Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Eronda saylovlar o‘tmoqda

Eronda saylovlar o‘tmoqda

Foto: BBC

Eronda bugun prezidenlik saylovlari bo‘lib o‘tmoqda. Muqaddam ro‘yxatdan o‘tgan olti yuzga yaqin nomzodlikka talabgorlar orasidan Konstitutsiya qo‘riqchilari kengashi yettita eng munosibni tanlab olingan edi.

Ikki kun muqaddam Qum shahridan Alirizo Zakaniy, sobiq vitse-prezident Muhsin Mehralizoda va Milliy xavfsizlik kengashi sobiq kotibi Said Jaloliy o‘z nomzodlarini chaqirib olishdi.

Siyosiy kurash Oliy sud raisi I.Raisiy, Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi sobiq qo‘mondoni M.Rizoiy, Parlament tadqiqotlar markazi raisi va parlament raisi o‘rinbosari E.Hoshimiy, Markaziy bank sobiq rahbari A.Himmatiylar o‘rtasida kechmoqda.

Avvalroq ayrim sabablar bilan sobiq prezident M.Ahmadinajod va taniqli siyosatchi A.Larjoniylar nomzodlarini ishtirok etishi uchun arizasini qabul qilish rad etilgan edi.

Ekspertlar bugungi saylovlarda nomzodlar orasida Ibrohim Raisiyning imkoniyatlari nihoyatda katta, deb baholashmoqda. Chunki uning korrupsiyaga qarshi boshlagan keskin kurashi, xotin-qizlar manfaatlarini ilgari suruvchi qonun loyihalarni ishlab chiqqani aholi orasida katta e’tibor qozonmoqda. Qolaversa, u mamlakat oliy rahbari – Oyatulloning ishongan odamidir. Ular shialar uchun muqaddas hisoblangan Mashhad shahrida tug‘ilgan.

Raisiy janoblari 1988 yilda «o‘lim qo‘mitasi» deb nomlangan va o‘n minglab muxolif fikrli kishilarni qatl etish uchun qaror chiqargan to‘rt nafar taniqli sudyaning biri hisoblanadi.

U 2017 yildagi saylovlarda ham amaldagi prezident Hasan Ruhoniyga qarshi ham ishtirok etgan, biroq mag‘lubiyatga uchragan. O‘shanda Raisiy 38,3 foiz to‘plagan bo‘lsa, Ruhoniy 57 foiz ovoz yig‘ib, uloqni ilib ketgan edi. Ikki yil muqaddam AQSh hukumati Raisiyni sanksiyalar ro‘yxatiga qo‘shgan.

Raisiy agar prezident etib saylansa, asosiy raqibi bo‘lgan AQSh tahdidlariga qarshi munosib javob qaytarishga, biroq to‘xtab qolgan yadro kelishuvini qayta tiklashga va’da bergan.

Bo‘lajak prezidentga oson emas...

Hozirda mamlakat iqtisodiyoti AQSh va uning ittifoqchilari tomonidan qo‘llanib kelayotgan sanksiyalar tufayli qattiq aziyat chekmoqda. Donald Tramp kiritgan sanksiyalar, xalqaro maydonda yakkalab qo‘yish va bosim o‘tkazish siyosati mamlakatda inflyasiya darajasini keskin oshirib yubordi, rial kursi tushib ketdi.

O‘tgan moliya yilida neft sektori 12 foizga qisqardi, shu yil oxiriga qadar yalpi ichki mahsuloti 6 foizga kamayishi, davlat qarzi 50 foizga oshishi kutilmoqda.

Boz ustida, koronavirus ham Eron uchun juda ayanchli keldi. Cheklovlar tufayli chetdan dori-darmonlar keltirish imkoniyatlari kamayib ketdi. Natijada besh million bemorning 82 ming nafari hayotdan ko‘z yumdi.

Hozirgacha 4,5 million kishi emlanib, shu yil oxiriga qadar 14 million kishi dastlabki vaksinalarni olishi kutilayotganiga qaramay, kasallikni uzil-kesil to‘xtatishning imkoni bo‘lmayapti.

Prezident kim bo‘lishidan qat’i nazar xalqaro sanksiyalarni bosqichma-bosqich yechish, asosiy eksport tushumlarini beradigan va juda katta resurslarga ega neft va gazni chetga ko‘proq sotish muhimdir.

Yangi prezident tashqi siyosatda ham Eronning Yaman, Suriya, Iroq va Falastindagi ortib borayotgan ta’sirini kuchaytirishga intilishi aniq.

Erondagi o‘ziga xoslik shundaki, Prezident amalda mutlaq rahbar emas, balki vakolati cheklangan ijrochidir. Mamlakat oliy rahbari hisoblangan Oyatulloh Homeyniy davlatning ichki va tashqi siyosatini belgilab beruvchi asosiy arbob hisoblanadi.

Kim hokimiyatga kelsa ham uning chizib bergan yo‘lidan chiqmasligi talab etiladi. Shu bilan birga, agar Raisiy g‘alaba qozonsa, 82 yoshga kirgan Oliy diniy rahbar o‘rnini egallash istiqbollari kattaligi aytilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, amaldagi Prezident Hasan Ruhoniy shu yilning avgustiga qadar mamlakatni idora qiladi. U ikkinchi marotaba qayta saylangani bois, qonunga muvofiq uchinchi marta saylovlarda ishtirok eta olmaydi.

Charos Qosimova

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring