Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston va Hindiston munosabatlarini yuqori baholadi

Hindiston Prezidentining «Rashtrapati Bxavan» saroyida 1-oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni rasmiy kutib olish marosimi bo‘ldi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Davlatimiz rahbarini Hindiston Respublikasi Prezidenti Ram Nath Kovind va Bosh vazir Narendra Modi kutib oldi.

Oliy martabali mehmon sharafiga faxriy qorovul saf tortdi. Prezidentimiz shohsupaga ko‘tarildi. Ikki mamlakat davlat madhiyalari yangradi.
Shavkat Mirziyoyev shu yerda ommaviy axborot vositalari vakillari uchun qisqacha bayonot berdi.
Davlatimiz rahbari Hindiston Prezidenti va Bosh vaziriga taklif uchun minnatdorlik bildirib, xalqlarimizni tarixiy rishtalar, o‘xshash an’analar bog‘lab turishini ta’kidladi.
«Hindiston bugungi kunda jadal rivojlanib, jahon iqtisodiyotidagi o‘rnini mustahkamlab borayotgan global davlat. Biz oliy darajadagi uchrashuvlarimiz natijasida faollashib borayotgan O‘zbekiston va Hindiston munosabatlarining bugungi sur’atini yuqori baholaymiz. Ishonchim komilki, ushbu tashrifim va samarali muzokaralarimiz strategik sherikligimizni yangi bosqichga olib chiqadi», dedi Prezidentimiz.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter