Xitoydagi eng katta cho‘l ostida ulkan suv manbalari topildi
Geologlar Xitoydagi eng katta cho‘l ostida ikkita yirik suv manbasini aniqlashdi. Yerosti suvlari Shinjon-Uyg‘ur muxtor tumanidagi Taklamakon sahrosida olib borilayotgan qidiruv loyihasi doirasida topildi, deb xabar berdi South China Morning Post.
Hozirda ushbu qurg‘oqchil vohada keng ko‘lamli ko‘kalamzorlashtirish va cho‘llanishga qarshi kurash ketmoqda. Yangi suv manbalaridan biri harakatlanuvchi qumliklar bo‘yicha dunyoda ikkinchi o‘rinda turadigan Taklamakonning janubi — Minfen tumanidagi Andir qishlog‘i hududidan topilgan bo‘lsa, ikkinchisi sahro bag‘ridagi Mozortog‘ janubiy qismidan chiqdi.
Olimlar ushbu loyiha doirasida sho‘rxok suvlardan foydalanish bo‘yicha maxsus sinov stansiyasini tashkil etishdi. Bunday suv tarkibidagi tuz miqdori oddiy ichimlik suvidagidan ko‘p, ammo dengiz suvidagiga qaraganda kamroqdir. Undan sahro chegaralari bo‘ylab ekinlarni sug‘orish va qum ko‘chishining oldini olishda foydalanish ko‘zda tutilgan.
Ma’lumot uchun: Taklamakon (ma’nosi — tark etilgan makon, joy) cho‘li maydoni 337 600 kvadrat kilometrni tashkil etadi, ya’ni kattaligi bo‘yicha deyarli Germaniya bilan teng. Ko‘chib yuruvchi qum barxanlari va o‘ta og‘ir iqlimi tufayli cho‘l mahalliy aholi orasida «o‘lim dengizi» nomini olgan. Ammo keyinchalik «dengiz» nomi o‘zini oqladi: 2015-yilda sahro tubida yashirinib yotgan ulkan ummon aniqlandi. Bu yerdagi suv hajmi Shimoliy Amerikadagi beshta Buyuk ko‘lning umumiy suv miqdoridan ham ko‘p.
Qum bo‘ronlarining oldini olish va mahalliy infratuzilmani himoya qilish maqsadida, sahro atrofida daraxtlar, butalar va quyosh panellaridan iborat uzunligi 3 050 kilometrlik ulkan yashil belbog‘ barpo etilgan.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter