Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sportning unutilmas o‘n uch lahzasi

Sportning unutilmas o‘n uch lahzasi

Sport tarixida shunday tayanch nuqtalar borki, u nafaqat sportchining, balki o‘sha sport turining keyingi taqdiriga ta’sir qiladi; jamiyat rivojiga, insonlar ongi va ruhiyatiga o‘zgarish olib kiradi. Aynan ana shunday lahzalar evaziga insonlarda o‘ziga nisbatan ishonch, kelajakka umid uyg‘onadi.

  1. O‘tgan asrning oxirlarida Janubiy Afrika Respublikasining irqiy kamsitish siyosati – aparteidning bekor qilinishi ham qora tanli aholiga nisbatan past nazarda qarashni to‘xtatmadi. Ana shunday holatda 1995-yili regbi bo‘yicha JAR milliy terma jamoasi («Springboks») Yangi Zelandiya terma jamoasi(«Oll Bleks»)ni mag‘lub etib, tarixda birinchi marta jahon chempionligiga erishdi. Bu irqiy ixtiloflarning kuchsizlanishini boshlab bergan tarixiy lahzalardan biri edi. O‘shanda uzoq yillar qora tanli aholining huquqlari uchun kurashib kelgan mamlakat prezidenti Nelson Mandela «Springboks» sardori Fransua Piyenaarning qo‘lini siqib, tabriklab qo‘ygan edi.

  2. Britaniyalik neyroxirurg Lyudvig Guttman Ikkinchi jahon urushi veterenlariga ko‘mak berish maqsadida nogironlar aravachasida xalqaro sport o‘yinlari tashkil etdi. U aravaga bog‘lanib qolgan sportchilarga ruhan madad berish maqsadida ularni musobaqaga chaqirdi. Shu tariqa paralimpiya o‘yinlari deb nomlangan yirik sport bayramiga asos soldi.


  3. 1936-yilgi Berlin olimpiadasi hitlerchilar Germaniyasining asosiy ta’limoti bo‘lmish oriylar irqining dunyoda tengsizligini isbotlashi kerak edi. Biroq amerikalik qora tanli yengil atletikachi Jessi Ouens natsistlar rejasini chippakka chiqardi – u yugurish bahslarida 100, 200 metrga, estafeta (4×100 metr, jahon rekordi bilan) va uzunlikka sakrash bahslarida olimpiada oltin medalini qo‘lga kiritdi. Uning harbiylarcha salom berib tushgan mashhur surati uzunlikka sakrash musobaqasidagi g‘olibligi uchun medal berilayotganida olingan. Bu suratda sport tarixidagi eng yorqin lahzalardan biri aks etgan.


  4. Yana bir tarixiy lahza 1968-yilgi Mexiko olimpiadasida sodir bo‘lgan. Birinchi va uchinchi o‘rinni olgan Tommi Smit va Jon Karloslar medal qo‘lga kiritganlarini nishonlash maqsadida mushtlarini yuqoriga ko‘tarishadi. Bu harakatni ular AQSh milliy madhiyasi yangrayotgan lahzada ham takrorlashadi. Ularning ko‘kragida esa inson huquqlarini himoya qilishga qaratilgan olimpiya nishonlari qadalib turardi.

  5. Mashhur beysbolchi Lu Gerig yonbosh amiotrofik skleroz kasalligi tufayli 36 yoshida sportdan ketishga majbur bo‘ladi. U 17 yillik faoliyati davomida birgina «Nyu-York yankiz» jamoasida o‘ynagan. Klub sportchining 4-raqamini umrbod uning nomida qoldirgan. Darvoqe, inglizzabon mamlakatlarda ushbu kasallikning nomi «Lu Gerig xastaligi» deb ham ataladi.
  6. 1996-yili taniqli velopoygachi Lens Armstrongga saraton tashxisi qo‘yildi. Hatto xastalikning eng so‘nggi bosqichi ham deyilgandi o‘shanda. Armstrong «Tur de Frans»da 7 marta g‘olib chiqish bilan bir qatorda og‘ir xastalikni ham yengib o‘tdi. Uning matonati ko‘pchilikni saraton kabi og‘ir kasalliklar bilan oxirigacha kurashishga, taslim bo‘lmay o‘z orzusiga yetishishga ilhomlantirdi.

  7. Takrorlanmas sportchi Bobbi Martinning tug‘ilganidayoq oyoqlari yo‘q edi. Biroq bu uning maktab va universitet jamoasida amerikacha futbol bilan shug‘ullanishiga to‘sqinlik qilmadi.
  8. 1900-yilgi olimpiadada ayollarning ishtirok etishiga ruxsat berilmagan edi. Parijdagi musobaqada ayollar tennis va golf musobaqalarida bellashishdi. 2012-yilgi London olimpiadasida ilk bor ayollar o‘rtasida boks musobaqalari o‘tkazildi.

  9. AQShlik professional bokschi Kassius Kley 1965-yili og‘ir vaznda jahon chempioni unvonini qo‘lga kiritdi. Ertasi kuni u o‘zini musulmon deb e’lon qildi va ismini Muhammad Ali deb o‘zgartirdi. Keyinchalik u armiyada xizmat qilishdan bosh tortdi va Vetnam urushiga tish-tirnog‘i bilan qarshi chiqdi. Oqibatda chempionlik unvonidan, musobaqalarda qatnashish huquqidan va mamlakatni tark etish imkonini beradigan pasportidan ham mahrum qilindi.

  10. 1947-yilning aprelida beysbolchi Jek Robinson «Bruklin Dodjers» klubi bilan professional shartnoma imzolab, Amerika asosiy ligasida o‘ynaydigan ilk qora tanli o‘yinchi sifatida tarixga kirdi. Boshqa sportchilar tomonidan davomli ravishda irqiy kamsitish va o‘lim tahdidiga qaramasdan Robinson o‘zining iste’dodi va tirishqoqligi evaziga katta shon-shuhratga erishdi. 2007-yildan buyon uning sharafiga «Jek Robinson kuni» nishonlanib, barcha sportchilar uning 42-raqamida maydonga tushishadi.
  11. Tennisdagi gender tengligi kurashchisi Billi Jin King tashabbusi bilan Jahon tennis assotsiatsiyasi (WTA) tuzildi. U turnirlarning mukofot jamg‘armasi erkak va ayol tennischilarga bir xil taqsimlanishini yoqlab chiqqan ilk sportchi hisoblanadi. O‘z maqsadi yo‘lida u 1973-yilning 20-sentyabrida erkak tennischi, sobiq birinchi raketka 55 yoshli Bobbi Riggsga qarshi ko‘rgazmali uchrashuvda kortga chiqdi. O‘yin g‘olibini 100 000 dollar mukofot puli kutib turardi. Xyustondagi mashhur «Astrodom» majmuasidagi bahsda King Riggsga umuman imkoniyat qoldirmadi (6:4, 6:3, 6:3) va 100 000 dollarni qo‘lga kiritdi.
  1. Kanadalik yengil atletikachi Ben Jonson 1988-yilgi Seul olimpiadasida jahon rekordini o‘rnatdi. Biroq uch kun o‘tgach sportchi steroidlar iste’mol qilgani ma’lum bo‘ldi va unvonidan mahrum etildi. Bir necha yildan so‘ng Jonsonga Barselona olimpiadasida ishtirok etishga ruxsat berishdi. Ammo bu safar ham taqiqlangan preparat qabul qilganlikda ayblanib, diskvalifikatsiya qilindi. Yaxshilikni bilmagan Ben Jonson 1993-yilda sportdan butunlay haydaldi.

  2. Amerikaning Ogasta shahrining golf klubi 1975-yilgacha qora tanli o‘yinchilarni umuman qabul qilmas edi. 1997-yilda 21 yoshli qora tanli Tayger Vuds ana shu golf klubida o‘tkazilgan «Masters» turniri g‘olibiga aylandi va keyinchalik Amerika tarixidagi eng mashhur golfchi bo‘lib yetishdi.
Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring