Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zboshimcha fermerning yeri tuman zaxirasiga qaytarildi

O‘zboshimcha fermerning yeri tuman zaxirasiga qaytarildi

Foto: «Xabar.uz»

«Obod» fermer xo‘jaligiga (nomi o‘zgartirilgan) 49 yil muddatga jami, 41.5 ga, shundan 36.3 ga ekin yeri, 3.2 ga ariq va zovurlar, 1.3 ga yo‘llar, 0.7 ga qishloq xo‘jaligida foydalanilmaydigan yer maydonlari yer ijara shartnomasi asosida tuman hokimligi tomonidan ijarada foydalanish uchun ajratib berilgan. Shartnomaga asosan, fermer xo‘jaligi tomonidan yerdan maqsadli foydalanish, ishlab chiqarishning tabiatni muhofaza qiluvchi texnologiyalarini qo‘llash, davlat ehtiyojlari uchun davlatga mahsulot sotish rejalarini bajarish va boshqa majburiyatlarni o‘z zimmasiga olgan.

Biroq tuman statistika bo‘limining ma’lumotiga asosan, fermer xo‘jaligi 3 yil mobaynida muttasil ravishda davlat ehtiyojlari uchun paxta-g‘alla sotish kontraktatsiya shartnomalarini bajarmagan. Bu ham yetmaganidek, davlat ehtiyojlari uchun paxta sotish uchun urug‘lik chigit ekilishi lozim bo‘lgan 5 gektar maydonning 2 gektariga o‘zboshimchalik bilan makkajo‘xori, 2 gektariga sholi va 1 gektariga beda ekkan. Mazkur holat tuman yer resurslari va davlat kadastri hamda qishloq va suv xo‘jaligi bo‘limi xodimlari tomonidan aniqlangan, bu haqida ma’lumotnoma tuzilgan, fotosuratlarga olingan, tuman fermerlar kengashining xulosasi bilan fermer xo‘jaligi bilan tuzilgan yer ijara shartnomasini bekor qilish lozimligi ko‘rsatilgan, Xalq deputatlari tuman kengashining qarori bilan yer ijara shartnomasini bekor qilish ma’qullangan, tuman hokimligining yer maydonini ixtiyoriy ravishda tuman zaxirasiga qaytarish haqidagi talabnomasi fermer xo‘jaligi tomonidan rad etilgan.

Natijada tuman hokimligi O‘zbekiston tumanlararo iqtisodiy sudiga da’vo ariza bilan murojaat qilib, fermer xo‘jaligi bilan tuzilgan yer ijara shartnomasini bekor qilishni so‘raydi. Sud ushbu da’voni tuman statistika, yer resurslari va davlat kadastri, qishloq va suv xo‘jaligi bo‘limlari mutaxassislari hamda tuman fermerlar kengashi vakillari ishtirokida, ochiq sud majlisida ko‘rib chiqdi.

Sud majlisida barcha ishtirokchilarning fikr-mulohazalari tinglandi, ular keltirgan dalilar va vajlarga atroflicha baho berildi. Sudning hal qiluv qarori bilan tuman hokimligining da’vo arizasi qanoatlantirildi, yer tuman zaxirasiga qaytarildi.

Fermer xo‘jaligi sudning hal qiluv qaroridan norozi bo‘lib, kassatsiya shikoyati bilan Farg‘ona viloyati iqtisodiy sudiga murojaat qildi, biroq kassatsiya instansiyasi qarori bilan fermer xo‘jaligining kassatsiya shikoyatini qanoatlantirish rad etilib, O‘zbekiston tumanlararo iqtisodiy sudining hal qiluv qarori o‘z kuchida koldirildi.

Shuningdek, sud jarayonida ayrim davlat idoralari mansabdor shaxslari o‘z xizmat vazifalariga sovuqqonlik bilan qaraganliklari ma’lum bo‘lib qoldi. Jumladan, tuman yer resurslari va davlat kadastri hamda qishloq va suv xo‘jaligi bo‘limlari tomonidan fermer xo‘jaligi yer maydonlarida paxta ekilishi lozim bo‘lgan 5 gektar yer maydonida noqonuniy ekin ekilganligi aniqlangan bo‘lsa-da, tuman yer resurslari va davlat kadastri bo‘limi tomonidan fermer xo‘jaligi mansabdor shasxlariga belgilangan tartibda ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilmagan, aniqlangan huquqbuzarlikka amaldagi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 65-moddasi 1-qismiga asosan, chora ko‘rilmagan, oqibatda tuman yer resurslari va davlat kadastri bo‘limi tomonidan amaldagi qonun hujjatlari buzilgan.

Vaholanki, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 65-moddasi 1-qismiga asosan, yerlardan xo‘jasizlarcha foydalanish, ob’yektlar qurish paytida unumdor qatlamni olmaslik, yer maydonlaridan boshqa maqsadlarda foydalanish, yerlarni foydalanishdan chiqarishga, hosildorlik pasayishiga, tuproqning buzilishi yoki yo‘q bo‘lib ketishiga olib keladigan boshqa harakatlarni sodir etish, shuningdek tanazzulga yuz tutgan qishloq xo‘jaligi yerlarini konservatsiyalashning belgilangan tartibini buzish — fuqarolarga eng kam ish haqining bir baravaridan uch baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — uch baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Shuningdek, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 2661-moddasiga muvofiq, MJTKning 65-moddasida ko‘zda tutilgan huquqbuzarlik uchun ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirish vakolati yer resurslari va davlat kadastri bo‘limiga berilgan.

Shunga ko‘ra, tuman yer resurslari va davlat kadastri bo‘limi mansabdor shaxslarining hatti-harakatlariga huquqiy baho berish uchun O‘zbekiston tumanlararo iqtisodiy sudi tomonidan xususiy ajrim chiqarildi, xususiy ajrim ijro qilish uchun Farg‘ona viloyat yer resurslari va davlat kadastri boshqarmasiga yuborilgan.

O‘z o‘rnida, Farg‘ona viloyat yer resurslari va davlat kadastri boshqarmasi tomonidan faoliyatida yo‘l qo‘ygan kamchiliklar uchun tuman yer resurslari va davlat kadastri bo‘limi boshlig‘iga nisbatan Mehnat kodeksining 181-moddasiga asosan, «hayfsan» intizomiy jazosi berildi.

  Mirkomil Mirmaqsudov,
O‘zbekiston tumanlararo iqtisodiy sudi raisi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring