Xitoyda kir yuvish korxonasi xodimida topilgan virus tufayli 100 million kishi karantinga olindi

AOKA shtabida Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Koronavirusga qarshi kurash shtabi a’zosi Xabibulla Oqilov ishtirokida brifing bo‘lib o‘tgani haqida ma’lumot berilgan edi. Brifingda muhim savol va murojaatlar yuzasidan javob qaytarildi.
— Dunyoda koronavirusning ikkinchi to‘lqini bo‘layotganmish. Bizda ham shunday holat bo‘lishi mumkinmi?
— Chet ellik hamkasblarimiz bilan deyarli har kuni aloqada bo‘lib, tajriba almashib turibmiz. Hozirgi kunda ikkinchi to‘lqin haqida axborotlar yo‘q. Xitoyning Xeylunzyan provinsiyasida kir yuvish korxonasining xizmatchisida koronavirus aniqlanib, 100 millionga yaqin fuqarolar karantinga olingan. Lekin bu ikkinchi to‘lqin degani emas.
— Qizil, sariq, yashil toifalarga ajratilgan hududlarda karantin darajasi qaysi hollarda yumshatilib, boshqa rangga o‘tishi mumkin?
— Karantin toifasi yangidan aniqlangan kasallanish holatlari kamayib, sog‘ayganlar soni ko‘payib borishi bilan qizil rang sariqqa o‘zgarishi mumkin. Yangidan aniqlangan hollar batamom tugab, mavjud bemorlar tuzalganda sariq rang yashilga o‘zgaradi.
— O‘g‘lim bilan Turkiyada davolanyapmiz, yaqinda charter reys bilan qaytamiz. Bu yerdagi shifokorlarimiz umumiy karantinga ruxsat berishmayapti. Ma’lumotnoma olib borsak, uy karantinga ruxsat beriladimi?
— Maxsus komissiya qaroriga ko‘ra, charter reyslarda kelgan fuqarolarning barchasi aeroportdan to‘g‘ri karantin shaharchasiga olib borilishi ko‘rsatilgan. Bunday holatda siz o‘zingiz davolanayotgan shifokorlarning bergan ma’lumotnomalarini O‘zbekistonning Turkiyadagi elchixonasi konsullik bo‘limiga yuborishingiz kerak. Tashqi ishlar vazirligi tomonidan uy sharoitida karantinga olinishi bo‘yicha Sog‘liqni saqlash vazirligi orqali maxsus komissiyaning ruxsati olingandan keyin sizga uy sharoitidagi karantiniga ruxsat etiladi.
— Vrachman. 14 kun mobaynida karantin zonasida ishladim. Men ham 25 million so‘m olishga haqqim bormi?
— «Koronavirus pandemiyasi va global inqiroz holatlarining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy ta’sirini yumshatish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida» PF–5969-son Prezident Farmoniga asosan koronavirusga karshi kurashga jalb kilingan, lekin bevosita bemorlar bilan alokada bulmagan xodimlarning oylik lavozim maoshiga har kunlik 6 foizli qo‘shimcha to‘lovlar joriy qilingan. Karantin muassalarida faoliyat ko‘rsatuvchi tibbiyot xodimlari ham ushbu 6 foizli toifaga kiradi. Ushbu to‘lovlar bilan bog‘liq savollar bo‘yicha Moliya vazirligining 71 – 203 00 50 ishonch telefoniga murojaat qilish mumkin.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter