Qishloq ayoli qachon baxtli bo‘ladi, qachonki...
Bundan uch kun oldin Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi matbuot xizmati tashabbusi bilan Toshkent viloyati, Yangiyo‘l tumaniga Xalqaro qishloq ayollari kuni munosabati bilan press-tur tashkil etildi.
Matbuot xizmati rahbari, hamkasbim Nilufar Jumayeva tadbirga taklif qilganida «biiir paxta terayotgan ayollarning suhbatini olarkanman», deb o‘ylagandim. Nilufar esa «opa paxtakor ayollar bugun dam oladi, tumanda siz qishloq ayollariga tashkil qilingan bayram va shu bahona qishloq ayollarining o‘z qo‘llari bilan yasagan ijodlarini tomosha qilasiz, qolaversa, uch kundan so‘ng yana bir bayram — «Xalqaro baxtli ayol» kunini nishonlaymiz, dedi.
Bu undan ham yaxshiroq taklif edi. Boisi bayram uchun tashkil qilingan Yangiyo‘l tumanidagi onalar va yoshlar sayilgohida qanchadan-qancha hunarmand ayollarni kashf qildim. Rostdan ham qishloq ayollari yo‘qdan bor qiladi, hunarmand bo‘ladi.
O‘sha joyda poliklinikaga ham mo‘raladim. Har shanba «Temir daftar» va «Ayollar daftar»idagi ayollar uchun alohida tibbiy ko‘rik o‘tkazilarkan. Ayollar juda ko‘p.
— Qishloq ayollarining tibbiy madaniyatga munosabatlari qay darajada deb so‘rayman, menga hamroh bo‘lgan feldsher Azizjon Abdujabborovdan.
— Ayollarni biz o‘z holiga qo‘ymaymiz, ma’lum vaqtda chiqishi kerakligini, tekshirishimiz shartligini eslatib turamiz, — deydi feldsher o‘rniga hozirjavoblik bilan patronaj hamshirasi Farida Nazirova. — Va aytish joizki, ayollar hozir o‘zlari onkologik kasalliklarning oldini olish uchun avvalgidan ko‘ra e’tiborliroq bo‘lib qolgan. Xavfli saraton kasalligining nima ekanligini, oldini olish uchun tez-tez tibbiy ko‘rikdan o‘tib turish kerakligini tushuntirib borganimiz bois ayollar sog‘ligiga e’tiborli.
Ko‘rikka kelgan ayollardan birini savolga tutdim:
— Sog‘lig‘ingizga qanchalar e’tiborlisiz?
— Men har uch oyda hech narsa bezovta qilmasa ham kelaman, o‘zim hamshiraman. Boy berilgan vaqt, ya’ni vaqtida nazorat qilinmagan sog‘liq insonni qanchalar baxtsiz qilishini yaxshi bilaman, — deydi Iqboloy Raxmatova. — Ayolning sog‘lomligi farzandining baxti, o‘zining baxti.
Poliklinikadan chiqishimiz bilan milliy kiyimlardagi ayollarga ko‘zim tushdi. Axir qishloq ayoli uchun taqdim etilgan bir kunlik quvonch bir necha kunga tatishi tayin.
— Biz tumandagi 5-bog‘chada ishlaymiz, o‘z ijod namunlarimiz bilan qatnashayapmiz, — deydi, bog‘cha opalardan biri.
Darhaqiqat, bu yerda ko‘rgazmaga bolalar bilan birgalikda yasalgan qo‘l ijodlarini olib chiqqan bog‘cha opalar ko‘p ekan.
Sal nariroqda gulchining uyi bor, deydi bizga hamrohlik qilayotgan ayollardan biri.
Gulchi deganlarining hovlisi tashqariyu ichkarisi gul ekan.
— Yaxshi va baxtli yashash uchun harakat qilish kerak, — deydi Mashhura Maslanova. — Boshida hovli gullari ekardik, keyin tuvakdagi gullarga o‘tdik. Boshida pulimizga kuygan paytlarimiz bo‘lgan, ammo turmush o‘rtog‘im ortga chekinmadi. Hozir gullar navining sanog‘i yo‘q. 3 sotix joydan oladigan kunlik daromadimiz bir million. Buni ichida albatta gullarga o‘g‘it olinadi, texnikaga safrlaymiz. Toshkent shahridagi barcha bozorlarga tarqatamiz. Uch o‘g‘lim bor. Mana shuning ortidan uy qurdik, to‘y qildik, mashina oldik.
Hovlida bugumvelliya gullari shoxlab ochilib yotibdi.
— Bularni qirqib kovlab olamiz, tashqarida qolsa sovuq uradi, — deydi Mashhuraxon.
Mahallaning boshidanoq nima uchun hammaning hovlisi gulzor ekanligining sababini tushundik. Demak, gulchining gulga bo‘lgan mehri boshqalarga ham yuqqan.
— Gul o‘zidan o‘ziga o‘smaydi. Unga ham mehr kerak. Nafaqat yer, balki ular suv ham tanlaydi, — gapga qo‘shiladi onaxon.
Men gullarni tomosha qilib o‘tirgan onaxonni gapga tutaman.
— Xola, hozirgi qishloqlarda ayollarning ishi yengillashganmi?
— Hoziram qilaman desangiz qishloqda ish ko‘p. Ammo bizning paytimizda ishga ketguncha tandirga har kuni non yopib, sigir-buzoqlarga qarab ketardim. Uyga kelib kir-chirni qo‘lda yuvib, o‘choqqa ovqat qilardim. O‘sha paytlari ozgina dam olish ham katta baxt edi. Sakkiz qizimni ana shunday mehnat bilan katta qildim. Mana bu gulchi mening eng bosh qizim....
—Qizlarning tarbiyasi, ularga mas’uliyat juda kuchli bo‘lishi kerak, to‘g‘rimi?
—Ha, qizlarni o‘qitolmagan taqdiringizda ham ularga albatta hunar o‘rgatishingiz kerak. Qizlarimning barisi hunarli — tikuvchi, to‘quvchi, gulchi. Hammasi oilali — bola-chaqali. O‘g‘illardan ziyod ochig‘i. Bilasizmi qizim, qishloqda mehnatkash bo‘lmasangiz kun ko‘rolmaysiz. Hamma shaharga intilsa qishloqda kim qoladi...
Xola bilan xayrlashib yana ko‘rgazmalarni tomosha qilishda davom etaman.
— Rostdan ham qishloqda hamma hunarli, hamma bir-biriga ustoz, — deydi Nafisa Mahkamova. — Men o‘zim xotin-qizlar faoliman. Bizning orzularimiz, bizning o‘ylarimiz, tashvishlarimiz mana shu to‘qigan, tikkan narsalarimizga singib ketgan. Bizning qo‘l mehnatimizni o‘zimizdan ko‘ra chet elliklar qadrlaydilar. Qishloqlarda tikuv sexi ochishadi, to‘quv sexi ochishadi... Agar mahsulotlar mashinalarda bajarilsa xo‘p-xo‘p, ammo ko‘z nuri to‘kilib yaratilgan ijod namunalarini juda arzon bahoga so‘rashsa odam biroz ranjiydi. Bizda hunarmand ko‘p, ammo mahsulotni sotish biroz muammo. Yana bir muammo — men shogird tayyorlayman, o‘qitaman, o‘rgataman, ammo qachondan beri menga to‘lanishi kerak bo‘lgan oylikni to‘lashmayapti. Darvoqe Prezidentimizning 300-sonli qarorida Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi xotin-qizlarni kasbga o‘qitishni moliyalashtirishni nazorat qilish belgilangan.
Nafisa yana aniqlik kiritadi:
—Ustoz-shogird an’anasi bo‘yicha «Hunarmand» jamg‘armasi mablag‘ ajratishi uchun hokimiyat tomonidan tavsiya berilishi kerak.
Qizim birinchi guruh nogironi. Uning dorilariga pul kerak, o‘g‘lim xorijda aspiranturada o‘qiydi — kontraktiga to‘lashim kerak. Men o‘rgatayotganimdan mingdan ming roziman. Ammo bu degani bizga ajratilishi kerak bo‘lgan pul ajratilmasa yoki berilmasa ham bo‘larveradi deganimas. Besh nafar qiz bilan mana shu narsalarni to‘qiymiz, shu ko‘rpalarni tikamiz. Ikki nafar ayolning turmush o‘rtoqlari qamalgan. Mana shu hunar ortidan ularning oilasiga daromad kirayotganiga xursandman...
Tuman hokimiyati, Oila va mahallani qo‘llab quvvatlash tashabbusi bilan boshlangan bayram tadbirlari bugun «Xalqaro baxtli ayol» kuniga ulanib ketgani shubhasiz. Boisi qishloq ayolini umuman ayolni nima baxtli qiladi? Oilasidagi tinchlik-xotirjamlik, yaqinlarining salomatligi va kasbi, hunari orqasidan olayotgan zavqu shavq. Qishloq ayolining baxti uchun ozgina e’tibor, sharoit, tashabbusini qo‘llab-quvvatlov darkor.
Aslida qishloq ayollariga, umuman ayollarga imkon qadar sharoit yaratish haqida davlat kecha kunduz izlanishda. Ammo bugun o‘sha ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlikning qanchasi yetib borayapti, yaratilayotgan sharoitlardan qanchasi unumli foydalanilayapti bu endi boshqa mavzu. Axir bayramdan boshqa kunlar ham bor...
Barno Sultonova
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter