«O‘zmilliybank» MIGA qoplamasi ostida kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash uchun sindikatlashtirilgan kredit liniyasini jalb qildi
«O‘zbekiston Respublikasi tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy banki» aksiyadorlik jamiyati (keyingi o‘rinlarda - «O‘zmilliybank») tomonidan Buyuk Britaniya yetakchi banklaridan biri Standard Chartered Bank va Germaniyaning Landesbank Baden-Württemberg (keyingi o‘rinlarda – LBBW) o‘rtasida Ko‘p tomonlama investitsiyalarni kafolatlash agentligi (MIGA, Jahon Banki a’zosi) sug‘urta qoplamasi ostida 100 million yevro miqdorida sindikatlashtirilgan kredit liniyasini jalb qilish bo‘yicha kredit shartnomasi imzolandi.
Mazkur kelishuv O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan joriy yilning 20 may kuni tijorat banklarining mamlakatimizda investitsiya loyihalarini amalga oshirish jarayonidagi ishtiroki masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda belgilangan vazifalarni amalga oshirishning samarali vositalaridan biri hisoblanadi.
Ta’kidlash zarur, O‘zmilliybank MIGA bilan shartnoma tuzgan O‘zbekistondagi birinchi moliya instituti bo‘lib, boshqa tijorat banklari uchun mamlakatning kichik va o‘rta biznesini qo‘llab-quvvatlash uchun yangi imkoniyat yaratib berdi.
Jalb qilinayotgan kredit liniya quyidagilarga yo‘naltiriladi:
1) kapital xarajatlar (texnologiyalarni sotib olish va ularni takomillashtirish) va aylanma mablag‘larga muhtoj bo‘lgan kichik va o‘rta korxonalarning investitsiya loyihalarini moliyalashtirish;
2) qishloq xo‘jaligi, ishlab chiqarish, savdo, xizmat ko‘rsatish, muqobil energiya, sog‘liqni saqlash kabi iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarida kichik va o‘rta biznes loyihalarini moliyalashtirish;
3) eksportga yo‘naltirilgan kichik va o‘rta biznes korxonalarini rivojlanishni qo‘llab-quvvatlash;
4) yangi ish o‘rinlari yaratishga ko‘maklashish.
Loyihani tanlash jarayonidagi asosiy mezonlar:
- qarz oluvchi - O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq kichik va o‘rta biznes sub’yekti bo‘lishi;
- moliyalashtirish muddati – 3 yilgacha;
- moliyalashtirish miqdori 1 million yevrogacha;
- barqaror rivojlanish va ekologik toza loyihalar bo‘lishi shart.
Kredit liniyaning asosiy afzalliklaridan – qulay moliyalashtirish shartlari va mamlakati kelib chiqishidan qat’i nazar xomashyo, tovarlar va xizmatlar importini o‘z ichiga olgan shartnomalarni moliyalashtirish imkoniyati mavjudligidir. Bu esa o‘z navbatda mahalliy kichik va o‘rta korxonalarga keng geografiyadan xorijiy eksportchilar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish imkonini beradi.
Mazkur kredit liniyasining o‘zlashtirilishi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan ilgari surilgan kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash dasturini amalga oshirilishini rag‘batlantirish, xususan eksport salohiyatini oshirish, mamlakatimizda tadbirkorlik madaniyatini rivojlantirish va ishbilarmonlik muhitini yuksaltirish vazifalarini amalga oshirish, shu bilan birga, yangi ish o‘rinlari yaratishda muhim ahamiyatga egadir.
Ko‘p tomonlama investitsiyalarni kafolatlash agentligi (MIGA) – rivojlanayotgan mamlakatlarga investitsiyalarni rag‘batlantiradigan xalqaro tashkilotdir. Qolarversa, Jahon banki guruhining a’zosi ham.
Standart Chartered Bank – Buyuk Britaniyaning yetakchi xalqaro bank guruhi bo‘lib, keng ko‘lamli moliyaviy xizmatlarni taqdim etadi. Bank 170 yildan ortiq tarixga ega va 60 ta davlatda faoliyat yuritadi. Bank aktivlari 760 milliard dollardan ortiq, kapitali – 78 milliard dollar va foydasi – 775 million dollarni tashkil qiladi.
Landesbank Baden-Württemberg – Germaniyaning janubi-g‘arbiy qismidagi yetakchi mintaqaviy bank bo‘lib, faoliyati keng ko‘lamli moliyaviy xizmatlardan iborat. Bank 1999 yilda tashkil etilgan va Germaniyadagi eng yirik bank biri hisoblanadi. Bank aktivlari 172 milliard dollardan ortiq, kapitali – 10 milliard dollar va foydasi – 1 milliard dollarni tashkil etadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter