Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Xorazmda saksovulfurushlar ekologiya inspektorlarini kaltaklab ketishdi

Xorazmda saksovulfurushlar ekologiya inspektorlarini kaltaklab ketishdi

Joriy yil 15-iyul kuni Buxoro viloyati Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi ekologik nazorat inspeksiyasi xodimlari tomonidan Peshku tumanining «Safron» cho‘l massivida navbatdagi reyd tadbiri o‘tkazildi.

Reyd tadbiriga viloyat ekologiya boshqarmasi inspeksiya boshlig‘i J.Toshev boshchiligidagi  6 nafar ekologik nazorat inspeksiyasi xodimlari jalb etilgan.

Reyd davomida inspektorlar Xorazm viloyatida yashovchi fuqarolar tomonidan (shaxsi noma’lum) «ZIL» rusumli yuk mashinasi bilan cho‘l hududidan noqonuniy ravishda saksovul o‘simligini kesib, yuk mashinasiga ortgan holda cho‘lning ichki yo‘li orqali ketayotganini ko‘rib qolishgan va boshqarmaga tegishli  xizmat avtomashinasi bilan yuk mashinasini ta’qib qilishgan.

Kuzatuv davomida taxminan 110 km masofadan so‘ng yuk mashinasi G‘uzor–Buxoro–Nukus A-380 avtomobil yo‘lining Buxoro viloyatidan Xorazm viloyati yo‘liga chiqib, harakatni davom ettirgan. Shundan so‘ng J.Toshev avtomobil yo‘li bo‘ylab 5 km masofadan so‘ng boshqarma inspeksiya xodimlari N.Muhammadiyev va O.Husenovlarni orqadan kelayotgan boshqa avtomashinalarni nazorat qilish uchun tushirib, o‘zi «ZIL» rusumli yuk mashinasining ortidan kuzatuvni davom ettirgan. U yuk mashinasidan o‘tib ketganida taxminan 200 metr masofada Xorazm viloyatiga tegishli davlat raqami 90 X 780 XX bo‘lgan oq rangli «Isuzu» rusumli yuk mashinasi yo‘lini to‘sgan. Mashinadan notanish fuqarolar qo‘lida har xil turdagi sovuq qurollar (bita, armatura, temir truba) bilan tushib kelib, boshqarmaning avtomashinasini urib, pachoq qilishgan hamda inspeksiya boshlig‘ini har xil nojo‘ya so‘zlar bilan haqoratlashgan. Shundan so‘ng J.Toshev voqea joyidan ketgan.

Bundan tashqari, huquqbuzarlar boshqarma inspeksiya xodimlari N.Muhammadiyev va O.Husenovlarni yuz va tana qismlarining barcha sohasiga urib, turli xil og‘ir tan jarohatlari yetkazishgan (N.Muhammadiyevning oyog‘i singan). Keyin ularni yuk mashinasining bortiga yuklab, o‘zlari bilan olib ketayotgan vaqtda inspektorlar harakatlanib turgan yuk mashinasining orqa bort qismidan o‘zlarini tashlab, qochishga ulgurishgan.

«Huquqbuzarlar ikkala inspektor — N.Muhammadiyev va O.Husenovga tajovuz qilib, ularga og‘ir tan jarohatlari yetkazishgan. Inspektorlarimiz jarohat olganiga qaramasdan, voqea joyidan qochishmagan va o‘z xizmat vazifasini davom ettirishgan. Holat yuzasidan tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organlarga ma’lum qilindi. O‘z vaqtida ushbu holatga tezkor ta’sir choralarini ko‘rgan organ xodimlariga minnatdorlik bildiramiz. Ekologiya sohasidagi bu kabi qonunbuzarliklarga — tabiiy resurslarni noqonuniy kesish, olib chiqish, shuningdek, davlat inspektorlariga nisbatan zo‘ravonlik va qarshilik ko‘rsatish holatlariga qat’iy huquqiy baho beriladi. »,-deydi Jamol Nosirov.

Ayni damda mazkur holat yuzasidan Xorazm viloyati Tuproqqal’a tuman prokuraturasi tomonidan tergov ishlari olib borilmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring