Shavkat Mirziyoyev nomidan Afg‘oniston xalqiga hadyalar topshirildi

Hayraton shahrida (Afg‘oniston Islom Respublikasi) O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti nomidan 25 avtobus, 3 traktor va tirkama texnika Afg‘oniston xalqiga hadya qilinishiga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston rasmiy delegatsiyasi a’zolari, Afg‘oniston Prezidenti ma’muriyati va hukumati, ushbu mamlakat jamoatchiligi va ishbilarmon doiralari vakillari ishtirok etdi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili I.Ergashev, Afg‘oniston transport vaziri M.Taxmosiy, ta’lim vaziri o‘rinbosari A.Mahjur, Balx provinsiyasi gubernatori o‘rinbosari M.Tavhidiy va boshqalar O‘zbekiston rahbariyati xalqlarimiz o‘rtasidagi azaliy do‘stlik rishtalariga asoslangan yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlashga, barcha jabhalarda o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishga ustuvor ahamiyat qaratayotganini ta’kidladi.
Surxondaryo viloyatida Shavkat Mirziyoyevning topshirig‘iga muvofiq Afg‘oniston fuqarolari uchun maxsus Namunaviy ta’lim markazi tashkil etilgan bo‘lib, markazga 20-yanvar kuni 100 ga yaqin talaba kelishi kutilmoqda.
Afg‘oniston rasmiy shaxslari va jamoatchilik vakillari sovg‘a qilingan avtobus, traktor va maxsus texnikalar uchun O‘zbekiston Prezidentiga minnatdorlik bildirdi. O‘zbekistonning Afg‘oniston iqtisodiyotini rivojlantirishga qo‘shayotgan hissasi afg‘on xalqi turmushi yaxshilanishi va uning tinch taraqqiyot yo‘liga qaytishiga xizmat qiladi. Jumladan, O‘zbekiston tomonidan taqdim etilgan avtobuslar afg‘on bolalarining maktabga borishini osonlashtiradi. O‘zbekiston delegatsiyasi ishtirokida uchta avtobus Hayraton shahri ma’muriyatiga topshirildi.
O‘zbekistonning Afg‘onistonga yetkazib berilayotgan elektr energiyasi haqini kamaytirgani to‘g‘risidagi xabar tadbir ishtirokchilari tomonidan mamnuniyat bilan qarshi olindi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter