Zelenskiy Putinga G7 sammitida uchrashishni taklif qilgan
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiya prezidenti Vladimir Putinga Fransiyada bo‘lib o‘tadigan «Katta yettilik» (G7) sammiti doirasida uchrashishni taklif qilgan. Bu haqda u Kiyev-Pechersk lavrasiga tashrifi chog‘ida jurnalistlarga ma’lum qildi.
«Biz Putin bilan G7 sammiti vaqtida uchrashishga tayyor ekanimiz haqida xabar yubordik. Chunki u yerda Tramp va Makron bo‘ladi, ya’ni yevropaliklar va Amerika. Menimcha, bu barchaning birgalikda uchrashishi uchun juda yaxshi imkoniyat. Yevropa va AQSh bunga rozi bo‘ldi, ammo Rossiya yana bir bor muzokaralarga tayyor emasligini namoyish etdi», — dedi Zelenskiy.
«RBK-Ukraina» manbasiga ko‘ra, Zelenskiy va Putin uchrashuvini o‘tkazish taklifi Ukraina tomonidan bir necha kanallar — vositachilar, diplomatlar va razvedka xizmatlari orqali yetkazilgan.
Manbaning ta’kidlashicha, Rossiya tomonidan bu taklifga aniq javob berilmagan.
«Katta yettilik» sammiti 15-17 iyun kunlari Fransiyaning Jeneva ko‘lining janubiy sohilida joylashgan Evian-le-Ben shahrida bo‘lib o‘tadi.
4 iyun kuni Zelenskiy Putinga ochiq maktub e’lon qilgan edi. Unda u Rossiya prezidentiga urushni yakunlash bo‘yicha kelishuvga erishish maqsadida shaxsan uchrashishni taklif qilgan.
Oradan bir kun o‘tib, Putin Sankt-Peterburg iqtisodiy forumidagi nutqi davomida hozirgi paytda Zelenskiy bilan uchrashishdan ma’no ko‘rmayotganini aytgan.
Putin, shuningdek, Zelenskiy ochiq maktubni e’lon qilishidan bir necha hafta oldin rossiyalik tadbirkorlardan biri orqali shaxsiy uchrashuv tashkil etishni so‘raganini ma’lum qilgan. Keyinchalik bu tadbirkor Roman Abramovich ekani ma’lum bo‘ldi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter