan xotin-qizlar juda ko‘p, ammo huquqim bor ekan deb, berilgan imkoniyatlarni suiiste’mol qilayotganlari, majburiyatini unutayotganlari ham yo‘q emas».
Kompaniya xodimlarini qiziqtirgan savollarga Mukarram Nurmatova hamda O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi yuriskonsulti Nilufar Matyoqubovalar javob berishdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter