Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qarshi, Shahrisabz shaharlari va Kitob tumanini «ishsizlik va kambag‘allikdan xoli hudud»ga aylantirish mo‘ljallangan

Qarshi, Shahrisabz shaharlari va Kitob tumanini «ishsizlik va kambag‘allikdan xoli hudud»ga aylantirish mo‘ljallangan

Foto: Prezident matbuot xizmati

Bu yil Qashqadaryoda 470 ming odamni band qilish, 150 ming aholini kambag‘allikdan chiqarish, Kitob tumani, Qarshi va Shahrisabz shaharlarini «ishsizlik va kambag‘allikdan xoli hudud»ga aylantirish mo‘ljallangan.

Prezident bandlikda ishga solinmagan imkoniyatlarni ko‘rsatib berdi.

Masalan, Shahrisabz tumani Hisorak-G‘elon yo‘li bo‘yidagi 16 gektar, Qamashida 65 gektar, G‘uzorda 42 gektar yerlarni turizm maskaniga aylantirish mumkinligi ta’kidlandi. Shu kabi, Qashqadaryoning Chiroqchidan o‘tgan 103 gektar qirg‘og‘ida sayyohlar uchun dam olish maskanlarini tashkil qilish mumkin.

Ko‘kdaladagi Chiyal dehqon bozori hududida 50 ga yaqin tadbirkorlar Chiyal yaxnasini tayyorlab, sotadi. Bu 100 yillik an’anaga aylangan. Hozir bozor faqat yakshanba kuni ishlayapti. Agar sharoitni yaxshilab, mehmonxona va avtoturargoh qurilsa, ko‘p yillik tarixga ega bu joy kunlik rejimga o‘tib, oyiga 100 ming odamga xizmat qila oladi.

Shahrisabz shahri mahallalarida 100 dan ortiq aholi uy sharoitida temirchilik bilan shug‘ullanadi. Ularga qulay bo‘lishi uchun Shahrisabz shahri Qorasuv mahallasidagi 4,5 gektar bo‘sh yerda temirchilik mikro-markazini tashkil qilish topshirildi. Bunday mikro-markazlar Qarshi shahri, Dehqonobod, Kasbi, Kitob, Koson va Chiroqchida ham tashkil qilinadi.

Xorijda mehnat qilayotgan qashqadaryoliklar yuqori daromadli ishlar bilan band bo‘lishi uchun Qarshi davlat universitetida kamida 100 nafar o‘qituvchini nemis, yapon, koreys tili bo‘yicha malakasini oshirish, kamida 10 ming odamni xorijiy tilga o‘qitish, xorijda kam daromad topayotgan fuqarolarimizni o‘zimizda ishli qilish muhimligi qayd etildi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring