Quyosh tig‘ida sotilayotgan salqin ichimliklar saraton keltirib chiqaradimi?

Quyosh tig‘i ostida sotilayotgan salqin ichimliklar saraton xastaligini keltirib chiqaradimi?Yozning jazirama kunlarida salqin ichimliklar — gazlangan suvlar va energetiklarga talab har qachongidan-da ortadi.
Biroq ushbu chanqovbosdi mahsulotlarning inson salomatligiga zararli ekanligini aslo unutmaslik lozim. Ayniqsa, ular quyosh tig‘i ostida saqlanayotgan bo‘lsa.
— Bilamiz, bugun ko‘pgina salqin ichimliklar plastik idishlarda qadoqlanadi va ular namlik darajasi 75 foizdan oshmaydigan, 2-18 daraja haroratda saqlanishi zarur, — deydi Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi bo‘lim mudiri Olimjon Imomov. — Biroq e’tibor bersak, bugun aksariyat oziq-ovqat do‘konlari, katta yo‘l chetlaridagi ulgurji savdo ob’yektlari oldida bunday mahsulotlar ertalabdan kechgacha quyosh tig‘i ostida turganini ko‘ramiz.
Bu esa inson salomatligida jiddiy muammolarni keltirib chiqarishi mumkin. Xususan, quyosh nurlari ta’sirida plastik idishlar o‘zidan zaharli va organizmda to‘planish xususiyatiga ega bo‘lgan xavfli kimyoviy organik moddalar — bisfenol A, V, formaldegid, ftalat, stirol va boshqa toksik birikmalarni ichimlik tarkibiga chiqaradi.
Mazkur moddalar inson tanasiga kirgach, asab, ovqat hazm qilish, qon aylanishi hamda endokrin tizimi kasalliklari yuzaga keladi. Qolaversa, ushbu birikmalar miya va reproduktiv tizimda to‘planib, organizm uchun muhim bo‘lgan oqsil va lipidlar almashinuviga salbiy ta’sir etadi. Hatto, bu holat saraton xastaliklari rivojlanishiga ham sabab bo‘lishi mumkin.
Bilamizki, ko‘pgina gazli va rangli ichimliklar tarkibida sun’iy qo‘shimchalar, konservantlar va rang beruvchi moddalar mavjud. Quyosh nuri ostida saqlanganda bu moddalar tarkibi o‘zgarib, xavfli birikmalar hosil bo‘ladi. Oqibatda organizmda allergik reaksiyalar, jigar va buyrakka ortiqcha yuklama, bolalarda giperfaollik hamda diqqat yetishmovchiligiga olib keladi.
Shuningdek, ayrim ichimliklar (kofeinli va energetik mahsulotlar) iste’mol qilinganda organizm suvsizlanadi. Ular suyuqlikni ushlab turish o‘rniga, aksincha, tanadan tezroq chiqarib yuboradi. Natijada qon bosimining tushishi, bosh og‘rig‘i, holsizlik kuzatilishi mumkin.
Bundan tashqari, ochiq havoda, sanitariya qoidalariga rioya etilmagan holda saqlanayotgan ichimliklar turli bakteriyalar bilan ifloslangan bo‘lishi ehtimoli katta. Masalan, dizenteriya, salmonellyoz, ichak tayoqchasi kabi yuqumli xastaliklar aynan shunday ichimliklar orqali yuqish ehtimoli yuqori. Ayniqsa, qopqog‘i ochilgan yoki idishi nopok holatda saqlangan mahsulotlar juda xavfli.
Shunday ekan quyosh tig‘i ostida turgan va noma’lum sanitar holatda saqlanayotgan salqin ichimliklarni iste’mol qilmang. Ularning saqlash sharoitiga, sotuvchi va savdo nuqtasining sanitar holatiga e’tibor bering. Yoz kunlarida imkon qadar o‘zingiz uyda tayyorlagan tabiiy ichimliklar – sovutilgan ko‘k choy, mevali sharbatlar yoki gazlanmagan toza suv iching.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter