«Prezidentimizning yoshlar bilan uchrashuvi bizni ilhomlantirmoqda» – tadbirkor

Farg‘ona shahrida faoliyat olib borayotgan tadbirkor Shuhrat Shamsutdinov – zamonaviy tafakkur va tashabbus bilan el-yurtga foyda keltirayotgan ilg‘or insonlardan biri. Uning tadbirkorlik faoliyati zamona talablariga mos ravishda rivojlanib, shahar iqtisodiyotida muhim o‘rin tuta boshlagan.
Dastlab kompyuter texnologiyalari xizmati va savdosi yo‘nalishida faoliyat boshlagan tadbirkor ichki bozorda raqobatni oshirish, yangi ish o‘rinlari yaratish maqsadida Birlashgan Arab Amirliklari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlikni yo‘lga qo‘ydi. Bu tashabbus nafaqat mahalliy bozorda, balki xalqaro ko‘rgazmalarda ham e’tirof etildi.
Shuhrat Shamsutdinovning izlanishlari natijasida Farg‘ona shahrining Yormozor mahallasida 450 o‘rinli zamonaviy to‘yxona va umumiy ovqatlanish shoxobchasi faoliyat yurita boshladi. Bu yerda o‘nlab insonlar doimiy ish joyi bilan ta’minlandi.
Tadbirkorning keyingi qadamlaridan biri — “Fergana Motors” MChJga asos solish bo‘ldi. Bugungi kunda ushbu avtoservis markazi avtomobil sohasida texnik xizmat ko‘rsatish, elektromobillar savdosi va ularni elektr energiyasi bilan ta’minlash bo‘yicha faoliyat yuritmoqda. Markazda 10 dan ziyod yangi ish o‘rni yaratilgan bo‘lib, ularning ko‘pchiligi mehnat migratsiyasidan qaytgan yoshlarga to‘g‘ri keladi. Shu bilan birga, "Usta-shogird" an’anasi asosida mahalladagi yoshlarga kasb-hunar o‘rgatish ishlari olib borilmoqda.
Shuhrat Shamsutdinovning tashabbuslari faqat bungagina cheklanib qolgani yo‘q. Hozirgi kunda Yormozor mahallasida ko‘p qavatli kottej uylari qurilishi jadal sur’atlarda davom etmoqda. Yangi infratuzilma ob’yektlari ham tadbirkorning faol ishtiroki bilan yaratilmoqda.
– Prezidentimizning joriy yil 14 fevral kuni yoshlar bilan o‘tkazgan uchrashuvi va qabul qilingan muhim qarorlar biz kabi tadbirkorlarni yangi g‘oya va maqsadlarga ilhomlantirmoqda, – deydi Shuhrat Shamsutdinov. – Mamlakatimizning avtomobil bozoridagi o‘rni ortib bormoqda. Endi bu sohaga qo‘shimcha xizmat turlarini joriy etish davr talabi bo‘lib qoldi.
Yangi O‘zbekistonda tadbirkorlik rivojiga berilgan e’tibor shu kabi fidoiy faollar sa’y-harakati bilan yanada mustahkamlanib, aholi bandligi ta’minlanmoqda. Shuhrat Shamsutdinov kabi tadbirkorlar esa yangicha yondashuv, tashabbus va mehnatga asoslangan faoliyati bilan bu jarayonda yetakchi bo‘lib kelmoqda.
Muallif: G‘anijon Turdiyev
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter