Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Xitoyliklar shifokorlarimizga koronavirusdan himoyalovchi dorilar yetkazib beradi

Xitoyliklar shifokorlarimizga koronavirusdan himoyalovchi dorilar yetkazib beradi

Foto: SSV matbuot xizmati

Xitoyning «Beizhong Yilin Pharm Tech (Beijing) Co. Ltd.» farmatsevtika kompaniyasi hamda Szyansi an’anaviy xitoy tabobati universitetining 10 nafar shifokor va mutaxassislaridan iborat guruh yurtimizda bo‘lib turibdi. Bu haqda SSV matbuot xizmati xabar berdi.

Xitoylik mutaxassislarining fikriga ko‘ra, an’anaviy xitoy tabobati G‘arb tibbiyoti bilan birgalikda COVID-19ni oldini olish, uni davolash va reabilitatsiyasida muhim ahamiyat kasb etadi. Buni mamlakatning bir qator viloyatlarida, birinchi navbatda, yangi koronavirus tarqalishining markaziga aylangan Xubeyda o‘tkazilgan klinik kuzatishlar ham tasdiqlamoqda.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Xubey provinsiyasida koronavirusga chalingan bemorlarning 91,6 foizi va mamlakat bo‘ylab esa ularning 92,4 foizini sog‘ayishida  aynan  an’anaviy xitoy tabobati ham alohida ahamiyat kasb etgan.

– Eng qizig‘i, koronavirusga qarshi kurashish uchun Uxan shahriga 42 ming nafar xitoy xalq tabobati vakillari safarbar qilingan bo‘lsa, ularning birontasi ham infeksiyani yuqtirib olmadi, – deydi Xitoy «Beizhong Yilin Pharm Tech (Beijing) Co. Ltd.» farmatsevtika kompaniyasi prezidenti Syuejun Lin. – Buning sababi, birinchidan, himoya vositalaridan to‘g‘ri foydalanishganida bo‘lsa, ikkinchidan, xalq tabobati usulida tayyorlangan dori vositalarini qabul qilganlaridadir. O‘zbekistonda COVID-19 bilan oldingi saflarda kurashayotgan tibbiyot xodimlari uchun ham ushbu dori vositalarini yetkazib beramiz.

O‘z o‘rnida Syuejun Lin O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov bilan muloqot davomida 4 yo‘nalishda an’anaviy xitoy tabobati usulida tayyorlangan dori vositalarini qo‘llagan holda koronavirus infeksiyasi bilan kurashishni taklif qildi.

Birinchisi – kasallikni profilaktikasida, ikkinchisi – koronavirusni yengil shaklda boshdan o‘tkazayotgan bemorlarni davolashda, uchinchisi – yengil shakldagi bemorlarning holati og‘ir va o‘rta og‘irga o‘tib ketmasligi uchun parvarish qilishda va oxirgisi – COVID-19dan sog‘ayganlarni reabilitatsiya qilishda.

Eslatib o‘tamiz, mamlakatimizda COVID-19 infeksiyasiga qarshi kurashishda xalqaro hamkorlikni kengaytirish, bu boradagi jahon tajribasini amaliyotga tatbiq qilish maqsadida yurtboshimiz topshirig‘i bilan shu kunga qadar Xitoy, Rossiya, AQSh, Germaniya, Koreya Respublikasi, Turkiya kabi qator davlatlarning nufuzli mutaxassislari O‘zbekistonga tashrif buyurishgandi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring