Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bolalik xotirasiga aylanadigan mazmunli ta’til: «Dolzarb 90 kun»

Bolalik xotirasiga aylanadigan mazmunli ta’til: «Dolzarb 90 kun»

foto: 4-maktab

Tan olaylik yoz faslini bolalar ko‘pincha bekor qoladi yoki ekran qarshisida o‘tkazadi: telefon, televizor, planshet... Bu texnikalar bola uchun vaqtinchalik mashg‘ulot, lekin kelajagiga xizmat qilmaydi. Ayniqsa ota-ona ishda bo‘lsa, farzand ko‘pincha o‘z holiga tashlab qo‘yiladi. Bunday holatda «Dolzarb 90 kun» loyihasi kabi tashabbuslar farzand taqdiri uchun qanday ahamiyatga ega?

Men Jizzax viloyati G‘allaorol tumani, Qo‘ytosh qishlog‘ida 4-umumiy o‘rta ta’lim maktabida faoliyat olib borayotgan «Dolzarb 90 kun» yozgi oromgohini kuzatib, ushbu loyiha haqidagi fikrim tubdan o‘zgardi. Chunki ushbu tashabbus e’lon qilinganida juda ko‘pchilik «yozda yana maktabmi?», deya e’tiroz bildirishgandi-da.

Ta’tilda o‘rganish va o‘sish imkoni

Bu yerda bolalar kitob o‘qish, shirinlik tayyorlash, robototexnika, tasviriy san’at, mozaika, ijodiy ishlar, musiqa va sahna harakatlari kabi mashg‘ulotlarga jalb etilgan. Har bir mashg‘ulot bolaning qiziqishi, qobiliyati va temperamentiga mos holda tashkil etiladi.

Maktabning ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Dilnora Xatamova shunday deydi:

«Farzandingiz ta’tilda bekorchi yurmasin, uning vaqtini mazmunli o‘tkazish – maktab va ota-onaning umumiy vazifasi. Bunday mashg‘ulotlar bolalarni ijod, bilim, do‘stlik va mustaqil fikrlash sari yetaklaydi. Har bir bola – alohida dunyo. Ularga to‘g‘ri yondashish kerak. Qiyinchiliklar bo‘ldi, albatta. Lekin natijalar har qanday charchoqni unutadi. Masalan maktabda bolalar bilan birga bo‘lish mening vaqtimga ta’sir qilgani yo‘q. Chunki bu ixtiryoiy va qolaversa, ertalabdan kechgacha yurganimiz yo‘q bu yerda.

Loyiha doirasida elektron viktorinalar, STEM yo‘nalishidagi mashg‘ulotlar, dizayn va shaxsiy tashabbuslarga asoslangan ijodiy mashg‘ulotlar bolalarda qiziqish uyg‘otmoqda. Bolalar nafaqat bilim olayapti, balki o‘z qobiliyatini kashf qilmoqda, do‘st orttirayapti, sahnaga chiqishga, fikr bildirishga, erkin mulohaza qilishga odatlana boshlayapti.»

Qishloq maktabi ham imkoniyatlar makoni

Qishloqdagi maktablar haqida umumiy tasavvurimiz bor, ya’ni sharoitsiz, sport zallarisiz to‘kilib tushay degan holatdagi. Ammo 4-umumiy o‘rta ta’lim maktabi barcha zamonaviy jihozlar bilan ta’minlangan. Eng muhimi, bu yerda sadoqatli ustozlar bor. Ular bolalarning qobiliyatiga ishonadi, vaqtni ayamaydi, shijoat bilan ishlaydi.

Maktabda o‘tkazilayotgan mashg‘ulotlar bolalarning nafaqat bilim olishi, balki inson sifatida shakllanishini ham ta’minlayapti. Ular hamjihatlik, tabiatga e’tibor, o‘zaro hurmat, do‘stona muhit kabi muhim qadriyatlarni amalda o‘rganmoqda.

 90 kun unutilmas bolalik taqdim qilish imkoniyati

Loyihaga jalb etilgan bolalarning ota-onasi bilan bo‘lishgan his-tuyg‘ulari loyiha qanchalik zarur ekanini isbotlaydi. Ana, Zarifjon sport mashg‘ulotlarida bugungi natijalaridan mamnun. Parizoda raqobatlashishdan oldin «raqibi»ni o‘rganayapti. Aziza esa birinchi marta o‘z qo‘li bilan pishirgan shirinligini onasi bilan baham ko‘rmoqchi...

«Dolzarb 90 kun» – bu shunchaki maktabda o‘tayotgan oddiy vaqt emas. Bu bolaning hayotidagi ehtimol eng mazmunli, eng ta’sirli 90 kun bo‘lishi mumkin. Ehtimol yillar o‘tib shu bolajonlar yoshligini eslaganda, mana shu kunlarni ham yorug‘ xotira bilan qo‘msar

– «eslaysanmi, maktabimizda dolzarb 90 kun bo‘lardi: mazza qilib pishiriq pishirishni o‘rganardik», «esingdami Kamolga yutqazib qo‘yib yig‘laganing», «sen-chi sen yaxshi ko‘rgan kitobingni kimga bermaningni eslolmay ancha paytgacha izlaganding», «ayniqsa mashg‘ulotlar tugagach ustozimiz bilan muzqaymoq yeganlarimiz-chi, eh o‘sha kunlar, qaniydi qaytib kelsa...»

Ehtimol, bugungi kun lahzalari, bugungi o‘tkazilgan foydali va mazmunli vaqt kelajak uchun qo‘yiladigan tamal toshidir...

                                                                                                                       Barno Sultonova

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring