Saylov qonunchiligi: nimalarni bilish kerak?

Bugun jamiyatimizda har bir fuqaro saylov nima ekanligidan xabardor. Ammo uning bilimi? Saylov savodxonligi qay darajada? Davlat saylovlariga yondashuvi qanchalik mas’uliyatli, saylovlar natijalari jamiyat xayoti va uning kelajagi uchun qanchalik muhim ekanligi borasida o‘ylab ko‘rganmi?
Saylovlar haqida biz nima bilamiz?
Saylovlar - saylov kampaniyasida ishtirok etish orqali saylov huquqlarini amalga oshirishning bir shaklidir. U har bir fuqaroning o‘z kelajagi, vatan ravnaqi, halqining farovonligini ta’minlab berish borasidagi siyosiy jarayondir.
Saylovlar haqida nima bilamiz? Nima uchun saylovlarda faol ishtirok etishimiz kerak? Buning birinchi va asosiy javobi, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining VIII bob. Siyosiy huquqlar 32-moddasida aks etgan huquqlarimizdan biri - «O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda bevosita hamda o‘z vakillari orqali ishtirok etish huquqiga egadirlar. Bunday ishtirok etish o‘zini o‘zi boshqarish, referendumlar o‘tkazish va davlat organlarini demokratik tarzda tashkil etish, shuningdek davlat organlarining faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini rivojlantirish va takomillashtirish yo‘li bilan amalga oshiriladi».
Shuninigdek, XXIII bob. Saylov tizimi 117-moddasiga asosan «O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari davlat hokimiyati vakillik organlariga saylash va saylanish huquqiga egadirlar. Har bir saylovchi bir ovozga ega. Ovoz berish huquqi, o‘z xohish irodasini bildirish tengligi va erkinligi qonun bilan kafolatlanadi. Davlat organlarining faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish tartibi qonun bilan belgilanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesiga, viloyatlar, tumanlar, shaharlar davlat hokimiyati vakillik organlariga saylov tegishincha ularning konstitutsiyaviy vakolat muddati tugaydigan yilda — oktyabr oyi uchinchi o‘n kunligining birinchi yakshanbasida o‘tkaziladi. Saylovlar umumiy, teng va to‘g‘ridan-to‘g‘ri saylov huquqi asosida yashirin ovoz berish yo‘li bilan o‘tkaziladi. O‘zbekiston Respublikasining o‘n sakkiz yoshga to‘lgan fuqarolari saylash huquqiga egadirlar.
Sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqarolar, shuningdek sud hukmi bilan ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslar saylanishi mumkin emas.
Sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan, shuningdek og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar sodir etganligi uchun sudning hukmi bilan ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslar saylovda ishtirok etmaydi. Boshqa har qanday hollarda fuqarolarning saylov huquqlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki bilvosita cheklashga yo‘l qo‘yilmaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylovni, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi referendumini tashkil etish va o‘tkazish uchun O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan faoliyatining asosiy prinsiplari mustaqillik, qonuniylik, kollegiallik, oshkoralik va adolatlilikdan iborat bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tuziladi.
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi o‘z faoliyatini doimiy asosda amalga oshiradi va o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga va boshqa qonun hujjatlariga amal qiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining a’zolari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarining tavsiyasi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi va Senati tomonidan saylanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining Raisi komissiya a’zolari orasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimi bo‘yicha komissiya majlisida saylanadi.
Saylov o‘tkazish tartibi qonun bilan belgilanadi.
Fuqarolar saylovlarga kelib, o‘z tanlovini amalga oshirishi kerak. Tanlashdan bosh tortish ham tanlovdir aslida. Lekin siyosiy tanlovni siz uchun boshqa saylovchilar amalga oshirishini unutmang. Tanlov muvozanatli bo‘lishi va davlatning butun aholisi manfaatlarini aks ettirishi lozim. Hukumatning barcha darajadagi saylovlarida saylovchilar ishtirokining ahamiyati beqiyosdir. Saylovlarda ishtirok etish zarurati shundaki, oddiy fuqarolar hayoti, ularning turmush tarzi to‘g‘ridan-to‘g‘ri ular tomonidan amalga oshirilgan tanlovga bog‘liqdir. Afsuski jamiyatimsizda ushbu fuqarolik burchiga mas’uliyatsiz qaragan fuqarolar ham yo‘q emas.
Saylovda ishtirok etish, jamiyatimiz kelajagi uchun qayg‘urish demakdir. Yurtimiz rahbarligiga nomzodlar bilan tanishar ekanmiz, har birlarining saylov kompaniyasini qunt bilan o‘rganib, saylash masalasiga mas’uliyat bilan yondashishimiz kerak.
Saylovlar davlat hayotidagi eng muhim voqealardan biri: ma’lum bir nomzodga ovoz berish orqali har bir inson o‘z umidlari uchun ovoz beradi. Har bir inson bu tadbirga mas’uliyat va ongli ravishda yondashishi kerak, «Bizning ovozlarimiz hech narsani hal qilmaydi» - deb o‘ylash hatodir, chunki davlat organlariga tanlash yoki saylanish ota-bobolarimiz kurashgan asosiy siyosiy huquqimizdir.
O‘zini hurmat qilgan har bir fuqaro, saylovchi bo‘lish kabi sharafli va murakkab vazifani amalga oshirishi kerak.
Tanlovni o‘zingiz amalga oshiring!
Baxtiyor Mahkamov,
al-Xorazmiy nomidagi
Toshkent axborot texnologiyalari
universiteti rektori,
iqtisodiyot fanlari doktori, professor.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter