Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Samarqandda ajab-ajab ishlar

Samarqandda ajab-ajab ishlar

«Vendo group» vakillari dronlar bilan fermerlarning ekanlariga dori sepib berishdi.

Foto: «Xabar.uz»

Samarqandda mashinada o‘tirib kino ko‘radigan kinoteatr haqida yozgan edik. Keyinroq g‘alati kutubxonalar qurilayotganini ham xabar qilgandik.

Bugun ana shu ishlarni qilib yurgan yigitlar yana bir g‘alati yangilikka qo‘l urishdi. Dronlar bilan fermerlarning ekanlariga dori sepib berishdi.

Foto: «Xabar.uz»

Bu yangi-yangi tashabbuslar bilan chiqib, g‘alati ishlarni qilayotgan yigitlar Samarqandda ilk kinostudiya ochib, shahrimiz haqidagi bir qancha lavhalar, film-konsertlar, hatto bitta badiiy film olishga ham ulgurishgan «Vendo group» kompaniyasining yigitlari.

Yangi g‘oyalar «ishlab chiqaruvchi» Xayrulla Mamasoliyev, yangilikni hayotga tatbiq etuvchi Oybek Ostonov va ularning do‘stlari.

«Vendo group»ning yangi loyihasi bevosita O‘zbekiston prezidenti e’tibor qilayotgan fermerlik, bog‘dorchilik, tomorqachilik ishiga ko‘maklashuvchi «AgroDron.uz» loyihasi bo‘ldi. Sodda qilib tushuntirsak, «Vendo group» fermerlar va tomorqachilarga ularning g‘allasi, polizi va boshqa ekinlarini dorilashda yordam berishni boshladi. Eng muhimi, bu ishlar ekinlarni bosib-yanchishi mumkin bo‘lgan traktorlarda emas, doridan zaharlanish mumkin bo‘lgan qo‘lda emas, dronlar yordamida amalga oshirilmoqda.

Foto: «Xabar.uz»

− Har bir dron bir uchishda 10 litr dorini ko‘tara oladi va 1 gektar yerni 12-15 minutda dorilab bera oladi. Dorini ko‘p, kam, sekin yo tez sepish uchun hamma sozlamalari mavjud. Har xil kattalikdagi purkagichlari bor va dastur orqali moslamalarni kerakli holatga o‘tkazish oson, dron 10 litr dori tugaganda boshqaruvchi oldiga qaytib keladi va yana dori solingach, to‘xtagan joyiga qaytib, ishini davom ettirib ketaveradi, − dedi Xayrulla Mamasoliyev. – Mana, bugun loyihamiz taqdimoti sifatida Jomboy tumanidagi Xonqul Samarovning bog‘dorchilik xo‘jaligida uning bedalariga «aminopelik» degan dorini dronlar yordamida sepib berdik.

− Bu g‘oya qanday tug‘ildi? – so‘radim Xayrulladan.

− Ikki yil oldin Isroil qishloq xo‘jaligi vazirligi Rossiya qishloq xo‘jaligi vazirligiga kimyoviy dorilar sepadigan vertolyot sovg‘a qilganini ko‘rganimda mana shunaqa agrodronlar yasashni niyat qilgan edim, − dedi Xayrulla. – Ammo vertolyot qimmat. Bizning agrodronlar narxi 8-10 ming dollar atrofida bo‘ladi. Sotib olishsa, ishlatishni o‘rgatamiz, taklif qilishsa, o‘zimiz istagan dorilarini sepib beramiz.

− Xizmat haqi qancha bo‘ladi?

− Xizmat haqi fermerlarga ma’qul usulda, naqd pulda ham olaveramiz, pul ko‘chirib berishsa ham mayli, kuzda, hosilni yig‘ishtirib olgandan keyin mahsulot shaklida beramiz deyishsa ham rozimiz. Fermerlar beradigan kartoshka, sabzi, piyoz kabi mahsulotlarni xayriya tadbirlarimizda bolalar uylariga beramiz.

− Prezidentimizning agrodronlardan foydalanishni rivojlantirish kerak degan gapini eshitgandim, shunga qiziqdim. Mana, agrodronda dalamga dori septirdim, − deydi fermer Xonqul Samarov. – Eng qizig‘i, do‘stlarimga dronda dori septirdim desam, ustimdan kulishdi. «Amerikaga borib keldingmi, unaqa dron Amerikada bor-ku?», — deyishdi. Ertaga tomorqamdagi ekanlarimga ham dron bilan dori septiraman, do‘stlarimni ham chaqirib qo‘ydim, bir ko‘rishsin!

− Ha, do‘stlaringizga ayting, — dedi Xayrulla. – Agrodron bilan karam, kartoshka qurtidan tortib daraxt shirinchasigacha dori sepsa bo‘ladi.

− Keyingi rejalar qanaqa? – so‘radim Xayrulladan.

− Agrodronlar bo‘yicha servis xizmatini yo‘lga qo‘ymoqchimiz. Qishloqlarda ham ustaxonalar ochib, bekor yurgan yoshlarga xuddi shunday dronlar yasashni, ishlatishni, kerak bo‘lganda ta’mirlashni o‘rgatamiz. Har bitta mahallada ustaxona ochish niyatim bor.

− Aytgancha, dronlaringiz nima bilan uchadi, benzin bilanmi, kerosin bilanmi?

− Elektr tokidan quvvat oladigan batareyalarda uchadi. Bir quvvatlantirilgan batareykalari bir kun ishlatishga yetadi. 10 gektar yerni ikki-uch soatda dorilab bera oladi.

Yurtimiz fermerlariga murojaat qilamiz: texnika taraqqiyotiga oshno bo‘ling, agrodronlardan foydalaning!

Karimberdi To‘ramurod,
«Xabar.uz»ning maxsus muxbiri

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring