Dunyoni tabassumi bilan lol qoldirgan hayvon

Yer sayyorasi hayratomuz va xilma-xil tabiatga ega. Hayvonot olamining o‘zi mo‘jizalarga to‘lib toshgan. Har bir hayvonning xususiyati va «xarakteri» bor. Masalan sher kuchlilik ramzi. Uning har bir qadam tashlashida qudrat va salobat bordek. Tulki ayyor va chiroyli dumi bilan mashhur. U duch kelgan muammoni nayrang bilan yengadi. Jirafa uzun bo‘yni bilan ajralib turadi.
Buqalamun rangi bilan hayotga moslashuvchanlikni namoyon etadi...
Ammo yana bir hayvon borki, u na qudrati, na ayyorligi, na uzun bo‘yi bilan emas, balki... jilmayishi bilan dunyo e’tiborini tortgan.
(Suratlar ochiq internet manbalaridan olindi)
Kvokka yoki kalta dumli vallabi (Setonix brachyurus) kenguru oilasiga mansub. Ammo kenguradan farqli o‘laroq tanasining o‘lchamiga nisbatan qisqa dumi bor, u tayanch bo‘lib xizmat qila olmaydi. Kvokkaning kattaligi katta uy mushuki yoki o‘rta bo‘yli itga teng. Tana uzunligi taxminan yarim metr, dumi taxminan 30 sm. Og‘irligi 2,5 dan 5 kg gacha. Kvokka o‘txo‘r hayvon, u asosan tungi hayot tarzida faol.
U nega «jilmayadi»?
Kvokka yirtqichlarga qarshi himoyasizdir, shuning uchun u Bold, Pingvin kichik orollarida va Albani mintaqasidagi (G‘arbiy Avstraliya) tulkilar yoki mushuklar bo‘lmagan hududlarda saqlanib qolgan. Eng ko‘p qismi Rottnest orolida joylashgan. Kvokka butalar ko‘p o‘sgan quruq o‘tloqli joylarni afzal ko‘radi, ammo qurg‘oqchilikda u ko‘pincha botqoq joylarga ko‘chib o‘tadi.
Dunyodagi «eng baxtli hayvon» deb tan olingan, har doim tabassum qilib turganga o‘xshaydigan bu jonivor shunchalik yoqimtoyki, uni ko‘rgan kishining beixtiyor yuzida kulgu paydo bo‘ladi. Xarakterli xususiyati uning doimo «jilmayib» turishi, ya’ni, jag‘ mushaklari bo‘shashganda va u chaynashni to‘xtatganda paydo bo‘ladigan «tabassum».
Biz faqat kenguru o‘z bolasini xaltasida olib yuradi deb o‘ylaymiz. Ammo kvokka ham kengurular singari o‘z bolasini maxsus «qopcha»da olib yuradi. Yangi tug‘ilgan bolasi juda kichkina bo‘ladi va tug‘ilganidanoq qopiga kirib, u yerda bir necha oy davomida xavfsizlikda rivojlanadi.
Nega kvokka odamlardan qo‘rqmaydi?
Ko‘plab yovvoyi hayvonlar insonlarning yaqinlashishidan qo‘rqadi. Chunki tarixda odamzod hayvonlarga nisbatan mehribonlikdan ko‘ra, zo‘ravonlikni ko‘proq namoyon etgan. Ammo kvokka bunday emas. U insonlarni ko‘rib, qochmaydi. Aksincha, qiziqish bilan yaqinlashadi. Qo‘rqmasdan yuziga qaraydi, hatto ba’zida o‘zi yaqin kelib odamlar orasida o‘ynab yuradi.
Bunga bir necha sabab bor: Kvokkaning yashash joyi – Rottnest oroli (Avstraliya)da odamlar tomonidan unga ziyon yetkazish taqiqlangan. Har qanday zo‘ravonlik qonunan jazolanadi. Bu esa kvokkaning odamlar bilan tinch munosabatda yashashiga sharoit yaratgan. Aholi zich emas va xotirjam muhit yaratilgan. Kvokkalar odamlar bilan ko‘p yuzma-yuz keladi, ya’ni ularning insonlar bilan uchrashuvi asosan ijobiy bo‘lgan. Shuning uchun ular insonni xavf deb qabul qilmaydi. Qolaversa, kvokkalar tabiatan qiziquvchan, Ular yangi narsalarga qiziqadi.
«Selfi hayvoni»
Internetda kvokka bilan tushilgan hazilomuz va zavqli selfilar to‘lib-toshib ketgan. Ayrimlar uni hatto «selfi hayvoni» deb atashadi. U suratga har doim bir xil tabassumli, baxtli qiyofada tushadi. Sayyohlar uni ko‘rish uchun vaqt va mablag‘ini ayamaydilar. Odamlar kvokkalarni tomosha qilishlari va hatto ular bilan suratga tushishlari mumkin bo‘lgan bir nechta qo‘riqxonalar yaratilgan. Bu yoqimtoy jonivorning odamlar bilan suratga tushishiga yana bir sabab yuqorida aytganimizdek ularning qiziquvchanligi va yangi tanishlardan hayiqmasligi. Internetda kvokka haqida qiziqib ko‘rsangiz, odamlar tomonidan ushbu jonivorni boqib olish mumkinmi, degan savol juda ko‘p marta berilgan. Bu bejiz emas, axir kim ham o‘zining shunday kayfiyat ko‘tarib turadigan «hamisha bahor», tabassumli hayvoni bo‘lishini istamaydi, deysiz.
To‘g‘ri ba’zilar bu yoqimli hayvonlarni uyda saqlashadi. Ammo bunga faqat Avstraliya fuqarolari uchungina ruxsat berilgan, kvokkalarni chet elga eksport qilish taqiqlanadi.
Ekologik tahdidlar va muhofaza
Afsuski, tabassum ortidagi hayot unchalik ham baxtli emas. Kvokkalarning soni cheklangan va ular «muhofazaga muhtoj tur» sifatida ro‘yxatga olingan. Ularga yirtqichlar, it-mushuklar, insonlardan tarqalgan kasalliklar va iqlim o‘zgarishi tahdid soladi. Qishloq xo‘jaligi yerlarining kengayishi tabiiy yashash joylarining kamayishiga va natijada bu tur sonining ozayishiga olib keldi.
Shu bois maxsus qo‘riqxonalar, himoya loyihalari ishlab chiqilgan. Odamlar ular bilan suratga tushishlari mumkin, ammo ovqatlantirish, teginish, quchoqlash man qilingan.
Qarang, ular hatto uxlayotganda ham tabassum ulashadi...
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter