Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qozog‘istonda referendumning dastlabki natijasi e’lon qilindi

Qozog‘istonda referendumning dastlabki natijasi e’lon qilindi

Ovoz berishda qatnashgan prezident Q.To‘qayev 5 iyunni tarixiy kun deb atagan.

Foto: Akorda.kz

Qozog‘istonda 5 iyun kuni o‘tkazilgan konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritishga doir referendumning dastlabki natijasi e’lon qilindi. Markaziy saylov komissiyasi raisi Nurlan Abdirovga ko‘ra, ovoz berishda qatnashgan fuqarolarning 6 million 163 mingdan ziyodi yoki 77,18 foizi asosiy qonunga o‘zgartirish kiritishni yoqlagan. 1,4 milliondan ziyod kishi (elektoratning 18,66 foizi) qarshi ovoz bergan. Qolgan byulletenlar haqiqiy emas deb topilgan.

Shu tariqa referendumda ovoz berish huquqiga ega fuqarolarning 68,06 foizi (7 986 293 kishi) qatnashdi. MSK raisi N.Abdirovga ko‘ra, ko‘p sonli aholining qo‘llab-quvvatlovi bilan konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritishga doir qonuniy me’yor bajarilgan.

Avval xabar berganimizdek, referendum doirasida Qozog‘istonning Toshkentdagi elchixonasida ham 267-sonli saylov uchastkasi tashkil etildi. 

Referendum arafasida Qozog‘iston xalqiga murojaat yo‘llagan prezident Qosim-Jo‘mart To‘qayev konstitutsiyaviy o‘zgartishlar davlat rahbarining imtiyoz va vakolatlarini oshirishga emas, balki hokimiyat tarmoqlari o‘rtasida o‘zaro tiyib turish va muvozanat tizimini mustahkamlash, barcha fuqarolarning manfaatlari, huquq va erkinliklarini himoya qilishga qaratilganini ta’kidlagan.

Referendum doirasida mamlakatda siyosiy monopoliyadan bosqichma-bosqich voz kechilishi, superprezidentlik boshqaruv shaklidan kuchli parlamentga asoslangan prezidentlik respublikasi tizimiga o‘tilishi, davlat rahbarining yaqin qarindoshlari siyosiy lavozimlarni egallashi man etilishi, ommaviy axborot vositalarining ayrim shaxslar buyurtmasiga ko‘ra ishlashiga yo‘l qo‘yilmasligi kabi salmoqli o‘zgarishlar va’da qilingan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring