Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ustoz, bu fan menga nega kerak?

Ustoz, bu fan menga nega kerak?

Foto: «energo-pasport.com»

Toshkent davlat texnika universiteti energetika fakultetida o‘rindosh sifatida kuzgi semestrda «Energoaudit va energomonitoring asoslari» fanidan talabalarga dars berdim. Semestr so‘ngida talabalar bilan alohida suhbatlashib feedback olishga harakat qildim. Maqsadim yana shu fandan dars bersam nimalarni o‘zgartirishim kerakligini aniqlash, talabalardan «pichoqqa ilinadigani»ni ko‘z ostimga olish va keyinchalik hamkorlik qilish, ularning rejalari bilan qiziqish, tavsiyalarimni berish va imkonim darajasida yo‘l-yo‘riq ko‘rsatish edi.

Suhbat davomida ular menga savol berishlari yoki tanqid qilishlari kerak edi. Kutilmaganda bir qancha talabalar «Ustoz, bu fan menga nega kerak bo‘ladi?» deb savol berishdi. Savolning ostida kelajagiga ishonchsizlik va aniq rejaning yo‘qligi kabi yoqimsiz ohanglar bor edi.

Menimcha oliy ta’limning kutilgan natijani bermayotganiga mana shunday noaniqlik sabab bo‘lsa kerak. Talaba fanni nega o‘rganishi kerakligini to‘liq bilmaydi. Qisqa vaqtda ularga fanning maqsadini tushuntirishim va ishonchsizligiga barham berishimga to‘g‘ri keldi. Shunda men ularning 4-5 yildan keyingi holatini ko‘z oldiga keltirishilariga harakat qilib ko‘rdim. Bunda ko‘p tashkilotlarda energoaudit jarayonida kuzatganim vaziyatlardan foydalandim. Shunday suhbatlarning bir qanchasini keltirib o‘taman.

Rahbarga aylangan talaba
— …
— Ustoz, issiqlik energetikasi talabasiman, energoaudit menga nega kerak?
— Keling, tasavvur qilib ko‘ramiz. Siz o‘qishni bitirib, bir korxonada ish boshlaysiz. Yaxshi o‘qigansiz va bilimingiz yetarli, demak siz tezda nazarga tushasiz, o‘zingizni ko‘rsatasiz. Yoshlarga katta ishonch bildirilayotgan vaqtda bir kuni (prezident yoki viloyat hokimi olib borayotgan) majlisda sizni bankrot bo‘lgan korxonaga rahbar qilib saylashadi. Siz korxonaning bankrotligi sabablarini, xarajatlarini o‘rganasiz va ularni kamaytirishga harakat qilasiz. Xodimlar sonini qisqartirolmaysiz, oyligini tushirolmaysiz, xomashyo xarajatlarini kamaytirolmaysiz. Demak, oldingizda ishlab chiqarishda ishlatiladigan elektr energiyasi va tabiiy gaz xarajatlarini kamaytirishdan boshqa yo‘l ko‘rmaysiz. Ishni nimadan boshlaysiz?
— …
— Agar energoaudit asoslarini bilganingizda energiya iste’molining asl holatini aniqlash uchun ichki yoki tashqi energoaudit o‘tkazishdan boshlar edingiz. Tejamkor texnologiyalarni joriy qilish va energiya samaradorligi rejimlarini aniqlashdan boshlar edingiz.
— Ha, yana energiya samaradorligi ko‘rsatkichlarini tahlil qilgan holda energomonitoring ishlarini tashkil qilaman…
— Ha, siz men issiqlik energetikasi talabasiman, elektr energetikasini yaxshi bilmayman, texnolog emasman deb o‘tirolmaysiz. Axir siz endi korxonada ishlayotgan ishchilarning oilasi uchun ham mas’ulsiz…
— …

To‘yxonada ishlaydigan talaba
— …
— Siz o‘qishdan tashqari vaqtda to‘yxonada ishlar edingiz-a?
— Ha, shunday.
— Agar siz energoauditor kabi energiya iste’moli uchun sinchkov bo‘lganingizda to‘yxona sarflarini kamaytirish uchun rahbarga takliflar bergan bo‘lar edingiz. Masalan, idishlarni yuvishga ishlatiladigan issiq suvni o‘choq yonidan quvur olib o‘tish bilan hal qilib gazni tejab qolar edingiz. Keyingi oyda suv tejovchi jo‘mraklarni tavsiya qilib suv iste’molini yarimigacha tejar edingiz. To‘yxona foydasini oshirsangiz rahbar nima qiladi deb o‘ylaysiz?
— Mukofot puli beradi yoki darajamni oshirishi mumkin.
— Ha, bu mening ishim emas deb o‘ylasangiz, oddiy ishchi bo‘lib yuraverar edingiz…
— …

Bo‘lim boshlig‘iga aylangan talaba
— …
— Tasavvur qiling, siz korxonada qozonxona boshlig‘isiz. Siz tabiiy gazdan foydalanib issiqlik energiyasi ishlab chiqarasiz, ammo bu korxona iste’moli uchun yetmaydi. Eng oson varianti quvvati kattaroq boshqa yangi bug‘ qozonini o‘rnatish. Aslida esa ishlab chiqarish bo‘limlarida shu bug‘ni tejashning oddiy usullarini yo‘lga qo‘yish va shu bilan samaradorlikka erishish mumkin. Siz esa bu mening vazifam emas deb samaraliroq taklif bermaysiz. Nima bo‘ladi?
— Shu taklifni bergan boshqa odam mening o‘rnimni egallaydi…
— Ha…

Energiyani tejovchi ayol
Dars vaqtida men energetika sohasida ishlamayman, uydagilar ruxsat berishmaydi degan yosh farzandi bor talaba qizlardan biri bilan bo‘lib o‘tgan suhbatdan parcha.
— …
— Uyda energiyadan eng ko‘p foydalanadiganlar ayollar ekanligini bilmaysizmi? Bu ko‘proq sizga kerak-ku. «O‘zbekona oilaviy energoservis shartnomasi» nomli blogpostimni o‘qiganmisiz? (talabalarim blogpostlarimni o‘qib, tahlil qilishini eshitgan edim)
— Ha, o‘qiganman.
— Mana shunday tejamkor ayol bo‘lsangiz va oila xarajatlarini kamaytirsangiz, bu ham foyda keltirish bo‘ladi. Agar shartnoma tuzib olsangiz, sovg‘ali ham bo‘lib olasiz.
— …

Talaba va buxgalter
— …
— Tasavvur qiling, siz ishlayotgan korxonada yaqinda energoaudit o‘tkazilgan. Energoaudit so‘ngida ishlab chiqilgan samarador chora-tadbirlarni joriy qilishda rahbar shu fanni o‘qigan yosh kadr sifatida sizni ham majlisga taklif qildi. Ammo u majlisda buxgalter ko‘p xarajatli bu tejamkor texnologiyani sotib olish korxonaga zarar bo‘lishini uqtirayapti. Siz nima qilasiz? Jim o‘tirasizmi? Agar energiya tejovchi texnologiya korxona mahsulotining raqobatbardosh bo‘lishida muhimligini asoslab bersangiz va buxgalterga Jahon bankining energiya tejovchi texnologiyalar uchun imtiyozli kredit liniyasi bo‘yicha ma’lumot bersangiz nima bo‘ladi? Balki shu majlis faoliyatingizda burilish nuqtasi bo‘lar…
— …
Umuman olganda bunday suhbatlar menga oliy ta’lim tizimida talabalar bilan psixologik testlar va har xil tahliliy-amaliy vaziyatlar (case study) bilan ishlash ko‘nikmasini shakllantirish kerak ekanligini ko‘rsatdi.

Tahliliy-amaliy vaziyatni yechishda talab etiladigan jihatlar

Talaba o‘qishdan keyin tushishi mumkin bo‘lgan holatni his qilib ko‘rishi uchun ham shunday vaziyatlarni ishlab chiqishimiz kerak. Shu vaziyatga tushgan talaba o‘z darajasini his qila oladi. O‘zim talabaligimda ko‘p tajriba va amaliy mashg‘ulotlarni bajarganman, ammo dispetcherlik kursisida bajargan tajribamni hozirgacha eslayman. Boshqalarida negadir yoqimli hissiyot va adrenalinni his qilmaganman. Balki bunda o‘qituvchimning shifoxona joylashgan tarmoqni noto‘g‘ri o‘chirib qo‘ygan vaziyatimda «operatsiyadagi odam nima bo‘ldi? Ana endi ertaga prokuraturaga chaqirilasan!» degan tahdidli e’tirozi ta’sir qilgandir. Shu holatda o‘zimning energetik ekanligim va mas’uliyatimni his qilgan bo‘lsam kerak.

Agar o‘qituvchi ham talabalarga bilim berishda imkon darajasida individual yondashsa va ularni «qozonda qaynatolsa» ular ta’lim standartida belgilangan har bir fanning maqsadini tushungan, shunga ko‘ra mas’uliyat bilan o‘qigan bo‘lar edi. Qars ikki qo‘ldan chiqadi. Ayb o‘qituvchilarda ham bor. Mana shu men olgan eng katta dars va feedback bo‘lgan.

Baxtiyor G‘oziyev

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring