«O‘zbek jang san’ati» bo‘yicha musobaqada Angren jamoasi tengsiz bo‘ldi

Ohangaronda «O‘zbek jang san’ati» bo‘yicha O‘zbekiston birinchiligi uchun saralash musobaqalari doirasida Toshkent viloyati birinchiligi o‘tkazildi. Qizg‘in va murosasiz kechgan bahslar o‘smirlar, yoshlar, kattalar o‘rtasida tashkil etildi. Viloyatning barcha shahar va tumanlaridan saralangan, «O‘zbek jang san’ati» bilan muntazam ravishda shug‘ullanib kelayotgan 200 nafar ishtirokchi turli yosh va vazn toifalarida g‘oliblik uchun bellashdi.
Musobaqa yakunlariga ko‘ra, jamoa hisobida Angren shahri jamoasi I, Chirchiq shahri jamoasi II, Bo‘ka tumani vakillari esa III-o‘rinni qo‘lga kiritdi. Shuningdek, yakkalik bahslarida ham g‘oliblar aniqlandi.

Ma’lumot o‘rnida qayd etish joizki, «O‘zbek jang san’ati»ga 2009 yilda O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi tomonidan milliy sport turi maqomi berilgan. Yana bir muhim jihat – ushbu sport turiga kirib kelgan har bir sportchi Vatanimizga, Mamlakat Prezidentiga sodiq bo‘lishga qasamyod qabul qiladi. Bundan tashqari, mazkur sport turida mavjud yigirma yetti xil mashqlar majmuasining har biri buyuk bobolarimiz ismlari bilan nomlandi. Bular «Shiroq» «To‘maris», «Spitamen», «Beruniy», «Ahmad Farg‘oniy», «Jaloliddin Manguberdi», «Temur Malik», «Pahlavon Mahmud», «Amir Temur» «Bobur Mirzo» kabi mashqlar majmuasidir. Ta’kidlash joizki, mazkur sport turidagi barcha atamalar o‘zbek tilida qo‘llaniladi.

Bugungi kunda Toshkent viloyatida «O‘zbek jang san’ati» bilan 3 ming nafardan ziyod yoshlar muntazam ravishda shug‘ullanib keladi.

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter