“Vaziyat biz kutganimizdan tezroq yomonlashmoqda” – YeI elchisi insoniyat kelajagiga daxldor masalani ko‘tardi

Elchi Sharlotta Adrian.
Iqlim o‘zgarishi insoniyat uchun hayot-mamot masalasiga aylandi. Bu o‘zgarishlar, afsuski, O‘zbekistonni ham chetlab o‘tmaydi, deydi Yevropa Ittifoqining mamlakatimizdagi elchisi Sharlotta Adrian.
Diplomat “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” milliy tadqiqot universitetida qilgan ma’ruzasida ekologiya, tabiatni muhofaza qilish va bashariyat istiqboliga doir dolzarb masalalarni ko‘tardi.
“Iqlim o‘zgarishi va atrof-muhitning buzilishi har bir inson uchun ekzistensial tahdiddir. Vaziyat biz bir necha yil oldin kutganimizdan ancha tez yomonlashmoqda. Iqlim o‘zgarganligini tasdiqlovchi global va mahalliy darajada ko‘plab aniq ta’sirlarning guvohi bo‘lmoqdamiz”, – dedi Adrian xonim.
Diplomatning qayd etishicha, bu o‘zgarishlar, afsuski, O‘zbekistonni ham chetlab o‘tmaydi.
“Mutaxassislarning fikricha, mamlakatingizda cho‘llanish kuchayib, qurg‘oqchilik va bioxilma-xillikning qisqarishi kuzatilmoqda. Albatta, suv resurslarini noto‘g‘ri boshqarilishining bevosita natijasi tufayli yuzaga kelgan Orol dengizi fojiasi mavjud, lekin bu vaziyat iqlim o‘zgarishi bilan ham og‘irlashmoqda. Men irrigatsiya masalalarini o‘rganayotgan siz kabi tadqiqotchilar ushbu mavzuni juda ham yaxshi bilasiz degan fikrdaman. Binobarin, biz o‘tgan yili Toshkentda ilgarilari ehtimol hech ham bo‘lmagan qum bo‘ronlarini kuzatdik”, – dedi elchi.
Qayd etilishicha, global muammoga aylangan iqlim o‘zgarishi global javob choralarini talab qiladi. Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha ekspertlarning hukumatlararo guruhi (MGEIK) tayyorlagan so‘nggi ilmiy ma’ruzada bayon etilganidek, hozirgi vaqtda na global oliy marralar, na ularni amalga oshirish harakatlari jahonda haroratni 1,5°Sga o‘sishiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha maqsadlarga erishish uchun yetarli emas. Iqtisodiyotning barcha sektorlarida havoga chiqarilayotgan zaharli gazlar miqdorini zudlik bilan qisqartirish zarur.
YeI butun jahonda atrof-muhit, iqlimni muhofaza etish va energiya tejamkorligi sohalarida tashabbuslarni ilgari suradi va izchil siyosatni amalga oshiradi. Hamkor mamlakatlar, shu jumladan, O‘zbekiston uchun YeI yangi moliyaviy ko‘magining 30 foizi iqlim maqsadlariga erishishga yo‘naltirilishi ham buni tasdiqlaydi.
Masalan, YeI Orolbo‘yi mintaqasi uchun BMTning Inson xavfsizligi bo‘yicha Ko‘p tomonlama sheriklik trast jamg‘armasiga 5 million yevrodan ziyod mablag‘ ajratgan. Bu – tabiiy ofatning salbiy oqibatlarini yumshatish ishiga sodiqlik ifodasi deb baholangan.
YeI O‘zbekiston hukumatining sahroga aylanayotgan hududni tiklash bo‘yicha xatti-harakatlariga ko‘mak sifatida joriy yil oxirigacha Orol dengizi tubiga 27 ming tup nihol ekish majburiyatini ham zimmasiga oladi.
YeI, shuningdek, iqlim o‘zgarishining bevosita ta’siriga duch kelgan mahalliy hamjamiyatlarni qo‘llab-quvvatlash yoki ko‘proq ekologik qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishini rivojlantirish bo‘yicha loyihalarni ham moliyalashtirmoqda.
Yurtimizda YeI, BMT Yevropa iqtisodiy komissiyasi va Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti shafeligida suv resurslarini integratsiyalashgan boshqarish tashabbusi ham amalga oshirilmoqda. Avvalroq Muvofiqlashtiruvchi kengashning birinchi uchrashuvida ishtirok etgan elchi Sharlotta Adrian mintaqada suv manbalaridan oqilona foydalanish va boshqarish shartlariga ham to‘xtalgandi.
Eslatib o‘tamiz, ertaga, 6 noyabr kuni Misrning Sharm ash-Shayx shahrida BMTning iqlim o‘zgarishlari bo‘yicha nufuzli anjumani boshlanadi. Ikki hafta davomida atrof-muhit, tabiatni muhofaza etishga doir dolzarb masalalar muhokama etiladi.
An’anaga ko‘ra, ushbu anjuman arafasida YeI iqlim o‘zgarishi masalalarida dunyo bo‘ylab insonlarning bilimi va xabardorligini oshirishga qaratilgan “Iqlim diplomatiyasi” tadbirlarini tashkil qiladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter