Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sherali Jo‘rayev nomidagi musiqa va san’at oliy maktabi tashkil etiladi

Sherali Jo‘rayev nomidagi musiqa va san’at oliy maktabi tashkil etiladi

Foto: Prezident matbuot xizmati.

Prezident Shavkat Mirziyoyev madaniyat va san’at sohasida boshqaruvni takomillashtirish, hunarmandchilikni rivojlantirish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

Xalqimizning ulkan ma’naviy merosi bor. Bugungi kunda odamlarning intellektual, estetik va madaniy ehtiyojlari muttasil ortib bormoqda. Shu bois madaniyat sohasida boshqaruv va moliyalashtirishni takomillashtirish, bu borada ilg‘or xorijiy tajribani joriy etish ko‘zda tutilmoqda.

Xususan, madaniyat markazlarida davlat-xususiy sheriklik yo‘lga qo‘yilib, ijodiy ishlanmalarni rag‘batlantiruvchi startap loyihalar amalga oshiriladi. Yoshlarda vatanparvarlik hissini kuchaytiruvchi, O‘zbekiston brendini yaratuvchi tarixiy, ilmiy va animatsion milliy mahsulotlar qo‘llab-quvvatlanadi.

Davlatimiz rahbari sohada ilg‘or xorijiy tajribani bosqichma-bosqich joriy etish bo‘yicha ko‘rsatma berdi.

Ma’lumki, O‘zbekiston Prezidentining qarori bilan Botir Zokirov nomidagi Milliy estrada san’ati instituti tashkil etilgan edi. Endi san’atkorning memorial muzeyini tashkil etish, Botir Zokirov nomidagi stipendiya joriy qilish, xalqaro estrada tanlovini o‘tkazish rejalashtirilgan. Institutning bakalavriat bosqichini tamomlagan eng faol bitiruvchilar chet elga magistraturada o‘qishga yuboriladi hamda iqtidorli talabalarning nufuzli xalqaro tanlovlarda ishtiroki qo‘llab-quvvatlanadi.

Davlatimiz rahbari Andijon viloyatiga tashrifi chog‘ida xalq artisti Sherali Jo‘rayev xotirasini abadiylashtirish tashabbusini bildirgan edi. Shunga muvofiq, Andijon shahridagi san’at maktabi negizida ijodkor nomidagi musiqa va san’at oliy maktabi tashkil etiladi. Sherali Jo‘rayev nomidagi milliy qo‘shiqchilik teletanlovi har yili o‘tkaziladi.

Oliy maktabda ilmiy-ijodiy laboratoriya tuzilib, Sherali Jo‘rayev qo‘shiqlarining “oltin fondi” yaratiladi. Zamonaviy ovoz yozish va tasvirga olish studiyasi tashkil etilib, iqtidorli yosh ijodkorlar undan imtiyozli foydalanishi mumkin bo‘ladi.

Hozir yurtimizda O‘zbekiston davlat simfonik orkestri hamda filarmoniya tarkibida 8 ta professional orkestr faoliyat olib borayapti. Lekin ular faqat Toshkent shahrida, respublika darajasidagi tadbirlarda ishtirok etadi, xolos.

Shu bois bunday orkestrlarni joylarda ham bosqichma-bosqich tashkil qilish rejalashtirilgan. Jumladan, Farg‘ona viloyatida simfonik orkestr va milliy cholg‘ular orkestri tuziladi. Ular zarur musiqa asboblari, ovoz kuchaytirish va yoritish uskunalari, sahna liboslari va boshqa anjomlar bilan ta’minlanadi.

Davlatimiz rahbari milliy va jahon san’atining sara asarlarini aholiga chuqur yetkazish, tuman va shaharlarga gastrol safarlari uyushtirish zarurligini ta’kidladi.

Madaniyati boy va rang-barang yurtimizda kreativ iqtisodiyot ravnaqi uchun juda keng imkoniyatlar bor. Bugungi kunda bu sohada 14 mingta korxona faoliyat yuritmoqda, ularda qariyb 100 ming kishi ishlayapti. Kelgusi 5 yilda kreativ iqtisodiyot hajmini 2 karra ko‘paytirish, yalpi ichki mahsulotdagi ulushini 5 foizga yetkazish maqsad qilingan.

O‘tgan yili bu borada qonun qabul qilindi. Toshkentda Kreativ iqtisodiyot bo‘yicha to‘rtinchi butunjahon konferensiyasi o‘tkazildi. YuNESKO, YuNKTAD, Jahon intellektual mulk tashkiloti kabi xalqaro tuzilmalar, Fransiya, Italiya, Indoneziya, Saudiya Arabistoni, Qatar kabi davlatlar bilan keng hamkorlik yo‘lga qo‘yildi.

Kreativ industriyaning eng katta sohalaridan biri – hunarmandchilik. Yilning o‘tgan davrida bunday mahsulotlar eksporti 6,5 million dollarni tashkil qildi.

Taqdimotda hunarmandchilikni yanada rivojlantirishga qaratilgan takliflar ko‘rib chiqildi.

Jumladan, Buyuk Britaniya Qirollik fondi bilan hamkorlikda Toshkent shahrida akademik platforma yaratish rejalashtirilgan. U orqali magistrlar tayyorlash, tadqiqotlar o‘tkazish, o‘quv qo‘llanmalarini joriy etish yo‘lga qo‘yiladi. Bu platforma bilan 3 mingdan ziyod iqtidorli hunarmandlar bosqichma-bosqich qamrab olinadi. Keyinchalik uni amaliy san’at maktabiga aylantirish ko‘zda tutilgan.

2023 yilda Buxoro “Hunarmandchilik va xalq san’ati” yo‘nalishida YuNESKOning kreativ shaharlar tarmog‘iga kiritilgan edi. U yerda 2 ming nafar hunarmand 36 ta yo‘nalishda ijod qiladi.

Sentyabr-noyabr oylarida Buxoroda birinchi zamonaviy san’at biyennalesi o‘tkaziladi. Unga 40 ta davlatdan 70 nafar mashhur rassom tashrif buyuradi.

Davlatimiz rahbari madaniy turizmni rivojlantirishga katta turtki beradigan bunday yirik tadbirlarni yuqori saviyada tashkil qilish muhimligini ta’kidladi.

Turizm bo‘yicha yana bir salohiyatli hudud – Qoraqalpog‘iston. Hozir u yerda 2 ming nafar yoshlar milliy hunarmandchilik bilan professional shug‘ullanayapti. Yana ko‘plari shu kasblarni egallamoqchi.

Shu bois Nukusdagi “Istiqlol” bog‘ini kreativ klasterga aylantirib, unda hunarmandlar va dizaynerlarga an’anaviy bilim va innovatsion g‘oyalarni birlashtirgan holda ta’lim beradigan Orol maktabini tashkil qilish mo‘ljallangan.

Mutasaddilarga loyihalarni sifatli bajarish va tadbirlarni yuqori saviyada o‘tkazish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring