Hasanboy Rahimov ishi yuzasidan rasmiy bayonot berildi
Matbuotda erkin kurash bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Hasanboy Rahimovda doping aniqlangani haqida xabarlar tarqaldi. Bu holat yuzasidan Jismoniy tarbiya va sport vazirligi matbuot xizmati rasmiy bayonot berdi.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston sport kurashlari assotsiatsiyasiga United World Wrestling (UWW)dan ham rasmiy maktub kelib tushgan. Maktub mazmunida UWW mustaqil antidoping tashkiloti (ITA) tahlillariga asoslangan holda Hasanboy Rahimovda doping aniqlanganini aytilgan.
Xabarda bayon qilinishicha, Hasanboy Rahimovdan o‘tgan yili Qozog‘istonning Nur-Sulton shahrida o‘tkazilgan sport kurashlari bo‘yicha kattalar o‘rtasidagi Jahon chempionati chog‘ida olingan doping-tahlil ijobiy natija bergan. Tekshiruv Germaniyaning Drezden shahridagi laboratoriyada o‘tkazilgan. Rahimovning qon tarkibida taqiqlangan klomifen (S4 toifa. gormonlar va modulyatorlar, metabolizm/klomifen) moddasi borligi aniqlangan.
Aynan Nur-Sultondagi jahon chempionatida Hasanboy Rahimov 125 kg vazn toifasida bronza medalini qo‘lga kiritish barobarida Tokio-2020 Olimpiadasi litsenziyasini ham rasmiylashtirgan edi.
O‘zbekiston sport kurashlari assotsiatsiyasining ma’lum qilishicha, Hasanboy Rahimov sog‘lig‘ida yuzaga kelgan muammo sabab shifokor tavsiyasiga ko‘ra dori vositasi qabul qilgan. Ammo, bu vosita tarkibida taqiqlangan klomifen moddasi borligini bilmagan. Sportchi o‘sha paytda sog‘lig‘ini birinchi o‘ringa qo‘ygani uchun biroz ehtiyotsizlik qilgan, deyiladi rasmiy bayonotda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter