«Men qashshoqlikdan sadaqa so‘rab yurgan gado emas, Vatan gadosiman...» — Vatan, deya vatansiz qolgan Buxoro amirining armoni
Tarixdan ma’lumki, Buxoro amiri Olimxon amir Sayyid Abdullahadxonning to‘ng‘ich o‘g‘li bo‘lgan. Olimxon 1881 yilda Karmana shahrida tug‘ilgan. Buxoro mudarrislaridan saboq olgan. 13 yoshdaligida uch yilga davlatni boshqarish va harbiy ma’lumotlarni o‘zlashtirish uchun Sankt-Peterburgga ketgan. 1896 yilda Rossiyadan Buxoro Shahzodasi sifatida Buxoroga qaytib kelgan. Oradan 2 yil o‘tgach, ya’ni 1898 yilda Nasaf (Qarshi) gubernatori etib tayinlangan. So‘ngra Karmana bekligiga hokim bo‘lgan.
1910 yilda otasi Abdullahadxon vafot etgach, Sayyid Olimxon Rossiya imperiyasi imperatori Nikolay II tomonidan Oliy martabaga ko‘tarilgan: otasi o‘rnida Buxoro amirligini qabul qilgan.
Amir Sayyid Olimxon Rossiya imperiyasi tomonidan ko‘p qarshilik va bosimlarga uchragan. Hokimiyatga kelgan bolsheviklar Buxoro amirligiga ham o‘zining mulki sifatida qaray boshlagan. O‘lkada soliqlar ortib, iqtisodiy qiyinchiliklar boshlangan. Shunga qaramay, amir Olimxon boshqa vazir va boshliqlarga pora olish, pora berishni man qilgan. Soliqchilar va boshliqlarni xalqdan olgan soliqni o‘z manfaatlari yo‘lida qo‘llamaslikni amr etgan.
1918 yilda Turkiston Muxtoriyatini qonga botirgan bolsheviklar Buxoroga ham ochiq yurish boshlashgan. Snyardlari tugaguncha Buxoroni to‘pga tutishgan. Harbiy amaliyotni boshlab, samolyotlarni ishga solishgan. Juda ko‘p saroylarni, xonaqolarni vayron qilishgan. Ko‘prik, yo‘l, do‘konlaru banklarni talab, o‘liklarning kiyimlarigacha tunashgan. Lekin shunday vaqtda ham xalq amir tomonida bo‘lgan. Amirning mudofaasi uchun 25000 dan ortiq odam chiqishi aslida katta voqe’lik, shunday tish tirnog‘i bilan qurollangan dushman bilan jangdan tirik chiqishi uning ulkan muvaffaqiyati bo‘lgan, aslida. Qonli yo‘qotishlar, amirlik ichidan chiqqan xoinliklar sabab Buxoroning kuli ko‘kka sovirilgan. 1921 yilda amir Olimxon 500 nafar hamrohi bilan doimiy yashash uchun Afg‘onistonning Qobul qo‘riqlovidan 11 kilometr uzoqlikdan bo‘lgan Fotuh qal’asiga ko‘chib ketgan.
«XX asrda, aniqrog‘i, Sovet hokimiyati yillarida adolatsiz siyosat, inqilob, to‘ntarishlar va qatag‘onlar tufayli ko‘plab yurtdoshlarimiz ko‘zda yosh, yurakda cheksiz alam va o‘kinch bilan ona-Vatandan ayro tushdi. Achchiq taqdir ular peshonasiga vatangadolik azob-uqubat va mashaqqatlarini bitdi. O‘zbekistonni o‘tgan asrning 30-yillarida 8 yoshligida tark etgan, bir umr Saudiya Arabistonida yashagan Mo‘minjon Andijoniy vataniga yo‘llagan maktublaridan birida:
G‘urbatda agar yetsa o‘lim gul badanimga,
Qabrimni qazib nashimni yulsa, kafanimga,
Tobutim yuksak yera bir lahza qo‘yinglar,
Shoyad yetishur bo‘yi Vatan bu jasadimg‘a
degan misralarni bejiz bitmagan.
Vatanning bir kaft tuprog‘ini ko‘ziga surtish armonida dunyoni tark etgan millatdoshlarimiz xorijda kambag‘al yashamadi. Ular salohiyat, ilm, aql-idrok, chidam va iroda, mehnatsevarlik, halollik tufayli o‘zga ellarda ham to‘q va farovon umr kechirdi. Muhojir o‘zbeklarning keksa avlodi vakillari bilan muloqotlar chog‘ida «Oramizda gado va qashshoqlar, bizga sadaqa qiling, yaxshilar» deb yuruvchi birorta ham tilanchi yo‘q. Biz faqat Vatan gadosimiz» degan so‘zlarni eshitganim bor», — deydi Buxoro davlat universiteti o‘qituvchisi, tarix fanlari doktori, professor Shodmon Hayitov.
Shodmon Hayitovning so‘ziga ko‘ra, vatangadolik taqdiri Buxoroning so‘nggi amiri Sayyid Olimxonni ham chetlab o‘tmagan. Amir bolsheviklar va Qizil Armiya qismlari bilan murosasiz janglarda yengilgan. 1921 yil mart oyida bir qator amaldor va a’yonlari bilan qo‘shni Afg‘oniston hududiga muhojirlikka o‘tgan.
«Sovet mafkurasi asosida yozilgan kitob va adabiyotlarda Amir Olimxon 23 yil davomida (1921-1944 yy) gado va qashshoqlikda yashadi. Unga tuzalmas kasallik yopishgan - umrining oxirida «vos-vos» kasaliga duchor bo‘lib, aqldan ozdi. Xor-zorlikda bu dunyoni tark etdi» qabilidagi tarix haqiqatidan yiroq uydirmalarni o‘qish mumkin. Yo‘q. Toju taxtidan ayrilib, Vatanidan uzoqda bo‘lgan amir shu qismatni g‘ariblik, deb sanagan. Afg‘on zaminida Amir Olimxon kambag‘al va qashshoq bo‘lib qolmagan edi. U amirlikning tillarda doston xazinasidan Afg‘onistonga olib o‘tgan oltin, kumush, gavhar va brilliantlar hisobidan o‘sha davrda savdo aylanmasi 1 million oltin so‘m bo‘lgan zargarlik do‘koni ochgandi. Amirni izlab keyinchalik Qobulga yetib kelgan ayonlaridan biri Hoji Mirzo devonbegi Buxoro amirligi xazinasida saqlangan, oltin va javharlar bilan bezatilgan qimmatbaho tojlarni Sayyid Olimxonga keltirib topshirgani ham ma’lum. Bu kabi oltin tojlarga Amir Olimxon Qobulda yashagan Fatuh bog‘iga o‘xshagan shinam maskanlarning o‘ntasini sotib olish mumkin edi. Amirning vakili To‘raqul dallol tomonidan Peshovar bankiga qo‘yilgan pullarning bir qismi ham uning hisobiga o‘tgandi. 1928 yilda Amir Shveysariya bankidagi pullarini olishga uringani, o‘z vakilini Jenevaga yuborganligi ham ma’lum», — deydi Shodmon Hayitov.
Ma’lum bo‘lishicha, Sayyid Olimxonga afg‘on amirlari erkin harakat qilishga yo‘l berishmasa ham mehmondo‘stlik ko‘rsatishgan.
«U 1943 yilning kuzida (o‘limidan biroz oldin) Afg‘oniston davlatining bosh vaziri Ahmadshoh qabulida bo‘lgan. «Amir Olimxon muhojirlikka mahkum etilgan millionlab vatandoshlari singari ona-yurti sog‘inchi bilan yashagan. 1943 yilda Afg‘oniston bosh vaziri Ahmadshohga aytilgan: «Afg‘onistonga kelganimga 23 yil bo‘ldi. Shu davr ichida ko‘p g‘urbat va musibatlarni boshimdan kechirdim. Lekin vatan yodi bir muddat ham qalbimni tark etmadi. Vatan yodi bilan yashadim va vatan yodi bilan o‘laman» yoki «Ey Vatan, oxirgi nafasimgacha senga salom deyman... Vatan ruhi menda doim tirikdir» – degan so‘zlari Vatan shohu gado uchun birday aziz tuyg‘u ekanining Amir Olimxon tilidagi ifodasidir. Uning Buxoroi sharifni, ajdodlardan meros Vatanni sog‘inib, ona-yurt havosidan loaqal bir marta to‘yib nafas olish umidi bilan yashagani, ayni haqiqat», — so‘zida davom etadi professor.
Amir Sovet hokimiyati poydevori mo‘rt davlat, ko‘p o‘tmay qulagan. Vatanga qaytadigan kun keladi, degan umid va ishonch bilan umrguzaronlik qilgan. Hatto, oxirgi nafasigacha, buxorocha libosini yechmay, davralarda, to‘y-hashamlarda, bayramlarda milliy kiyimda yurgan. Afg‘onistonda 1919–1928 yillarda hukmronlik qilgan Amir Omonulloxon afg‘onlarning mustaqillik bayrami (Jo‘shon)ga amirni taklif etganida, u buxorocha kiyimda borgan. Afg‘onlar undan yevropacha kiyinib kelishni so‘rashgan. Bunday taklifdan achchiqlangan amir qayta-qayta taklif qilishlariga qaramay, keyin Jo‘shon bayrami tadbirlarida ishtirok etmagan.
Shuhrat Hayitovning bildirishicha, amir Olimxon umrining so‘nggi yillarida Vatan sog‘inchi suyak-suyagidan o‘tgan. Biz bunga o‘z vaqtida afg‘onistonlik keksalar bilan muloqotlar davomida amin bo‘lgandik. Xotiralarda aytilishicha, Amir vatani va uch farzandi – Sultonmurod, Shomurod, Rayimni sog‘inib, ko‘ziga yosh olib turgan.
«Aytmoqchi, Amirning Afg‘oniston poytaxti Qobulda turli xotinlaridan 16 o‘g‘il va 21 nafar qiz, jami 37 farzandi dunyoga kelgan. 1931 yilda tavallud topgan o‘g‘illaridan biri Sayid Mansur Olimiy o‘zining «Buxoro–Turkiston beshigi» nomli kitobida otasi umrining oxirida vatangadolik, degan bedavo dardga duchor bo‘lganligini qayd etgan. Shuningdek, amir Sayyid Olimxon umrining oxirida ko‘zi ko‘rmay, ojizlanib qolgan.
Shunga qaramasdan, u o‘g‘illaridan Amudaryo bo‘yiga olib borishlarini so‘ragan. O‘sha yerdan turib, qo‘l yetmas manzil – ona-yurt tomon uzoq vaqt termulib turishni xush ko‘rgan. Vafotidan oldin Buxoroi sharifning shirin-shakar mevalarini sog‘inib, G‘urbin anorini ko‘p eslaydigan bo‘lib qolgan», — hikoya qiladi suhbatdosh.
Buxoro amiri Sayyid Olimxon Sovet hokimiyatiga mutasaddilaridan Vatanga qaytarishni so‘rab, bir necha bor murojaat qilgan. Afg‘onistondagi ayrim o‘zbek muhojirlari Buxoro amirligi hududidan o‘ziga bitta viloyat ajratib berishlarini so‘raganligini ham aytishadi. Ammo I.V.Stalin (1878-1954) uning barcha murojaatlarini e’tiborsiz qoldirgan.
Tarixga ko‘ra, uning xastaligi uzoq davom etgan. 1944 yil 28 aprelda Qal’ai Fotuhda vafot etgan va Qobul yaqinidagi «Islom shahidlari» qabristoniga dafn etilgan. 1998 yilda farzandlarining barchasi turli davlatlarga ko‘chib, yashab qolishgan. Manbaalarda aytilishicha, Turkiya, Eron, Iroq, AQSh, Kanada, Saudiya Arabistoni va Yevropa davlatlarida amir sulolasining 700 dan ortiq vakillari bor.
«Amir Sayyid Olimxon muhojirlikda bir umr Vatan mehri bilan yashagan, uning peshanasiga Vatan, deya vatansiz qolganlar qismati bitilgan», — deydi Shodmon Hayitov.
Ma’lumot o‘rnida: Amir Olimxonning Afg‘onistonda yozgan xotiralari 1929 yilda fransuz tilida Parijda, fors tilida G‘arbda, 1991 yilda O‘zbekistonda alohida kitob qilib chop etilgan. Said Olimxonning farzandi Sayyid Mansur Olimiyning «Buxoro gohvorai Turkiston» (Buxoro – Turkiston beshigi) kitobi 1996 yilda Turkiyada chop etilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter