«Taxtiqoracha» dovonida tunnel qurilishi bo‘yicha muzokaralar boshlandi
«Taxtiqoracha» dovonida tunnel qurish bo‘yicha muzokaralar boshlandi. Bu haqda Kitob tumani hokimligi xabar bermoqda.
Davlat rahbarining Qashqadaryoga tashriflari davomida belgilab berilgan ustuvor vazifalar ijrosi doirasida «Taxtiqoracha» dovonida zamonaviy tunnel qurish loyihasini amalga oshirish bo‘yicha amaliy ishlar bosqichma-bosqich davom ettirilmoqda.
Mazkur yo‘nalishda bugun Kitob tumani hokimligida tuman hokimi Rustam G‘ofurov hamda Yaponiyaning nufuzli xalqaro tashkiloti — JICA (Japan International Cooperation Agency) vakillari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muzokaralar davomida dovonda uzunligi 7 kilometr bo‘lgan tunnel qurilishi yuzasidan xorijiy kompaniyalar tomonidan ishlab chiqilgan loyiha takliflari va taqdimotlari ko‘rib chiqildi. Tomonlar loyiha doirasida zamonaviy muhandislik yechimlari, xavfsizlik talablariga mos infratuzilma yaratish hamda transport qatnovini yanada qulaylashtirish masalalarini atroflicha muhokama qildilar.
Ta’kidlanganidek, ushbu yirik infratuzilma loyihasining amalga oshirilishi hududlararo transport aloqalarini sezilarli darajada yaxshilash, yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash hamda iqtisodiy faollikni oshirishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
Uchrashuv yakunida tomonlar loyiha yuzasidan hamkorlikni izchil davom ettirishga kelishib oldilar, deyiladi xabarda.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter