Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Suriya va Isroil o‘t ochishni to‘xtatishga kelishib oldi

Suriya va Isroil o‘t ochishni to‘xtatishga kelishib oldi

Suriyaning Suvayda viloyatida druzlar qurolli guruhlari va hukumat tomonidan qo‘llab-quvvatlangan badaviy urug‘lari o‘rtasida to‘qnashuvlar qayta boshlanganidan so‘ng vaziyat keskinlashdi. Suriya prezidenti Ahmad al-Shara o‘n minglab odamlarni uylarini tashlab ketishga majbur qilgan janglarni bostirish uchun viloyatga qo‘shinlarni qayta kiritishi haqida ogohlantirdi.

AQShning Turkiyadagi elchisi va Suriya bo‘yicha maxsus elchisi Tom Barak X platformasidagi postida Suriya va Isroil o‘zaro sulhga erishganini e’lon qildi.

«Isroil Bosh vaziri Netanyahu va Suriya prezidenti Ahmad al-Shara, AQSh Davlat kotibi Marko Rubio ko‘magida Turkiya, Iordaniya va qo‘shnilar tomonidan qo‘llab-quvvatlangan o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishib oldi», – deb yozdi Barrak.

Diplomat kelishuvning hech qanday tafsilotini oshkor qilmagan. Lekin barcha tomonlarni qurollarini tashlab, tinchlik o‘rnatishni boshlashga chaqirgan.

Ma’lumot uchun, Suriya janubidagi As-Suvayda viloyatida druzlar va mahalliy sunniy musulmon badaviy qabilalari o‘rtasida to‘qnashuvlar o‘tgan yakshanba kuni boshlangan. Hukumat kuchlari, tartibni tiklash uchun ushbu mojaroga aralashdi.

Isroil tomoni esa go‘yoki druzlar mudofaasiga kelib, Suriya hukumati harbiylariga o‘nlab havo hujumlari uyushtirdi va Damashq markazidagi Suriya Mudofaa vazirligi shtab-kvartirasiga hujum qildi.

Qayd etilishicha, druzlar Isroilda muhim jamoa bo‘lib, ular sodiq ozchilik hisoblanadi va ko‘pincha Isroil armiyasida xizmat qiladi.

Bir hafta davom etgan janglarda yuzlab odamlar halok bo‘ldi.

Chorshanba kuni al-Shara hukumati Vashington, Turkiya va boshqa arab davlatlari vositachiligida druzlar guruhlari bilan sulh tuzdi va o‘z qo‘shinlarini Suvayda viloyatidan olib chiqishni boshladi. Payshanba kuni Suriya muvaqqat prezidenti tomonidan e’lon qilingan kelishuv tafsilotlariga ko‘ra, druzlar guruhlari hukumat qo‘shinlari olib chiqib ketayotganda ichki xavfsizlikni nazorat qilish vazifasini olgan.

Biroq payshanba kuni kechqurun badaviylar va druzlar o‘rtasida yana to‘qnashuvlar boshlandi. Davlat ommaviy axborot vositalarining xabar berishicha, druzlar jangarilari badaviy jamoalariga qarshi hujumlar uyushtirgan, bu esa yangi ko‘chish to‘lqiniga olib kelgan.

Qo‘shni Daraa viloyati gubernatori o‘z bayonotida «noqonuniy guruhlarning badaviy qabilalariga hujumi» natijasida 1000 dan ortiq oilalar yetib kelganini aytdi.

15 iyul kuni Isroil armiyasi Suriya janubidagi As-Suvayda viloyatida hukumat qo‘shinlariga zarbalar yo‘lladi. Isroil ozchilikni tashkil etuvchi druzlarni himoya qilish maqsadida ekanini aytdi.

Al-Sharaning aytishicha, «to‘qnashuvlarni to‘xtatish va mojaroni yerda hal qilish» uchun As-Suvaydaga maxsus kuchlar yuboriladi.

BMT hisob-kitoblariga ko‘ra, yakshanba kuni boshlangan to‘qnashuvlardan beri 80 mingga yaqin odam o‘z uyini tark etgan. As-Suvaydada asosiy xizmatlar, jumladan, suv va elektr energiyasi, shuningdek, telekommunikatsiya va sog‘liqni saqlash muassasalari uzilib qolgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring