Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qonun loyihasi nega ma’qullanmadi?

Qonun loyihasi nega ma’qullanmadi?

Foto:«Parliament.gov.uz»

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev «Facebook»dagi sahifasida O‘zbekiston Respublikasining «Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritish haqida»gi Qonun loyihasi nega ma’qullamagani yuzasidan fikr-mulohazalarini bildirdi.

«Yaqinda bo‘lib o‘tgan palatamiz yalpi majlisida deputatlarimiz «O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritish haqida»gi QL – 426-son Qonun loyihasi ko‘rib chiqilib, yetarli ovoz to‘planmaganligi sababli ma’qullanmadi.

Ta’kidlab o‘tish kerakki, Qonun loyihasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan ishlab chiqilgan bo‘lib, unda asos sifatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 1-maydagi 2936-son qarori bilan tasdiqlangan chora-tadbirlarning 1-bo‘limi 5-bandidagi topshiriq ko‘rsatib o‘tilgan. Ushbu topshiriqda «fuqarolar va mansabdor shaxslarning qonun hujjatlarida belgilangan, shaharsozlik to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzishdagi huquqbuzarliklari uchun jarima miqdorlarini ko‘paytirish bilan mas’uliyatini oshirish» ko‘zda tutilgan edi.

E’tibor qilinsa gap huquqbuzarliklar uchun amalda mavjud jarima miqdorlarini ko‘paytirish haqida ketmoqda. Biroq tadim etilgan qonun loyihasida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 99-moddasida loyihalash, ekspertiza, qurilish-montaj ishlarini bajarish talablarini, binokorlik materiallari, konstruksiyalari va buyumlarini ishlab chiqarishda texnik reglamentlar talablarini buzish, shuningdek, davlat arxitektura-qurilish nazorati organlarining ko‘rsatmalarini bajarishdan bo‘yish tovlash yoki o‘z vaqtida bajarmaganlik uchun mansabdor shaxslardan tashqari fuqarolarga eng kam ish haqining besh baravaridan o‘n baravarigacha miqdorida jarima solish taklif etilmoqda. Bu noturar ob’yektlarga nisbatan emish, biroq matnda undaymas.

Amaldagi tartibga qarasak, mazkur talablarni bajarmaganlik uchun fuqarolar emas balki mansabdor shaxslar sub’yektiga nisbatan jarima qo‘llash belgilangan. Vaholanki Prezidentning 2936-son qarorida huquqbuzarliklar uchun jarima miqdorlarini ko‘paytirish ko‘zda tutilgan bo‘lib, qo‘shimcha sub’yektlar ya’ni, fuqarolarga yangi jazo choralarini qo‘llash nazarda tutilmagan edi.

Ayni paytda joylarda ayniqsa, qishloq hududlarida juda ko‘plab fuqarolar o‘z aholi xonadonlarida qandaydir qo‘shimcha qurilmalar qurgan yoki qurilish va ta’mirlash ishlarini qurilishning texnik reglament talablari asosida olib borishning imkoniyatini qila olmaganligini juda yaxshi bilamiz. Agar mazkur loyiha qabul qilingudek bo‘linsa, bundan buyon

yoppasiga minglab balki undan ham ko‘p fuqarolarimiz jarimaga tortilishiga olib kelishi mumkin. Undan tashqari bugungi kunda joylarda ayniqsa qishloq hududlarida xonadonlarda qurilish qilmoqchi yoki bir qismini ta’mirlamoqchi bo‘lgan fuqarolar uchun o‘z vaqtida zarur loyiha qilib berishga tayyor qurilish loyiha tashkilotlar yetarlimi, degan savol ham odamni o‘ylantiradi. Kamiga bunday tashkilotlar tekinga qilib bermaydi loyihani. Keyin loyiha talablaridan chetga chiqib ko‘ringchi.

Shu bois, bundan bir oz avval bo‘lib o‘tgan yalpi majlisda deputatlarning mana shunday e’tirozlari sababli ushbu qonun loyihasi qayta takomillashtirish tavsiyasi bilan kun tartibidan vaqtincha olib tashlangan edi. Biroq ohirgi yalpi majlisda qonun loyihasi hech qanday o‘zgarishsiz yana o‘z holidek palata yalpi majlisiga kiritilib deputatlar ixtiyoriga havola etildi.

Biz deputatlar tomonidan bildirilgan e’tiroz va takliflarning hech biri qonun loyihasida aks ettirilmaganligi sababli qonun loyihasi konseptual jihatdan ma’qullash uchun ovozga qo‘yilganida yetarli darajada ovoz to‘plamadi va qaytarib yuborildi.

Nima bo‘lganda va qanday sharoitda bo‘lishidan qat’iy nazar «xalqni rozi qilish» sharti biz uchun ustuvor bo‘lib qolishi lozim.

Odamlarning dard-u tashvishi bilan yashab minglab saylovchilari irodasini aks ettirib ovoz berayotgan deputatlar bundan buyon ham adolat prinsipiga sodiq holda ish tutishlariga ishonchim komil bo‘lib bormoqda» deya yozadi deputat.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring