Taniqli general Ukrainaga ko‘mak borasida sustkashlik qilayotgan ikki davlatni aytdi

AQShning Yevropadagi qo‘shinlari sobiq qo‘mondoni, iste’fodagi general-leytenant Ben Hojes Qo‘shma Shtatlar va Germaniyani Ukrainaga ko‘mak borasida sustkashlik qilishda aybladi.
Der Tagesspiegel gazetasiga intervyu bergan sobiq qo‘mondon Ukraina qarshi hujumda muvaffaqiyatsizlikka uchragudek bo‘lsa, buning uchun AQSh va Germaniya hukumati mas’ul bo‘lishini aytgan.
«G‘arb Ukrainaning g‘alaba qozonishini istaydimi? Bunga mening ishonchim tobora so‘nib bormoqda», – deb ta’kidlagan Ben Hojes.
Vashington kuni kecha F-16 qiruvchi uchoqlarini Ukrainaga yo‘llash borasida Niderlandiya va Daniyaga ruxsat bergan.
Ammo harbiy ko‘mak hal gal paysalga solinayotgani qat’iyatsizlik va sustkashlikdan dalolat beradi, deb hisoblaydi AQShning Yevropadagi qo‘shinlari sobiq qo‘mondoni.
O‘z navbatida, Germaniya tomonidan uzoq masofaga uchuvchi Taurus qanotli raketalarini berish ham ortga surilmoqda.
Qayd etilishicha, ikki davlat qat’iyat ko‘rsatsa, muvaffaqiyatsizlikning oldini olish mumkin.
Ben Hojes fikricha, Ukraina qurolli kuchlarining qarshi hujumda qo‘li baland kelishi uchun ularga uzoq masofada aniq zarba beruvchi qurollar yetkazilishi kerak. Shu tariqa Kiyev raqibning artilleriyasi, logistika va transport infratuzilmasini safdan chiqaradi. Pirovardida, Rossiya harbiylari Qrimdan ham chekinadi.
Ayni paytda Vladimir Zelenskiy ma’muriyati G‘arb mamlakatlaridan jangovar qiruvchi samolyotlar so‘ramoqda.
Ukraina qurolli kuchlari bosib olingan hududlarni qaytarib olish maqsadida iyun oyida qarshi hujum boshlagan. Qarshi hujum kutilganidan sekin kechayotgani sababli uning yakuni borasida uch ssenariy muhokama etilmoqda.
Bir muddat avval Ben Hojes G‘arb mamlakatlari Ukrainaga hozirgi sur’atda harbiy ko‘mak ko‘rsatsa, Rossiya qo‘shini ustidan g‘alaba cho‘zilishi mumkinligidan ogohlantirgan edi.
Ta’kidlanishicha, agar G‘arb Ukrainaga qiruvchi uchoqlarni tez fursatda taqdim etsa, joriy yildayoq Kiyevning qo‘li baland kelishi, hatto Donbass va Qrimni ham qaytarib olishi mumkin.
Tajribali general, shuningdek, Ukraina qo‘shini Rossiya ishg‘oli ostidagi Qrim yarimorolini ozod qilishi shartini ham ochiqlagan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter